Tiklanmaydigan marshrutlar ham sobiq imperiya davlatning yoki alohida davlatning parchalanib ketishi, shaharlar, sanoat markazlarining salohiyati pasayishi yoki ilmiy-texnika taraqqiyoti rivoji bilan o‘z mavqeini yo‘qotadi. Masalan: Xristofor Kolumb, Tur Xeerdal yoki Fernando Magellanning okeanlararo kemalarda o‘tkazgan, oylab muddatlar ketgan dengiz marshrutlarini tiklashga hech hojat ham, zarurat ham yo‘q. Bunday marshrutlarni tiklash va turizmda foydalanish iqtisodiy jihatdan haddan tashqari qimmat bo‘lishi tushunarli holatdir. Bu marshrutlarni zamonaviy samolyotlarda 12-14 soatda bosib o‘tishi mumkin bo‘lmoqda.
Agarda turistlar talabi bilan ekoturizm marshruti ishlab chiqilganda ekologik turizm resurslari asosan uzoq masofalarda joylashganligidan turistlar zerikmasligi uchun yo‘l bo‘yi turistik ob’ektlarni ham turmarshrutga kiritiladi va yo‘l -yo‘lakay qiziqarli ekskursiyalar uyushtiriladi. Bunday marshrutlar majmuali mavzudagi turistik marshrutlar deyiladi. Demak turistik marshrutlarning mavzulari ko‘p hollarda turizmning turlari nomi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Yevropa - Osiyo transkontinental avtomagistral yo‘li. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiya orqali G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bilan bog‘laydigan avtomagistral Jahondagi eng yirik avtomagistrallardan biri bo‘ladi. Rotterdam (Gollandiya) - Shanxay (Xitoy) portlarini bog‘laydi. Umumiy uzunligi 10 ming km. dan ortiq.
Avtomagistralning O‘zbekiston hududidan o‘tadigan qismi - Andijon - Toshkent - Nukus - Qo‘ng‘irot trassasining umumiy uzunligi 1422 km, barcha kirish yo‘llarining uzunligi 500 km bo‘lib, Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan boshlanib, so‘ngra Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari, Qizilqum orqali Xorazm viloyati hududidan o‘tib Nukusga chiqadi. Trassa Afg‘oniston va Turkmaniston yo‘nalishidagi xalqaro trassalarni ham kesib o‘tadi.
Toshkent - Andijon O‘sh-Qashqar avtomobil yo‘li. Bu yo‘l xalqaro ahamiyatdagi yo‘l hisoblanadi. Umumiy uzunligi 940 km. O‘zbekiston (408 km), Qirg‘iziston (272 km), Xitoy (260 km) hududlaridan o‘tadi. Yo‘lda dengiz sathidan turlicha balandlikda bo‘lgan 6 ta dovon bor. Shundan O‘zbekistonda Qamchiq (dengiz sathidan 2268 m) va Rezak (2254 m) dovonlarida tunellar qurilgan. Qirg‘iziston hududida Chayirchiq (2406), Toldiq (3645 m) va Taunmurun (3536 m) dovonlari osha o‘tiladi. Bu yo‘l qadimda Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan karvon yo‘li bo‘lgan. 1960-1970-yillar oralig‘ida yo‘ldagi transport qatnovining ortib borayotganligi hisobga olinib, yo‘lning parametrlari (kengligi) III-IV toifaga (10-12 m) ga keltirilib, tegishli, zaruriy qismlariga asfalt-beton yotqizilib, qayta ta’mirlangan.
Turizm marshrutlarini ishlab chiqish bosqichlari va texnologik haritasini tuzish
Marshrut ishlab chiqilib, tasdiqlangach, tur deb ataluvchi bir «qobiqqa» qator xizmatlar va tovarlarni «jamlash»ga kirishiladi. Yuqorida aytilganidek, turning ikki xil ko‘rinishi mavjud:
pekij-tur, ya’ni joylashish, ovqatlanish, ekskursiya xizmati, transport, maishiy, sport-sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, tibbiy va boshqa xizmatlarni qamrovchi kompleks turistik xizmati. Bu turning narxi katolog va prays- varaqalarda ko‘rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |