Quyma (statsionar) minorali kranlar (11.5 - rasm). Ular baland (150 m va undan yuqori) inshootlarni qurishda ishlatiladi. Statsionar kranlar buriluvchi kallak, gorizontal strela va unda harakatlanuvchi yuk karetasidan iborat. Bunday kranlar maxsus fundamentga yoki bino fundamentining bir qismiga o’rnatiladi. Minora balandligining uzunligi 2,5...7 metr bo’lgan seksiyalarni pastdan yoki yuqoridan qo’shish yo’li bilan orttiriladi. Yuk ilmog‘ining ko’tarilish balandligi nisbatan katta bo’lgan statsionar va minorasi burilmaydigan kranlarda minorani uzaytirish yuqoridan amalga oshiriladi. Minoraga qo’shimcha seksiya o’rnatishda yuqoridan oxirgi ikkita seksiya montaj tutgichi 2 ga qotiriladi va o’zaro bir–biridan ajratiladi. Urtadagi seksiya 4 oldindan ilmoq osmasi yordamida ko’tariladi va siljuvchi rama 3 ga osiladi.
11.5 – rasm. Quyma (statsionar) kran
Chorpoyali, ko’prik va kabelli kranlar
Chorpoyali, ko’prik va kabelli kranlar proletli kranlar tipiga mansub bo’lib, strelali kranlarga nisbatan xizmat ko’rsatish maydoni bo’yicha doimiy yuk ko’tarish qobiliyati, yuqori ustivorligi va yengilligi bilan farq qiladi, shu bilan birga ularning manyovrchanligi oz va montaj qilinishi murakkabdir.
Chorpoyali kranlar. Ularni omborxonalarda va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi zavodlarda yuklash-tushirish ishlarini mexanizatsiyalashda, konstruksiyalarni yig‘ish maydonlarida, yirik sanoat korxonalari, issiqlik va atom elektorstansiyalari qurilishida texnologik qurilmalarni montaj qilishda keng miqyosda qo’llaniladi. Chorpoyali kranlar montaj va umumiy ishlarni bajaradigan turlarga bo’linadi. Umumiy ishlarda foydalaniladigan chorpoyali kranlar 5 tonnagacha, montaj ishlarida foydalaniladiganlari esa 50 tonnagacha yuk ko’tara oladi.
11.8-rasm. 100 t. yuk ko’tara oladigan chorpoyali kran.
a-kran sxemasi: b-telejkani siljish mexanizmida po’lat arqon o’ralish sxemasi: v-xuddi shuning o’zi yuk ko’tarish mexanizmi uchun.
1-elektroreversiv chig‘ir: 2-ko’prik: 3-yuk aravachasi: 4-polispast:
5-traversa: 6-boshqarish kabinasi: 7-tayanch: 8-aravacha: 9-yordamchi mexanizm: 10, 11, 12, 13, 14- chig‘irlar.
Chorpoyali kranning yuk ko’tarish konstruksiyasi ikkita tayanch 7 (11.8-rasm) va ularga o’rnatilgan ko’prik 2 dan iborat. Kran ko’prigi bo’ylab yuk aravachasi 3 harakat qiladi. Tayanchlar yurish aravachalari 8 ga o’rnatiladi va ularning har biri ikki relpsli yo’l bo’ylab harakatlanadi. Oz yuk ko’taradigan kran ko’priklari uch poyalli fazoviy ferma va yurish balkasi profili qo’shtavr bo’lib, unda elektrotal harakatlanadi. Urtacha va yuqori ko’tarish qobiliyatiga ega kranlar ko’priklari to’rt poyali fazoviy ferma bo’lib, to’rtburchak yoki trapetsiyasimon kesimga ega bo’ladi.
Bu kranlarning yuk aravachalari pastki yoki yuqori poyaslarda harakatlanadi. Ba’zi kranlarda yuqori poyaslarda asosiy yuk aravachasi, pastki poyasda esa yuk ko’taruvchi yordamchi aravacha 9 harakatlanadi. Kran ko’priklari konsolli va konsolsiz tayyorlanadi. Konsol uzunligi proletning 25-30% ga teng bo’ladi. Prolet katta bo’lganda tayanchlardan biri ko’prikka qo’zg‘almas ikkinchisi esa qo’zg‘aluvchan qilib birkitiriladi. Yuk aravachasi arqon va elektroreversiv chig‘ir 1 (11.8, b-rasm) yordamida ko’prikda harakatlanadi. Ko’tarish mexanizmi umumiy traversa 5 va ko’prikning ikkala tomoniga simmetrik joylashgan ikkita polispast 4 dan iborat.
Montaj qiluvchi og‘ir kranlarda yuklarni tushirishda kichik tezlikka erishish uchun to’rt dona chig‘ir 10, 11. 12, 13 dan foydalaniladi. CHig‘ir 10, 11 lar yukni bir tomonga, 12, 13 lar esa qarama-qarshi tomonga harakatlantiriladi. Kranni boshqarish kabina 6 dan amalga oshiriladi.