Fyuchers operatsiyalarining O’zbekistonda qo’llash imkoniyatlari.
O‘zbekiston valyuta birjasida fyuchers operatsiyalarini amalga oshirish imkoni yaratildi Shuningdek, davlat obligatsiyalari bilan savdo qilish uchun mobil ilova ishga tushirildi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekistonda valyuta birjasida valyutaviy fyuchers kontraktlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Bu haqda Markaziy bank va O‘zRVB (respublika valyuta birjasi) ishtirokidagi yangi fyuchers platformasi va mobil ilova taqdimotida ma’lum qilindi.
Fyuchers savdolari uchun platforma Valyuta fyucherslari bo‘yicha birja savdolari “ikkiyoqlama uzluksiz” auksion (metching) usulida O‘zRVBning “Rhombus” platformasida amalga oshiriladi.
Valyuta fyuchersi kontraktini oldi-sotdi qilishdan ikkita maqsad ko‘zlangan :
valyuta risklarini xedjirlash;
spekulyatsiya.
Valyuta birjasida valyuta fyucherslari savdolari AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida ilk bor valyutaviy fyuchers kontraklari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Ichki valyuta bozoridagi ushbu yangilik Markaziy bank va O‘zRVB bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston respublika valyuta birjasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarining joriy etilishi, O‘zRVB mobil ilovasi hamda likvidlik provayderlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi taqdimotda ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, tadbirda valyutaviy fyuchers kontraktlari, uni joriy etishdagi ahamiyatli jihatlar, “UZCE mobile GB” mobil ilovasining bozor ishtirokchilari uchun qulayliklari xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Xo‘sh, valyutaviy fyuchers kontrakti nima degani? Bu shuni anglatadiki, ma’lum bir miqdordagi valyutani (bazaviy aktiv) bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx bo‘yicha kelgusida aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasidir.
Valyutaviy fyuchers kontraktlarining joriy etilishi, o‘z navbatida, valyuta bozorida yangi turdagi instrumentlarning paydo bo‘lishiga hamda bu orqali korxonalarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi shoklar ta’sirini yumshatishga yordam beradi.
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi savdolari ishtirokchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirildi.
Mazkur mobil ilovaning joriy etilishidan asosiy maqsad:
– treyderlarga O‘zRVBdan va ish joyidan tashqarida davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish va sotib olishda masofaviy ishtirok etish imkoniyatini berish;
– davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga oid birja ma’lumotlari va yangiliklaridan xabardor bo‘lish;
– davlat qimmatli qog‘ozlari savdo jarayonlarini yanada faollashtirishdan iboratdir.
“UZCE mobile GB” mobil ilovasidagi mavjud imkoniyatlar davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi auksionlar parametrlariga oid ma’lumotlarni ko‘rish, kiritilgan buyurtmalarni bekor qilish, davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish yoki sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzish, REPO bitimlarini amalga oshirish va ularning natijalarini ko‘rish, birja ma’lumotlari – kotirovkalar, birja yangiliklari va tahliliy materiallarni yoki ushbu bozorga oid boshqa birja ma’lumotlarini olish kabi afzalliklarni yaratishga xizmat qiladi.