2-§. Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
1005-modda. Shartnomalarga oid yoki boshqa majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Shartnoma majburiyatlarini bajarishda, shuningdek harbiy xizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlaridagi xizmatni va boshqa shunga o‘xshash majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki shartnomada javobgarlikning ancha yuqori miqdori nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu bob qoidalariga muvofiq qoplanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida Nizom”, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash Qoidalari”, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi 234-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida Nizom”.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy Sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 18-son “Mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga oid nizolar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarori.
1006-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilganligi tufayli ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash hajmi va xususiyati
Fuqaro mayib qilinganda yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qo‘shimcha xarajatlari, shu jumladan davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan o‘tish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, o‘rni qoplanishi lozim.
Yo‘qotilgan ish haqini (daromadlarni) aniqlashda jabrlanuvchiga mayib bo‘lishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, xuddi shuningdek sog‘lig‘iga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar e’tiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi). Zararni qoplash hisobiga, shuningdek jabrlanuvchi sog‘lig‘iga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik yoki shartnoma bilan ushbu moddaga muvofiq jabrlanuvchiga tegadigan to‘lov hajmi va miqdori ko‘paytirilishi mumkin.
(1006-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |