1. Bog‘liq urg‘u. O‘zbek tilining o‘z qatlamiga mansub bo‘lgan aksariyat so‘zlarda leksik urg‘u so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi: ilmli΄, ishchi΄, sakki΄z, qizi΄q kabi. Bunday so‘zlarga affikslar qo‘shilishi bilan urg‘u ham so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga siljib boraveradi: ishchi΄-ishchi+la΄r- ishchi+lar+imi΄z- ishchi+lar+imiz +ni΄ng, gu΄l- gul+zo΄r- gul+zor+la΄r- gul+zor+lar+da΄n kabi. Demak, so‘zning ma’lum bir bo‘g‘ini bilan (ko‘pincha oxirgi bo‘g‘ini bilan) doimiy bog‘liq bo‘lgan urg‘u bog‘liq urg‘u deyiladi.
2.Erkin urg‘u. O‘zbek tilida urg‘u birinchi bo‘g‘inga yoki o‘rtadagi bo‘g‘inga tushadigan so‘zlar ham anchagina miqdorni tashkil etadi. Bunday so‘zlarning aksariyati o‘zlashma qatlamga mansub bo‘lib, ularda urg‘uni so‘zning quyidagi bo‘g‘inlarida kuzatish mumkin: a΄riya, no΄ta, si΄ntaksis kabi so‘zlarda oldingi bo‘g‘inda; geo΄log, profe΄ssor so‘zlarida o‘rtadagi bo‘g‘inda; bufe΄t, operati΄v, abza΄s so‘zlarida oxirgi bo‘g‘inda uchraydi. So‘zning turli bo‘g‘inlariga tushish mumkin bo‘lgan bunday urg‘u erkin urg‘u deyiladi.
Erkin urg‘u ba’zi o‘zbekcha hamda o‘zbek tiliga qadimdanoq arab va fors tillaridan o‘zlashtirilgan quyidagi turkumlarga oid so‘zlarda ham uchraydi:
1) olmoshlarda: ba΄rcha, ha΄mma, ki΄mdir, ba΄rcha;
2) ravishlarda: do΄im, ho΄zir, a΄slo, hami΄sha;
3) modal so‘zlarda: alba΄tta, afsu΄ski;
4) yordamchi so‘zlarda: ha΄tto, ga΄rchi, a΄mmo, le΄kin.
Shuni ham aytish kerakki, o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan ba’zi unsurlar so‘z oxirida kelganda ham leksik urg‘u olmasligi mumkin. Bunday birliklar mavjud bo‘lgan so‘zlarda urg‘u oxirgi bo‘g‘inga emas, ulardan oldingi bo‘g‘inga tushadi. Ular quyidagilar: a)-ku, -u, -yu, -da, -mi, -chi, -a, -ya, -da kabi yuklamalar (keldi΄mi, me΄n-ku bordi΄m-a, si΄z-chi?) ; b) -day, -dek, -cha kabi o‘xshatish ma’nosidagi ravish yasovchi affikslar (yigi΄tcha kiyinmoq, shamo΄lday uchmoq); v)-dir, -man, -san, -miz, -siz kabi shaxs-son affikslari (o‘qiga΄nman, navbatchi΄san, ki΄msiz, borga΄nmiz), g) -ma bo‘lishsizlik affiksi (te΄gma, yo΄zma) so‘zning oxirgi bo‘g‘inida kelganda ham leksik urg‘u olmaydi.
Leksik urg‘u o‘zaro omonim bo‘lgan so‘z va grammatik shakllarni ajratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan: o΄lma (fe’l -ma bo‘lishsizlik affiksi), olma΄ (tub ot); o‘quvchi΄miz (fe’l, -miz kesimlik affiksi), o‘quvchimi΄z (ot, - miz egalik affiksi); yigi΄tcha (-cha holat ravish yasovchi qo‘shimcha), yigitcha΄ ( -cha kichraytirish shakli hosil qiluvchi affiks); bog‘+la΄r (otning ko‘plik shakli), bo΄g‘+la+r (fe’l yasovchi+fe’lning sifatdosh shakli).
Mantiqiy urg‘u gap bo‘laklaridan birining boshqasiga nisbatan kuchliroq ohang bilan aytilishini taminlaydi. Odatda, so‘zlovchi o‘ziga muhim sanagan bo‘lakka logik urg‘u tushiradi va bu orqali o‘sha gap bo‘lagining ma’nosi kuchaytiriladi. Mantiqiy urg‘u olgan gap bo‘lagi kesimdan oldin joylashadi. Masalan: 1. Biz kecha kutubxonaga bordik (boshqa joyga emas) 2. Biz kutubxonaga kecha bordik (boshqa kuni emas) 3. Kutubxonaga kecha biz΄bordik (boshqalar emas)
Do'stlaringiz bilan baham: |