Koordinatali geokodlash usuli tanlanganida geokodlanayotgan jadvalning ikki maydonida X va Y ning qiymatlari mos ravishda belgilanishi zarur. Har bir
jadval uchun geokodlashni bajarayotganda koordinatani koʻrsatgan holda nuqtali obyekt yaratiladi.
Koordinatali geokodlashni amalga oshirayotganda yaratilayotgan obyektlarning koordinatalarini transformatsiyalash ham mumkin. Agar jadvaldagi koordinata sistemasi kartadagi koordinata sistemasidan farq qilsa, bu jarayonning ahamiyati yanada ortadi. Koordinatali geokodlash geokodlash usullari ichida eng oddiysi hisoblanadi va yaratilayotgan obyektlarning joylashuvini kartada aniq koʻrsatib beradi.
Obyektlar boʻyicha geokodlash yaratilayotgan obyektlarni mavjud boshqa obyektlarga bogʻlash usuliga asoslangan. Bunday usul geokodlanayotgan jadvalda foydalanuvchiga qiziq boʻlgan obyektlarni (doʻkon, xizmat koʻrsatish shoxobchalari) aniq belgilab qoʻyish kerak boʻlganda qoʻllaniladi. Bunday geokodlashda shaharning batafsil plani yetarli boʻladi va bu planda barcha bino va inshootlar manzillari bilan birga koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Shundagina izlanayotgan obyektni topish aniqligi yuqori boʻladi.
Obyektlar boʻyicha geokodlash aniqligi koordinatali geokodlashga qaraganda kamroq, lekin yaratilayotgan obyektning aniq koordinatasini koʻrsatishni talab qilmaydi.
Manzilli geokodlash usuli yaratilayotgan obyektning joylashuvini berilgan chiziqli obyektga nisbatan taxminiy hisoblashga asoslangan. Misollar bilan tushuntiradigan boʻlsak, har bir shahar plani albatta tumanlarga boʻlingan. Masalan, Toshkent shahri misolida qarasak, u dahalarga va har bir dahaning ichida bino-inshootlarga boʻlingan. Mana shu bino va inshootlarga raqam berilgan. Geokodlash jarayonida oson boʻlishi uchun albatta raqamlarni belgilashda ketma-ketlikka ahamiyat beriladi va bu bizga mantiqiy jihatdan qaysi bino daha (kvartal)ning qaysi tarafida joylashganligini aniqlash imkonini beradi. Oʻz-oʻzidan ma’lum boʻladiki, 1 dan 50 gacha raqamga ega boʻlgan dahada 10- raqamli bino dahaning boshrogʻida joylashgan boʻlsa, 48-bino oxirrogʻida joylashadi. Bu usulda joylashtirilgan yoki yaratilayotgan obyektlar koordinatalarining aniqligi obyektlarning oʻlchamiga bogʻliq boʻladi. Masalan,
yuqoridagi 10-raqamli binoning kartadagi oʻlchami dahaning uchdan bir qismini egallasa, 48-raqamli binoning oʻlchami kichik boʻlgani uchun aniq emas.
Geokodlash usullarining barchasi bir maqsadni, ya’ni jadvaldagi ma’lumotlarni raqamli kartada tartibli holda joylashtirib, ketma-ketlik, yagonalikni saqlagan holda insonga tushunish va albatta izlab topishga oson boʻlishi uchun ularni toʻgʻri joylashtirishni koʻzlab amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |