Asosiy geografik ma’lumot olish turlari. Asosiy geografik ma’lumot olish barcha obyektlarni bevosita, ya’ni toʻgʻridan toʻgʻri oʻlchash orqali amalga oshiriladi. Raqamli ma’lumot oʻlchovi ham toʻgʻridan toʻgʻri, ya’ni raqamli asboblar orqali GAT bazasiga kiritilishi mumkin. Bu usul GAT bazasini yaratishda juda qoʻl kelsa-da, ba’zi holatlarda bu asboblar bilan GAT bazasini bir-biriga bogʻlash imkoniyati boʻlmay qoladi. Shunda rastr va vektor koʻrinishdagi GAT asosiy ma’lumotlarini olish usullarini qoʻllashimiz kerak boʻladi.
Rastr ma’lumot olish. Asosiy yoki birlamchi rastr formatdagi
ma’lumotlarni olish yoʻllaridan biri bu masofadan zondlash orqali olingan ma’lumotlardir. Kengroq qilib aytadigan boʻlsak, masofadan zondlash bu
obyektning fizik, kimyoviy va biologik xossalari toʻgʻrisidagi axborotlarni bevosita olish texnikasidir. Bunda axborot obyektda aks etayotgan, undan tarqalayotgan va yutilayotgan elektromagnit radiatsiya miqdorini oʻlchash orqali hosil qilinadi. Elektromagnit oʻlchovlarni koʻrinuvchi va koʻrinmas, ya’ni mikrotoʻlqinlarni payqay oladigan sensorlar amalga oshiradi. Sensorlar ikki turga boʻlinadi: passiv va aktiv.
Passiv sensorlar obyektdan tarqalayotgan elektromagnit toʻlqinlarni oʻlchash orqali ishlasa, aktiv sensorlarning oʻzi elektromagnit toʻlqinlarni yuboradi va shu asosda oʻlchash ishlarini olib boradi. Bu sensorlar sun’iy yoʻldoshga biriktirilgan boʻladi. Bundan tashqari, masofadan zondlashga samolyotlar yordamida suratga olishni ham kiritishimiz mumkin.
Qisqacha qilib aytadigan boʻlsak, masofadan zondlash bu obyektning fizik, kimyoviy va biologik xossalarini bevosita masofadan turib oʻlchashdir.
Oldingi boblarda tiniqlikning fazoviy, spektral va vaqtli turlarga boʻlinishini koʻrib oʻtgan edik.
Fazoviy tiniqlikda muhim koʻrsatkichlar bu obyektning yoʻl qoʻyiladigan aniqlikdagi tasvir oʻlchami va eng muhim oʻlchov koʻrsatkichi esa bu uning piksel oʻlchamidir. Sun’iy yoʻldoshdan olingan suratlar odatda 0,5 m dan 1 km gacha oʻlchamdagi piksellarga ega boʻlgan tasvirlar hisoblanadi.
Aerofotosyomka suratlarini oladigan kameralarning sifat tiniqligi (resolution) odatda 0,1m dan 5m oraliqda boʻladi. Tasvir oʻlchamlari sensorlar turiga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Odatdagi farq 900 ga 900 dan boshlab 3000 ga 3000 gacha pikselda boʻlishi mumkin. Sensorlarning umumiy masofadan zondlash kengligi odatda 9x9 km dan 200x200 km gacha boʻladi. Spektral tiniqligi oʻlchangan elektromagnit spektrning bir qismigagina aloqadordir. Turli obyektlar har xil turdagi radiatsiya miqdorini va turini tarqatganligi, yutganligi uchun elektromagnit spektrlarning qismiga qarab qaysi boʻlimni qoʻllash muhim ahamiyatga ega. Masofadan zondlash tizimlari ma’lum diapazonda tarqalayotgan toʻlqinlarning bir qismi yoki bir qancha qismlarini olgan holda ham ishlashi mumkin. Yuqoridagi fikrlarning barchasi sun’iy yoʻldosh orqali ma’lumot va
tasvir olish toʻgʻrisida boʻlgan boʻlsa, GATda aerofotosuratlarning ham oʻrni muhimdir. Bu asosan oʻrta va katta masshtabli GAT loyihalarida ahamiyatga ega. Texnik jihatdan sun’iy yoʻldoshdan olingan masofadan zondlash ma’lumotlari va tasvirlari hamda aerofotosuratlar bir xil boʻlsa-da (ikkisi ham tasvirlar), oʻsha tasvir va ma’lumotlarni olish hamda qayta ishlash usulida farq sezilarlidir. Eng koʻrinarli farqlardan biri bu aerofotosuratlar analog yoki oddiy kameralar yordamida tasvirga tushirilib (raqamli kameralar keng masshtabda qoʻllanilib kelishiga qaramasdan), keyin plyonka negativi skanerlash orqali rastrlashtiriladi. Kamera optikalari va skanerlash jarayoni sifati birgalikda hosil boʻlgan tasvirning fazoviy va spektr xususiyatlariga ta’sir qiladi. Koʻpgina aerofotosuratlar maxsus (ad hoc) tarzda va kameralar past balandlikda uchayotgan samolyotlarga oʻrnatilib (3000 – 9000 m balandlikda), rangli yoki oq- qora tasvir koʻrinishida toʻplanadi. Shu xususiyati bilan aerofotosuratlar batafsil syomka va kartalash loyihalarida juda qo’l keladi.
Kosmik va aerofotosuratlash tizimining muhim jihatlaridan biri bu ikkala tizimdan olingan juft suratning (bir-biriga ustma-ust qilib tasvirga tushirilgan) stereotasvirini berishdir. Bunday birlashtirilgan tasvirlar esa, oʻz navbatida, uch oʻlchamli oddiy yoki raqamli model yaratish imkoniyatini beradi. Bu modellar asosida uch oʻlchamli koordinatalar, konturlar va raqamli relyef modellari hosil qilinadi.
GAT loyihalari uchun kosmik va aerosuratlash tizimi ma’lumotlari bir qancha qulayliklarni keltiradi. Ma’lumotlarning ketma-ketligi va global masshtabda qamrab olish tizimining mavjudligi kosmik ma’lumotlar (tasvirlar)ni asosan keng masshtabdagi hudud, kichik masshtabdagi loyihalarni amalga oshirishda (landshaftni kartalash va daryolarning geologik tuzilishi) va borish qiyin boʻlgan joylarni kartalashda muhimligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, sun’iy yoʻldosh orqali davriy olib turilgan suratlarni taqqoslash va tahlil qilish orqali yillik vegetatsiya holatini kuzatish imkonini beradi. Aerofotosyomka esa shahar va arxeologik joylarning batafsil syomkasi va kartalashini amalga
oshirishda hamda shu asosda joyning uch oʻlchamli tasvirini hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kosmik tasvirlash tizimida ulkan masshtabdagi GAT loyihalarini amalga oshirishda sun’iy yoʻldoshlarga oʻrnatilgan sensorlar bulutlarga duch kelib, tasvirga olish imkoniyati qiyinlashadi va shu sababli xira hamda uncha aniq boʻlmagan tasvirlar yoki ma’lumotlar olinadi. Hozirda ushbu muammolarni bartaraf qilish ustida ish olib borilmoqda va zamonaviy yangi avlod sensorlari 0,6 metr fazoviy tiniqlikka egadir. Aero - va kosmik kameralardan olingan ma’lumot hajmi juda ulkan boʻlishi va ba’zida ularni saqlash hamda qayta ishlashda muammo keltirib chiqarishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |