FUQAROLIK JAMIYATINING ASOSIY BELGILARI VA TAMOYILLARI
“Fuqarolik jamiyati” atamasi turli xorijiy adabiyotlarda umumiy mohiyatga ega, shu bilan birga, har bir mamlakatning milliy an’anlarini ham uyg‘unlashtiradigan tushuncha bo‘lib, u hozirgi davrdagi talqinlarda jamiyatning muayyan shakli (holati va xususiyati)ni, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy tabiatini, rivojlanish darajasini ifodalaydi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari doimo davlatni takomillashtirish, huquq va qonunning rolini yuksaltirish muammolari hal etish bilan chambarchas tarzda o‘zaro bog‘likdir.
Ba’zi olimlarning fikricha, fuqarolik jamniyati-bu «eng avvalo, fuqarolik jamiyatidir. Chinakam demokratiyaning oliy mazmuni-shaxslararo, millatlararo, davlat va ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni uyg‘unlantirishdan iborat. Bunda inson va jamiyat, jamiyat va davlat hokimiyati tinch-totuv yashaydi».Fuqarolarning davlat hayotida ishtirok etishi jarayoni ancha kuchayib bormoqda va siyosiy partiyalar, nohukumat tashkilotlar faoliyatida, hayotning barcha jabhalari, shu jumladan inson huquqlari sohasida ham organlar va mansabdor shaxslar faoliyatining ijtimoiy nazoratini hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan ommaviy axborot vositalarining faollashuvida o‘z aksini topmoqda.
Fuqarolik jamiyati-bu, ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal etishda faol qatnashadigan, davlatning bedodligi va aralashuviga yo‘l qo‘ymaydigan huquq hukmron bo‘lgan, fuqarolar va davlat hamkorlik asosida ishlaydigan ongli individlar jamiyatidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyatiga ta’rif berilmagan bo‘lsa-da, unda fuqarolik institutlarini tashkil etish va ular faoliyatining huquqiy asoslari e’tirof etilgan, ularning davlat bilan o‘zaro hamkorligi prinsiplari belgilangan1.
Fuqarolik jamiyati fanining predmeti sifatida fuqarolik jamiyatining shakllanishi, rivojlanishi, har bir milliy davlatda fuqarolik jamiyati qaror topishining umumiy, o‘ziga xos qonuniyatlarini va tamoyillari o‘rganiladi. Fuqarolik jamiyati fanining predmeti – kishilik tarixida insonlarning o‘zaro munosabatlari natijasida yuksak jamiyatga doir qadriyatlar va tuzilmaviy unsurlarning shakllanishi, ularning rivojlanib borishi natijasida ideal jamiyatda insonlar o‘zaro aloqalarining qonuniyatlarini shakllanishi, rivojlangan mamlakatlarda uzoq tarixiy rivojlanish natijasi o‘laroq shakllangan yuksak insoniy birlik – fuqarolik jamiyatining institutlari hisoblanadi.
Fuqarolik jamiyati fanining ob’ekti – bu insoniy jamiyatning oddiydan murakkabga, o‘zini o‘zi takroran yaratib turadigan insoniy birlikka o‘sib o‘tishi, va nihoyat, rivojlangan mamlakatlarda shakllangan fuqarolik jamiyati va uning institutlari hisoblanadi. Xususan, mazkur Fuqarolik jamiyati o‘quv qo‘llanmasining ob’ekti – ana shu tarixiy voqeliklarga uyg‘un tarzda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati unsurlariga doir g‘oyalarning rivojlanishi, mustaqillik davriga kelib fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi, undagi tamoyillarning rivojlangan davlatlar bilan qiyosiy tahlillari hisoblanadi.
Fanni o‘qitishdan maqsad - talaba yoshlar ongida fuqarolik jamiyatiga doir tasavvurlarni singdirish, ularda jamiyatni rivojlantirishga doir mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, Vatanga sadoqat his-tuyg‘ularini yuksaltirish kabilardan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |