419-modda. Tovar haqini to‘lash
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda to‘lash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi o‘ziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan so‘ng kechiktirmasdan to‘lashi lozim.
(419-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning to‘liq bahosi miqdorida haq to‘lashi lozim.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini o‘z vaqtida to‘lamasa, sotuvchi tovar haqini va o‘zganing pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini to‘lashdan bosh tortsa, sotuvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra tovar haqini to‘lashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi to‘lanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim bo‘lganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom to‘langunga qadar to‘xtatib qo‘yishga haqli.
(419-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: sud amaliyoti.
420-modda. Tovar haqini oldindan to‘lash
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi tovarni topshirishidan oldin sotib oluvchi uning haqini to‘liq yoki qisman to‘lash (oldindan haq to‘lash) majburiyati nazarda tutilgan hollarda, sotib oluvchi tovar haqini shartnomada nazarda tutilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda to‘lashi lozim.
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovar haqini oldindan to‘lash majburiyatini bajarmagan taqdirda ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
Oldindan to‘langan summani olgan sotuvchi tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatni bajarmagan taqdirda sotib oluvchi haqi to‘langan tovarni topshirishni yoki sotuvchi topshirmagan tovar uchun oldindan to‘langan summani qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotuvchi oldindan haqi to‘langan tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa va oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, oldindan to‘langan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq, tovarni topshirishi lozim bo‘lgan kundan boshlab tovar sotib oluvchiga topshirilgan yoki unga oldindan to‘lagan summasi qaytarib berilgan kungacha foizlar to‘lanishi lozim. Shartnomada sotuvchining oldindan to‘langan summa uchun foizlarni bu summa sotib oluvchidan olingan kundan boshlab to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |