Adibning hikoyalari
Shuni aytish kerakki, faqat odatdagi asarlarni o‘qib o‘rgangan odam F. Kafka hikoyalarini o‘qib, dastlab hech narsa tushunmaydi. Buning ustiga, bu hikoyalar kishida qo‘rquv, hatto ayrim o‘rinlarda jirkanish tuyg‘ularini uyg‘otishi ham mumkin. Faqat jiddiy e’tibor qilib, o‘zini Kafkaning o‘rniga qo‘yib ko‘rgan o‘quvchigina nimanidir anglaganday bo‘ladi va uning hikoyalari biz sevgan real hayotdan qo‘rqinchliroq emasligini tushunadi. Bu hikoyalarning qahramonlari o‘zlarini doim gunohkor his etishadi, ammo gunohi va qo‘rquvi sababini o‘zlari ham bilishmaydi, o‘quvchiga ham anglatishmaydi. Kafka Allohga ishonishni istagan, ammo uning borligini aqliga sig‘dirolmaydigan dahriy edi. Shuning uchun ham Allohning eng mukarram yaratig‘i bo‘lmish odamlarni astoydil sevolmas, ulardan ezgulik kelishiga ishonmasdi. Adib alohida olingan odamni suygani va ayagani holda butun insoniyatga ham, inson tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidalarga ham ishonchsizlik va nafrat bilan qarar, ulardan faqat yomonlik keladi deb hisoblar edi. U shu holatdan umr bo‘yi azob chekkan va tortayotgan azoblarini adabiy qahramonlariga ham o‘tkazgan yozuvchidir.
Adib ijodida ham, XX asr adabiyoti taraqqiyotida ham uning «Evrilish» hikoyasi juda katta o‘rin tutadi. Hikoya qahramoni savdo korxonasining tirishqoq xizmatchisi, yaqinlariga juda mehribon Gregor Zamza kunlarning birida uyqudan qandaydir jirkanch hasharotga aylangan holda uyg‘onadi. Kafka bu voqea qanday bo‘lganini, nima uchun bo‘lganini tushuntirib ham, izohlab ham, o‘quvchini ishontirishga urinib ham o‘tirmaydi. Adib uchun muhimi, uning nima uchun va qanday qilib qirqoyoqqa aylangani emas, balki uning hasharotga aylangandan keyingi sezimlari, tuyg‘ularini ko‘rsatish edi. Yozuvchi kechagina ham ota-onasining, ham singlisining yolg‘iz tirgagi bo‘lgan yigitning bedavo hasharotga aylangach, hech kimga kerak bo‘lmay qolgani, bora-bora oila-dagilarga ortiqchalik qilib, oldiniga e’tibordan qolgani, keyinchalik undan qutulishga harakat qilishgani, mehr-u muhabbat ko‘rsatish o‘rniga himoyasiz va notavon yigitni o‘z holiga tashlab qo‘yganlari tasvirini beradi.
Kafka odamdagi oqibatsizlik, bemehrlikni ko‘rsatish uchun ramzdan foydalanadi. Lekin u boshqa ijodkorlar minglab yillardan beri ishlatib kelgan, qaysi bir jihatlari bilan hayotiy asoslarga ega bo‘lgan ramzlarni qo‘llamaydi. Balki hech kimnikiga o‘xshamagan, odamning aqli bovar qilmaydigan ramzni o‘zi yaratadi. Yozuvchi insonning mutlaq behudud va intihosiz yolg‘izligini tasvirlamoqchi, uning ayanch ahvolini butun dahshati bilan ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, odamni qirqoyoqqa evriltirib qo‘ya qoladi. U odamni biror to‘nka yoki o‘z vujudining bir bo‘lagiga ham aylantirib qo‘yishi mumkin edi va bu bilan deyarli hech narsa o‘zgarmasdi.
Asarda F. Kafka odamlar orasidagi munosabatlar faqat manfaat uchungina ekanligini butun yalang‘ochligi bilan shafqatsiz tarzda aks ettiradi. Hatto Gregorning onasi qirqoyoqqa aylanib qolgan yolg‘iz o‘g‘lini ko‘rgisi kelmasligini tasvirlar ekan, adib insondagi oqibatsizlik chegara bilmasligini aks ettiradi. Yigitning otasi esa, o‘g‘li haqida qayg‘urish u yoqda tursin, qirqoyoqni urib haydaydi, ko‘ziga ko‘rinishini istamaydi. Necha oylar davomida biror marta eslab ham qo‘ymaydi. Dastlabki vaqtlarda mehribonliklar ko‘rsatgan, akasi boshiga tushgan dahshatli fojiani yengillatishga iloji boricha uringan singlisi Greta ham bora-bora uning xonasini tozalamaydigan bo‘ladi, akasining ovqat yegan-yemagani bilan qiziqmay qo‘yadi. Xullas, boshiga mushkulot tushgan ojiz odam o‘zining eng yaqinlari tomonidan unutilishga, yolg‘izlikka, o‘limga mahkum etiladi. Holbuki, Gregor sog‘lomligida yaqinlari hisoblanmish shu odamlar uchun tinim bilmas, o‘shalarning halovati uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urardi. Hikoya so‘ngida qirqoyoqqa aylangan baxtsiz yigit odamlarning oqibatsizligi tufayli o‘ladi. Dahshatlisi shundaki, uning o‘limi yaqinlarini qayg‘uga solmaydi, balki quvontiradi. Hatto ular shu hodisani o‘ziga yarasha nishonlashadi ham. Shu munosabat bilan shahar tashqarisida, toza havoda bayram qilishib, aylanib kelishadi.
Hikoyadagi voqealar tasviri, ayniqsa, hasharotga evrilgan yigit o‘ylari, iztiroblari, umidlari, iltijolari va nihoyat o‘limi tasviridan o‘quvchi larzaga tushadi. Kafka odamni hech ham aql bovar qilmaydigan holatga soladi-da, uning asl mohiyatini kaftdagiday ko‘rsatadi. Hatto aytish mumkinki, yozuvchi qahramonni emas, o‘z holatini tasvirlayotganday bo‘ladi. Shuning uchun ham ro‘y bermaganligi, hatto ro‘y berishi mumkin ham emasligi shundoqqina ko‘rinib turgan voqealar tasviri kishini o‘ziga jalb qiladi, o‘yga toldiradi, munosabat paydo qiladi.
Frans Kafkaning mashhur hikoyalaridan yana biri «Jazo koloniyasida» deb ataladi. Yozuvchi bir umr jamiyat inson erkini bo‘g‘adi, uni hamisha o‘zi istamagan ishni qilishga, o‘zi xohlamaganiday yashashga majbur etadi deb hisoblar edi. Shuning uchun ham uning deyarli barcha asarlarida jamiyatning yovuz, g‘ayriinsoniy mohiyatini ko‘rsatish asosiy o‘rin tutadi. «Jazo koloniyasida» hikoyasida bu hol yanada bo‘rtibroq namoyon bo‘lgan. Hikoyada qahramon deb atash mumkin bo‘lgan timsolning o‘zi yo‘q. Shunchaki personajlargina ishtirok etishadi. Hatto bu personajlarga ism ham berilmagan. Bin sayohatchi, ikkinchisi ofitser, uchinchisi mahkum, to‘rtinchisi soqchi va h. k. Yozuvchining mahorati shundaki, u asardagi timsollarga nom bermaganligining o‘zi bilan ularning umumlashtirish ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatishga erishgan. Avvalo, asarda jazo koloniyasi misolida jamiyat tasvirlangani uchun ham qatnashchilarga nom berilmagan, balki faqat ularning ijtimoiy mavqeyigina ko‘rsatilgan. Ikkinchidan, adibning fikricha, jamiyatning mohiyati shundan iboratki, u o‘ziga tarafdor bo‘ladimi yoki unga qarshi turadimi, baribir, har qanday shaxsni qiyofasiz kimsaga aylantirib tashlaydi.
Kafka tush ko‘rish qonuniyati tamoyiliga muvofiq ijod qiladi. Ya’ni tush hech qanday tartibga, qonuniyatga, mantiqiy asosga tayanmagani kabi uning ijodi ham hech qanday qoidaga rioya qilinmagi n holda yaratiladi. Kafka uchun o‘tmish ham, kelajak ham mavjud emas, uning uchun birgina bugun, hozir bor, xolos. Shuning uchun ham u qahramonlarining ayni holatga nima sababdan qanday qilib tushib qolganini izohlab, asoslab o‘tirmaydi. Kafkaning asarlarida boshqa adiblarniki singari chinakam boshlanish ham, chinakam tugallanish ham yo‘q. Shu sababli ham o‘quvchidan adib asarlarida ro‘y berayotgan hodisalarning tasvirlanayotgan tarzda bo‘layotganidan ham, uning hech qanday sababsiz vujudga kelayotganidan ham shubhalanmaslik talab etiladi. Kafkaning asarlarida hamisha ham nimaning nima uchun sodir bo‘lganini izohlash emas, uning qanday yuz berganini tasvirlash muhim hisoblanadi.
«Jazo koloniyasida» hikoyasida mahbuslar jazo o‘taydigan koloniya inson yashaydigan jamiyat ramzini ifoda etadi. Bu yerda shunday tartib o‘rnatilganki, mahbuslarni bir kishining o‘zi sud qiladi, ular ustidan o‘zi hukm chiqaradi, o‘zi ijro etadi va eng dahshatlisi shundaki, mahkum bu jarayonda mutlaqo ishtirok etmaydi, taqdiri qanday hal bo‘lganidan bexabar qolaveradi. Ham sud, ham ijrochi martabasida bo‘lgan, jazo mashinasining tinimsiz ishlab turishini astoydil orzu qiladigan ofitser mahkumni hukmdan xabardor qilishni tamomila ortiqcha deb hisoblaydi. Uni sud qilish, unga o‘zini oqlash imkonini yaratish-ku xayoliga ham kelmaydi. Kafkaning talqinida odam jamiyatning iskanjasida xuddi shu koloniyadagi mahbus singari ojiz, nochor, huquqsiz va erki toptalgan holatda bo‘ladi.
Ofitser-jallodlik va yovuzlikdan iborat jazo mashinasini qo‘llashning astoydil tarafdori. Shunisi g‘alatiki, bu mashina o‘z qurbonlarining tanasiga «Adolatli bo‘l!», «Boshlig‘ingni hurmat qil!» singari shiorlarni tig‘ bilan o‘yib yozishga mo‘ljallangan va bu ish odil sud namunasi hisoblanadi. Ofitserning fikriga ko‘ra, sud jarayonida har qanday odamga nisbatan «Aybdorligiga shubha yo‘q» qoidasiga amal qilish yaxshi samara beradi. Uning qarashicha, har qanday odam aybdordir va u jazoga loyiqdir. Ofitser-jamiyat tartiblarining to‘g‘riligiga mutaassiblarcha ishongan kimsa. Shuning uchun ham sayohatchi uning g‘oyalarini qo‘llamagani, jazo koloniyasining yangi komendanti esa u o‘rnatgan tartiblarni o‘zgartirmoqchi bo‘layotganini ko‘rib, o‘zi aybdor deb hisoblagan kishilarni azoblab o‘ldirib, rohatlanadigan ofitser o‘zini o‘zi jazo mashinasiga solib, tilka-pora qilib o‘ldiradi. Shu bilan mashinasining nihoyatda yaxshi ishlashini, bu xildagi jazo eng adolatli ekanligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Mazkur hikoyada jamiyatning alohida odam ustidan o‘rnatgan cheksiz hokimiyatidan norozilik ufurib turadi, ijtimoiy tartiblarning g‘ayriinsoniy qiyofasi hech qanday bo‘yoqsiz ko‘rsatiladi.
Kafka hikoyalarida inson, ko‘pincha, ilojsiz, mahkum, ezilgan, cheklab va qisib qo‘yilgan holda aks ettiriladi. Bu adibning jamiyat va inson, odam va uning hayoti mazmuni haqidagi qarashlarining oqibati edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |