O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTAMAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
NAVOIY DAVLAT KONCHILIK INSTITUTI HUZURIDAGI
UCHQUDUQ SANOAT TEXNIKUMI
ISHLAB CHIQARISH TA’LIMI USTASI
Saparova Inobnat ning
“FOYDALI QAZILMALARNI BOYITISH ISHLARI”
o‘quv amaliyotidan
Uchquduq
Kirish
Foydali qazilmalar xaqidagi ta’limot ma’dan hosil bo‘lishi nazariyasi, ularning yer po‘stida joylashishi qonuniyatlari, ma’dan tanalarining ko‘rinishi va yotishi, tarkibi, struktura va teksturasi hamda foydali qazilmalarning kelib chiqishi va sanoatda ishlatilishi bo‘yicha turlarga bo‘linishi bilan tanishtiradi.
Geologiyaning ushbu sohasi boshqa geologik fanlar bilan uzviy bog‘langan va ularning ko‘plariga tayanib rivojlanadi. Masalan, umumiy geologiya, tarixiy geologiya, regional geologiya, mineralogiya va petrografiya, gidrogeologiya va injenerlik (muhandislik) geologiyasi materiallariga tayansa, geofizika, geokimyo, tog‘-texnik va iqtisodiy fanlar bilan uzviy aloqada ish yuritadi. Tabiatda qattiq holdagi foydali qazilmalar ko‘proq uchraydi. Suyuq xiliga neft va suv, gazsimon turiga tabiiy yonuvchi gazlar kiradi.
MA’DAN – metall yoki metall birikmalarini ajratib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lgan mineral hosi-ladir.
FOYDALI QAZILMA KONI – ma’lum bir iqtisodiy sharoitda qazib olish foydali bo‘lgan bir yoki bir necha ma’dan to‘plami. Foydali qazilma konlariga sanoat o‘z texnik imkoniyati va qazib olish iqtisodiy afzalligini hisobga olib ma’lum talablar qo‘yadi. Bu talablar «konditsiyalar» deb ataladi. Iqtisodiy sharoit va texnik holati
o‘zgarishi bilan konditsiyalar ham o‘zgaradi. Barcha foydali qazilmalar to‘rt katta guruhga bo‘linadi: metall, nometall, yonuvchi va gidromineral foydali qazilmalar.
Foydali qazilma deb iqtisodiyotda foydalanish uchun son va sifat jihatdan yaroqli bo‘lgan tabiiy mineral moddaga aytiladi. Foydali qazilmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tabiiy holda yoki biroz ishlov berib so‘ng ishlatish mumkin.
Qazib olingan foydali qazilmalar mineral xomashyo deb ataladi. Foydali qazilmalarning muhim xususiyatlaridan biri – ularning tabiatda nihoyat darajada asta-sekinlik bilan hosil bo‘lishidir. Ular ming, yuz ming yillar davomida bunyodga keladi. Shuning uchun ham hozirda ularning zaxiralari dunyo bo‘yicha asta-sekin kamayib bormoqda.
Mavzu: Kirish. Boyitish usullari
Reja:
Foydali qazilmalar, konlarning turlari
Boyitish jarayonlariga tayyorlash
Boyitish usullari
Yer po‘stidagi foydali qazilma konlarini aniqlash, o‘rganish va qazib olish uchun ularni bir tartibga solib, guruhlarga ajratish lozim bo‘ladi. Bunda ularning bir qator xususiyatlarini hisobga olgan holda tasniflanadi. Ma’lumki, tabiatda uchraydigan konlar turli sharoitlarda yuzaga keladi. Konlarni tasniflashda turli omillar inobatga olinadi:
1. Morfologik omil. Bunda ma’danlarning shakllariga qarab hamda tog‘ jinslari oralarida joylashishini inobatga olgan holda turlarga ajratiladi.
2. Texnologik omil. Bunda konlarning ma’dan tarkibiga hamda elementlarning xalq xo‘jaligida ishlatilishiga qarab tasniflanadi.
3. Genetik omil. Konlarning hosil bo‘lishi sharoitlariga qarab tasnif tuzish.
Quyida amaliyotda eng ko‘p qo‘llaniladigan genetik tasnif keltiriladi:
Konlarning sanoat tasnifida metall elementlar metallurgiyada qo‘llaniladigan xossalaridan kelib chiqib guruhlarga ajratiladi. No metall elementlar esa xalq xo‘jaligining sohalarida asosiy ahamiyatiga qarab tasniflanadi. Quyida ana shu tasnif keltiriladi:
METALL FOYDALI QAZILMALAR.
1. Qora metallar: temir, marganets, xrom, titan.
2. Nodir metallar: volfram, molibden, qalay, surma, simob,
nikel, vanadiy, kobalt, vismut.
3. Rangli metallar: mis, qo‘rg‘oshin, rux, aluminiy.
4. Asl metallar: oltin, kumush
5. Radioaktiv metallar: uran, toriy
6. Kamyob metallar: sirkoniy, gafniy, niobiy, tantal.
7. Yengil metallar: berilliy, litiy, rubidiy, seziy, magniy.
8. Tarqoq metallar: indiy, galliy, germaniy, talliy, kadmiy, selen, tellur, skandiy, reniy.
NOMETALL FOYDALI QAZILMALAR.
1. Kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi uchun xomashyo: oltingugurt, fosfor, mineral tuzlar.
2. Industrial xomashyo: grafit, slyudalar, olmos, asbest, flyuorit.
3. Sopol, shisha, o‘tga va kislotaga bardoshli xomashyo: dala shpati, gillar va kaolinlar.
4. Qurilish materiallari: qum, shag‘al, gips, tog‘ jinslari.
5. Qimmatbaho va bezak toshlar: yoqut, feruza, nefrit, yashma, zumrad, olmos.
YONUVCHI FOYDALI QAZILMALAR.
Ko‘mir, neft va gaz, torf, yonuvchi slanetslar.
GIDROMINERAL XOMASHYO.
1. Chuchuk suvlar.
2. Shifobaxsh suvlar.
3. Termal suvlar
4. Sanoat suvlari.
Hozirgi vaqtda foydali qazilma konlaridan 70 dan ortiq metallar ajratib olinib, iqtisodiyotning turli sohalarida ishlatilmoqda. Metallarni eritib qayta ishlovchi sohalar qora va rangli metallurgiya hisoblanadi. Qora metallurgiya asosiy qora metallar-temir, marganets, xrom ma’danlarini qayta ishlaydi. Rangli metallurgiyada asosiy rangli metallardan (mis, rux, qo‘rg‘oshin, aluminiy, qalay, surma, vismut, simob) tashqari asl, kamyob, tarqoq va turli qotishmalari uchun maxsus metallar eritib olinadi. Metall ma’danlar monometalli (temirli, xromli, oltinli), metallic (qo‘rg‘oshin-rux, mis-molibden, surma-simob) va polimetalli bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik metall konlarida kamyob va tarqoq elementlar uchrashi xos bo‘lib, ularni ajratib olish qazib olinayotgan xomashyoning qimmatini oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |