Folklor janrlarini o‘qitish metodikasini takomillashtirishning pedagogik-psixologik imkoniyatlari
M.N.Qodirova - Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi
Annotatsiya. Ushbu maqolada folklor janrlarini o‘qitish metodikasini takomillashtirishning pedagogik-psixologik imkoniyatlari haqida fikr yuritiladi.
Kalit so‘zlar: folklor, metodika, metod, innovatsiya, pedagogik texnologiyalar, mustaqil ta’lim.
Педагогические и психологические возможности совершенствования методики преподавания фольклорных жанров
Аннотация. Данная статья дает представление о педагогических и психологических возможностях совершенствования методики преподавания фольклорных жанров.
Ключевые слова: фольклор, методика, метод, инновация, педагогическая технология, самостоятельное обучение.
Pedagogical and psychological possibilities of improving the methodology of teaching folk genres
Annotation. This article gives an idea of the pedagogical and psychological possibilities of improving the methodology of teaching folk genres.
Key words: folklore, methodology, method, innovation, pedagogical technology, independent learning.
Folklorni o‘rganish va o‘rgatish dastlab unga oid asarlarni to‘plash, kitobat qilish, o‘rganish va ulardagi g‘oyalardan ilhomlanib, yangi asarlar yaratish ko‘rinishlarida kechgan. Olimlar ta’kidlab o‘tishganidek, folklorni yozib olish juda qadimiy an’ana bo‘lib, folklorshunoslik shakllanishining ilk bosqichini tashkil etadi. Jumladan, bunday izlanishlar tarixiga nazar solinsa, bu ish qadimgi dunyo sayyohlari, tarixchilar (Gerodot, Poliyen, Strabon, Xores Mitilenskiy, Apellodor, Ibn Batutalar) yozib olishgan. Ular tufayli yetkazilgan afsona va rivoyatlar folklorga bo‘lgan qiziqishni hosil qilgan.
Folklor materiallarini to‘plash, mazmun-mohiyati, yaratilish tarixi bilan tanishtirishga intilish Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” kitobidan boshlangan, deyish mumkin. Muallif “Devonu lug‘otit turk” asaridagi maqollar, mehnat va sevgi-muhabbat, mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar, afsona va rivoyatlarda ifoda topgan tarbiyaviy mazmun alohida e’tiborni tortadi.
O‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarif Mahmud Koshg‘ariyni ilk folklorshunos sifatida tan olinishini ta’kidlaydi. Chunki “Devonu lug‘otit turk”da xalq ijodiga aloqador sav (afsona), etuk (ertak), ir yoki qo‘shug‘ (qo‘shiq), maqol, matal singari terminlar keltirilgan.
M.Koshg‘ariydan so‘ng Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy hikmatlari, Alisher Navoiy, Bobur, Poshshoxo‘ja, Munis, Ogahiy, Gulxaniy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Fitrat va boshqalarning ta’lim-tarbiya haqidagi fikrlari folklor bilan bog‘liqligi yanada e’tiborlidir. Chunki H.Zarif aytganidek: “Folklorni o‘rganish tarixi unga nisbatan faqat ilmiy maqsadlar bilan yondashilganlikni kuzatish bilangina cheklanmaydi, shu bilan birga o‘zlari mansub bo‘lgan sinf dunyoqarashi nuqtai nazaridan folklorni turlicha tushungan va o‘z asarlarida u yoki bu sinf manfaati doirasida undan foydalangan yozma adabiyot namoyandalarining ham xalq ijodiga qiziqishlarini hisobga olmoq va ularni diqqat bilan o‘rganmoq juda ham zarurdir.”
O‘tmishda qissaxonlar, roviylar, voizlar, baxshilar hayotda katta o‘rin tutishgan. “Baxshi” so‘zi buryatcha “ustod” deganidir.
Folklor – so‘z san’atining boshlang‘ich namunasi, xalqning og‘zaki badiiy ijod turi. U jamoa ijodi hisoblanadi. Unda an’anaviylik, variantlilik, versiya hodisalari namoyon bo‘ladi. Folklor haqidagi fan “Folklorshunoslik” deb yuritiladi. Bu fan universitetlarning 5220100 – o‘zbek filologiyasi va pedagogika institutlarining 5141100 – o‘zbek tili va adabiyoti bakalavrlari ixtisosliklari bo‘yicha kadrlarni yetishtirishda mutaxassislik fanlaridan biri sifatida o‘qitilib kelinmoqda.
“Folklor” termini inglizcha “folk” – xalq va “lore” – donolik so‘zlari birikuvidan hosil bo‘lgan qo‘shma so‘z bo‘lib, “xalq donoligi, xalq donishmandligi” degan ma’nolarini anglatadi. Uni ilmiy iste’molga 1846 yilda ingliz olimi Vilyam Toms olib kirgan. Bu termin keng va tor ma’noda qo‘llanadi. Keng ma’noda xalq ijodining barcha sohalari (og‘zaki yaratilgan badiiy asarlar, xalq amaliy san’ati ko‘rinishlari)ni, tor ma’noda faqat xalq poetik asarlari)ni anglatib keladi. Bu atama qo‘llanguniga qadar o‘zbek folklorshunosligi tarixida “el adabiyoti”, “og‘iz adabiyoti”, “og‘zaki adabiyot”, “og‘zaki ijod”, “xalq adabiyoti”, “omma adabiyoti”, “xalq ijodi”, “el ijodi” singari xilma-xil atamalar qo‘llanib kelingan.
O‘zbek folklorini o‘rganish bo‘yicha yaratilgan ilk metodik ish A.Fitratning “El adabiyoti” kitobidir. Uning “Adabiyot qoidalari” (1926) qo‘llanmasi tarkibidan o‘rin olgan folklorni o‘rganish va o‘rgatishga oid bu kichik risolasida birinchilardan bo‘lib “el adabiyoti” – folklorga ilmiy munosabat bildirilgan. Folklorning yozma adabiyotdan farqini, o‘ziga xos spetsifik belgilarini, xalq og‘zaki badiiy ijodining qo‘shiq, ertak, doston, maqol, topishmoq, afsona, rivoyat kabi janrlari tabiatini ochib berishga harakat qilingan. Olim yozadi: “....bu kungacha yashab kelgan cho‘bchaklar, matallar, ertaklar, o‘lan va laparlarning har birini eshitib yuramiz....Ulus ora og‘izdan-og‘izga aylanib yurg‘an cho‘bchaklardan yaxshig‘ina onglashilurkum, turk eski adabiyot madrasasinda sevgi va oshiqdan boshqa falsafa, hikmat va axloqdan ham ko‘b narsalar bor ekan”.
Fitratning bu kabi qarashlari o‘zbek folklorshunosligining nazariy va amaliy asoslarini shakllantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilganini alohida ta’kidlash joizdir. Shuningdek, Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1928) xrestomatiyasida birinchi marta el adabiyotidan namunalar keltirgani ham alohida e’tiborni tortadi.
Fitrat o‘zbek folkloriga oid ashula, ertak, maqol, topishmok, lapar, doston kabi janrlarga aloqador nazariy qarashlarini adabiyot mutaxassislarini tayyorlashda darslik, o‘quv qo‘llanma vazifasini bajargan “Adabiyot qoidalari (adabiyot muallimlari va adabiyot havaslilari uchun qo‘llanma” nomli kitobida bayon etganiga qarab, hali u davrda folklorshunoslikning adabiyotshunoslik tarkibida kechganini, alohida fan sifatida o‘qitilmaganini, unga oid tushunchalar adabiyotshunoslikka bog‘lab o‘rgatilib kelinganini anglash mumkin.
Umuman aytganda, Fitrat o‘zbek folklorining janriy tizimi va tarkibi to‘g‘risida o‘rgatishni boshlagan metodist-olimdir, deb e’tirof etish mumkin. Faqat u: “Bizda el adabiyotining turlari shulardir: ashula, ertak, maqol, topishmok, lapar, doston” deb, folklor janrlarini to‘laligicha qamrab ko‘rsata olmagan. Aniqrog‘i, uning yana boshqa janrlarini (masalan, askiya, lof, terma kabilarni) e’tibordan chetda qoldirgan.
Fitrat laparlar xususida tushuncha berar ekan, o‘zi kabi yana bir metodist-olim Elbekning bu haqdagi maqolasidan iqtiboslar olgan. U doston va ertaklarning tabiatan epik ijod turi ekanligi jihatidan yaqinligini, ammo dostonlarning ertaklarga qaraganda epik ko‘lamdorligini, hajmi katta bo‘lishini, asosan, baxshilar tomonidan soz vositasida ijro etilishini, she’riy va nasriy qismlardan tuzilishini tushuntirgan. Faqat olim dostonlarni “qahramon dostonlari”, “klassik dostonlar”, “taqlidiy-klassik dostonlar”, “yangi zamon dostonlari” tarzida “to‘rtka ajratmoq mumkindir” deb, og‘zaki va yozma tarzda yaratilgan dostonlarni o‘zaro qo‘shib yuborgan.
Fitrat afsona va rivoyat janrlarining tabiatini u qadar chuqur farqlamay, ko‘pincha ularni “rivoyat” deb atagan. Olim olqish janri tabiatini ham ochib berishga uringan. Maqol atamasi o‘rnida “el so‘zi”, topishmoq uchun esa “topishma” atamalarini qo‘llagan.
Fitrat adabiyotshunoslikka, tilshunoslikka oid nazariy qarashlarini ifoda etishda ko‘pincha maqol, qo‘shiq, dostonlardan olingan misollar orqali o‘z fikrini asoslashga uringan. Masalan, u “Nahv” kitobida tinish (turish) belgilari, nuqtali vergulning gapda qo‘yilishi, uyushgan (uyushqon) gap va gap bo‘laklarini, kesim, aniqlovchi, to‘ldiruvchi singarilarni o‘quvchilarga tanishtirish uchun, o‘z fikrlarini, imloga doir nazariy qarashlarini dalillash uchun shunday yo‘l tutgan. Bu esa olimning o‘qitishda fanlararo integratsiyaga erishish tajribasidan dalolat beradi.
Ko‘rinadiki, folklor janrlarini kompetentlik asosida o‘rgatishga kirishish bevosita Abdurauf Fitrat tomonidan boshlab berilgan.
Fitratdan so‘ng folklorshunoslik bo‘yicha yaratilgan muhim qo‘llanmalardan yana biri H.Zarif bilan Sh.Rajabiylarning “O‘zbek sovet folkloridan namunalar” (1935) to‘plami, H.Zarifning oliy o‘quv yurtlari uchun tuzgan ikki jildlik “O‘zbek folklori” (1939 va 1941 y.) xrestomatiyasidir. Bu kitoblarning yaratilishiga folklorshunoslikning bo‘lajak filolog mutaxassislarga o‘qitilishining yo‘lga qo‘yilishi zamin bo‘ldi. Bu ishning tashabbuskori esa Hodi Zarifov bo‘ldi. Bevosita uning tashabbusi bilan XX asrning 30-yillarida folklor fanini O‘zbekistonda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Folklorni maxsus fan sifatida oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish hayotiy zaruriyat taqozosi tufayli amalga oshdi. Folklorning fan sifatida o‘rganilish harakati dastlab Angliya universitetlarida XVII asrning ikkinchi yarmida boshlangan. Rossiyada esa F.N.Buslayev va uning shogirdlari A.N.Veselovskiy, N.I.Storojenkolar tashabbusi bilan 1863 yilda Moskva va Sankt–Peterburg universitetlarida “Umumiy adabiyot tarixi” nomi ostida rus folklorini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbek folklorini o‘qitish tashabbusi esa XX asrning 30- yillari o‘rtalaridagina amalga oshgan”.
O‘zbek folklorshunoslari og‘zaki adabiyotdan ham yosh avlodga ta’lim berish fikrini ilgari surdilar va 1934 yildan boshlab uni amalga oshirishga kirishdilar. Dastavval Nizomiy nomidagi Toshkent pedinstituti (hozirgi peduniversitet), so‘ngra boshqa pedinstitutlar va universitetlarning filologiya fakultetlarida o‘zbek folklori mustaqil fan sifatida o‘qitila boshlandi. Bu hol folklor nashri va tadqiqotiga ehtiyojni yanada kuchaytirdi. Natijada H.Zarif tomonidan tartib berilgan ikki kitobdan iborat “O‘zbek folklori” (1939 va 1940) xrestomatiyasi yuzaga keldi. Bu asarning qimmati shundaki, o‘ziga qadar amalga oshirilgan barcha nashrlarning ijobiy tomonlarini qamraganligidan tashqari o‘zbek folkloridagi xilma-xil janrlar namunalarini bera olganligi bilan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi hamda keyingi nashrlar va tadqiqotlarga keng yo‘l ochdi. Xususan, 1939 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining 2-syezdida folklor masalasining alohida muhokama etilishi (unda G‘afur G‘ulom “Folklordan o‘rganaylik” degan mavzuda ma’ruza qilgandi) xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini to‘plash va o‘rganish ishlariga e’tiborni yana bir qadar kuchaytirdi.
U.Amonov yozganidek: “XX asrning 20-yillaridan fan sifatida shakllana boshlagan o‘zbek folklorshunosligi tarixida o‘z o‘rniga ega. Bu ulug‘ ajdodlarimizning folklor tarixi va nazariyasi, folklor tekstologiyasi va poetikasi, xalq ijodkorligi va professional ijrochiligi, uning lokal xususiyatlari, og‘zaki va yozma adabiyot munosabati borasidagi ilmiy qarashlari o‘zbek folklorshunosligi fanining nazariy yo‘nalishlari va metodologiyasi shakllanishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildiki, ana shu masalalarning muayyan bir tadqiqot doirasida yaxlit o‘rganilishi juda dolzarb va muhimdir”.
Yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan folklor durdonalarini asrab qolish ishlari olib borildi. Albatta, bu o‘sha davrda hukmronlik qilayotgan tuzum tepasida turganlarga yoqmadi. Ayniqsa, mustabid sho‘ro tuzumi milliy qadriyat va an’analarimizni oyoq osti qilayotgan, eskilik sarqiti deb qarayotgan bir davrda bu ulkan ma’naviy jasorat edi. Shuning uchun o‘zbek folklorini o‘rganish yo‘lida jon kuydirgan Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy, Vadud Mahmud, G‘ozi Olim Yunusov, Elbek, Otajon Hoshim va boshqa ular kabi millat fidoyilari qatag‘on qilindi.
Milliy ta’lim tizimida hamisha bosh masala bo‘lib kelgan barkamol avlodni, komil insonni tarbiyalash, yoshlarni ma’naviy yetuk qilib ulg‘aytirish muammosi hozirgi davrga xos ilg‘or shakl va vositalar bilan amalga oshirilayotgan bir paytda ham asosiy maqsad: ma’naviy kamolotga erishishdir. Bunda esa, avvalo, o‘rganilishi muhim va zarur bo‘lgan fan sirlarini o‘zlashtirish, u bo‘yicha mustaqil fikrlash, ijodkorlik qilish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, bunda milliy psixologiya aks etgan folklorning alohida o‘rni va roli bor. U inson ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatish qudratiga ega fan tarmoqlaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi davrda milliy ta’limda o‘qitishning milliy xususiyatlari, o‘ziga xosligini hisobga olib, folklor, mumtoz adabiyot kabi fanlar bo‘yicha keng va ko‘p, samarali bilim berishga, ularda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni, milliy ruhni yosh avlod ongu shuuruga, ruhiyatiga singdirishga, maktabgacha ta’limdan boshlab, umumiy, o‘rta maxsus va oliy ta’limda saboq oluvchi barcha qatlamda ijodiy tafakkur va mustaqil faoliyatni rivojlantirish asoslaridan biriga aylangan masofali ta’lim jarayoni orqali amalga oshirish mumkin. Qolaversa, ta’limning bu turi orqali boshqa ta’lim turlari integratsiyasiga erishish, talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini aynan ularning his-tuyg‘ulari, kechinmalari orqali ifodalash mumkin bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |