“Yeravtobank” – bu yerdan foydalanish obyektlarida yo‘qlama qilish ishlarini yuritish hamda ularni yer resurslari va davlat kadastri xizmatlariga berishda natijalarini ro‘yxatga olish, saqlash, o‘zgarishlarni kiritish hamda tahlil qilishga mo‘ljallangan va Microsoft Access – 2004 ma’lumotlari katalog bazasi sifatida yaratilgan dasturiy mahsulotdir.
Obyektlar to‘g‘risida foydalanuvchi uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarning butun bir jamlanmasi asosan bir necha jadvaldan iborat bo‘lib, ular o‘rganilayotgan hududdagi obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankini yaratish imkonini beradi. Bu tizim zaruriy jadvallar, shakllar, hisobot blankalari, klassifikatorlar bilan to‘ldirilib, ko‘pgina makroslarni o‘z ichiga oladi.
Microsoft Access – 2010 dasturi ma’lumotlar bazasining bitta fayli bilan barcha ma’lumotlarni boshqarish imkonini beradi. Ushbu fayl tasarrufida ma’lumotlarni jadvallar deb yuritiladigan bir necha konteynerlarga bo‘lish: elektron shakllar yordamida faqatgina zaruriy ma’lumotlarni tashish va ajratib olish, shuningdek, hisobotlar yordamida berilgan shaklda ma’lumotlarni tahlil qilish yoki chop etish mumkin.
Jadvallar. Ma’lumotlarning katalog bazasida barcha ma’lumotlar bir necha jadvalda saqlanadi. Bu jadvallarning har biri bir turdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi (yer uchastkasi va yerdan foydalanish obyektlari to‘g‘risida, foydalanuvchilar hamda ularning huquqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hokazo).
Ma’lumotlar katalog bazasining jadvallari bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Bu hol birdaniga bir necha jadvalga ma’lumotlarni tushirish, shuningdek, bir vaqtning o‘zida bir necha jadvallar ma’lumotlaridan foydalanish imkonini beradi. O‘zaro bog‘liq jadvallar ma’lumotlar bazasini tashkil etishning samarali usuli bo‘lib, disk xotirasini tejamli sarflash hamda ma’lumotlarni yangilash va tanlashni tezlashtirish mumkin bo‘ladi.
Shakllar. Ma’lumotlar bazasiga axborotlarni kiritishni osonlashtirish, unda saqlanayotgan ma’lumotlarni keyinchalik ko‘rish va tahlil qilish uchun loyihada ekran shakllaridan foydalaniladi. Shakllardan ma’lumotlar bazasiga yozuvlar qo‘shish uchun ham foydalanish mumkin. Bundan tashqari, shakllarda O‘zbekiston Respublikasida amalda harakatda bo‘lgan va qabul qilingan me’yoriy hujjatlar, klassifikatorlar, yo‘riqnomalar va ko‘rsatmalardan foydalanilgan holda yaratilgan, ochiladigan ro‘yxatlar, shuningdek, ma’lumotlar kiritishni osonlashtiradigan boshqaruvning boshqa elementlari ham joylashgan. Zarurat bo‘lgan hollarda shaklga ko‘chmas mulk obyektlarining rasmga olingan tasviri yoki ularning vektorlashtirilgan nusxalarini ham joylashtirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |