Geokodlash atamasi GATda koʻcha manzillarini kenglik va uzoqlik yoki boshqa oʻxshash koordinata sistemasiga oʻzgartirish jarayonida qoʻllaniladi. Geokodlashning yana bir nomi bu georeferenslashdir. Geokodlashning muhim talablaridan biri obyekt va jadval orqali bogʻlangan ma’lumotlar yagona boʻlishi hamda shu orqali kartada berilgan ma’lumotlar boshqa yerda takrorlanmasdan chalkashlikka olib kelmasligi zarur. Masalan, kartadagi obyektga berilgan “Qori- Niyoziy39,Toshkent700000,Oʻzbekiston”manzili dunyoning boshqa hech qaysi joyida takrorlanmasligi zarur. Bundan tashqari, iloji boricha geokodlanayotgan obyekt har doim oʻzgarmas va barqaror boʻlishi kerak. Aks holda tez-tez oʻzgarib turadigan obyektlar kelajakda har xil chalkashlik va tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin.
Geokodlash bu atribut ma’lumotlar asosida kartadagi obyektlarni avtomatlashgan holda yaratish jarayonidir. U qoʻllanilish maqsadiga qarab koordinatali geokodlash, obyektlar boʻyicha geokodlash va manzillar boʻyicha geokodlash kabi turlarga boʻlinadi.
GAT yordamida turli xil amaliy masalalarni hal qilishda jadval koʻrinishida berilgan axborot asosida kartada obyektlarni joylashtirish vazifasi qoʻyiladi. Bunday jadvallarning ba’zilarida nuqtalarning koordinatalari kabi ma’lumotlar saqlanishi mumkin va ularni kartada tasvirlash masalasi qoʻyiladi. Mana shunday raqamli karta ostidagi jadvallardagi ma’lumotlarni kartada tasvirlash jarayoni geokodlashga yaqqol misol boʻla oladi.
Geokodlash bu jadvallardagi atribut ma’lumotlar asosida obyektning manzili, koordinatasi va boshqa geografik ma’lumotlarni simvollar orqali raqamli kartada tasvirlash jarayonidir.
Geokodlash GATda qoʻllanilib, u simvol, joy toʻgʻrisidagi surat, manzil koʻrinishida ham boʻlishi mumkin. Geokodlashning asosiy maqsadi kartada jadvaldagi ma’lumotlarni koʻrinarli qilib tasvirlash va shu simvollar orqali kerakli ma’lumotni olishdan iboratdir. Har bir GATdagi dasturlar geokodlash operatsiyasiga ega va axborot tugmasi orqali simvolga bogʻlangan jadvaldagi atribut ma’lumotlarni olish mumkin. Masalan, geoaxborot tizimidagi geokodlash jarayonida ma’lumotlar bazasining eng kamida ikkita tarkibiy qismi ishtirok etadi. Ular:
Geokodlash uchun kerakli boʻlgan ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan jadval (geokodlanadigan jadval).
Kartalarning alohida bir qatlamida joylashtiriladigan obyektlarning nuqtali turi.