Bo‘ylama profil chizish.
Yer yuzasidagi bir yo‘nalish vertikal kesimining
kichraytirilgan tasviri profil
deyiladi. Profillar nuqtalarning nivelirlash jurnalidagi
hisoblangan otmetkalari bo‘yicha chiziladi. Temir yo‘l, tosh yo‘l va kanal kabi
chizig‘iy inshootlarning bo‘ylama profillari bir-biridan kam farq qiladi. Temir yo‘l
profilini chizish yo‘li bilan tanishaylik.
Har qanday profil ikki xil—biri gorizontal, ikkinchisi vertikal masshtabda
chiziladi; gorizontal masshtabda gorizontal masofalar, vertikal masshtabda esa
vertikal masofalar chiziladi.
Bo‘ylama profil chizish uchun, yo‘lning uzunligi va profil masshtabiga
qarab, ma’lum o‘lchamda millimetrli qog‘oz olinadi. Temir yo‘l profilini chizishda
gorizontal masofa masshtabi 1:10000 (1 sm da 100 m), vertikal masofa masshtabi
esa gorizontal masshtabdan o‘n marta yirik, ya’ni 1:1000 (1 sm da 10 m) qilib
olinadi. Qog‘oz tagidan 10 sm qoldirib, gorizontal chiziq chiziladi, bu chiziq tagiga
piketlar nomeri yozilganidan u
piket chizig‘i
deyiladi. Qog‘ozning chap tomonidan
5 sm qoldirib, vertikal chiziq chiziladi. Gorizontal, vertikal chiziqlar bosh
chiziqlardir, bular asosida
profil to‘ri
chiziladi (14.3-shakl). To‘r yasash uchun
bosh gorizontal chiziqdan 10 mm yuqorida chiziq chiziladi, bu ikki chiziq orasi
masofalar grafasi
deyiladi va nomi chap tomonga yoziladi. Bosh chiziqlar
kesishgan nuqta PK0 deb qabul kilinib, gorizontal chiziqqa piketlar nomeri
yoziladi. Masofalar oralig‘iga esa piket nuqtalardan tik chiqariladi; piketlar
orasidagi plyus nuqtalar o‘rni belgilanib, ularning oldingi piketdan bo‘lgan
masofalari shu oraliqda gorizontal holda yoziladi.
Ikkinchi gorizontal chiziqdan 15 mm qoldirib uchinchi chiziq chiziladi. Bu
chiziqlar orasiga er otmetkalari yoki
qora otmetkalar
degan so‘zlar yoziladi; piket
va plyus nuqtalarning hisoblangan otmetkalari jurnaldan santimetrgacha yaxlitlab
olinib, o‘z nuqtalarining tepasiga vertikal holda yoziladi. YAna 10 mm qoldirib
chiziq chiziladi va oraliqqa
loyihaviy nishab
so‘zlari yoziladi.
14.3-shakl.
Keyin 15 mm yuqoridan chiziq chizib, orasiga
loyihaviy otmetkalar
yoki
qizil otmetkalar
degan so‘zlar yoziladi. 5 mm yuqoridan chiziq chizib, orasiga
ordinatalar
so‘zi yoziladi; bunga piket va plyus nuqtalar o‘rni belgilangan
chiziqning davomi chiziladi. Keyin 20 mm yuqorida ettinchi gorizontal chiziq
chizilib, orasiga
trassa plani
deb yoziladi; bu grafaga o‘q chiziq ikki yonidagi joy
situatsiyasi chiziladi. Keyin besh millimetr yuqorida oxirgi chiziq chiziladi va
xonasiga
grunt (tuproq)
deb yoziladi va bu oraliqda tuproq turi ko‘rsatiladi. Keyin
shu oxirgi chiziqdan 7—10 sm yuqorida joy profili chizilishi kerak. Profil chizish
uchun oxirgi chiziq otmetkasi sifatida shartli bir son qabul qilinadi; misolda 370,00
m qabul qilingan. So‘ngra «yer otmetkalari» grafasidagi piket va plyus nuqtalar
o‘rni oxirgi chiziqqa nisbatan o‘z otmetkalariga binoan 1:1000 masshtabda
topiladi. Keyin topilgan nuqtalar ketma-ket tutashtirilsa, nivelirlangan o‘q chiziq
profili yasaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |