2.1 O`zbek she`riyatida ona obrazining ifodalanishi
O`zbek she`riyatida ona mavzusida she`r bitgan shoirlar juda ham ko`p. Masalan: Usmon Nosir, Mirtemir, Zulfiya, Abdulla Oripov, Tavallo, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Saida Zunnunova kabilardir. Bularning ijodida ona mavzusiga bag`ishlagan she`rlar talaygina. Shulardan, Mirtemirning ijodiga nazar soladigan bo`lsak, uning “Seni, bolaligim ” she`rining quyidagi parchasida shunday yozadi:
Ona chiroyida barq urgan ziyo
Farzand yanog`ida bo`ladi paydo.
Seni , bolaligim, men ko`rdim boya
Bahor diydorida ravshan – huvaydo.
”Ona yer” degan naql bor. Tabiiyki, bu naqlda elimizning obrazli tafakkuri mujassam. Urug`ning gurkirab o`sishi, hosil berishi yer sifatiga bog`liq bo`lgani singari farzand kamolini ko`p jihatdan onaning ma`nan barkamolligi, ruhan yetukligi darajasi belgilaydi. Negaki, go`dak ona vujudida shakllanadi, ona sutidan oziqlanadi. Dastlabki ikki misrada shoir huddi shu teran haqiqatni hech bir shoirni takrorlamagan holda obrazli tasvirlashga erishgan. ”Ona chiroyda barq urgan ziyo, Farzand yanog`ida bo`ladi paydo” – bu satrlarda ana shu hikmat, hayotning chuqur falsafasi talqin etilgan. ”Seni, bolaligim, men ko`rdim boya, Bahor diydorida ravshan – huvaydo” satrlari orqali shoir onani bahorga o`xshatadi. Ana shu to`rt misrada Mirtemir ona – farzand - bahor – bolalik tushunchalari orasidagi uzviy bog`liqlikni betakror badiiyat orqali ifodalaydi.
Erta tong salqini, quyosh kulgisi,
Shafaq latofatli, buloq diydori,
Onalarning mehri, padar suygusi
Hayot maolhati – jilvang diyori!
Bu misralarda onalar mehri quyosh kulgusiga, shafaq latofatiga qiyoslanadi. Hayot malohati onalar mehri va padar suygusida ekani haqidagi badiiy umumlashmaga kelinadi. Umuman ”Sen, bolaligim...” she`ri ona obrazining o`ziga xos tasviri bilan alohida ajralib turadi.
”Toshbu” nomli she`rida shoir onasi qadriga yetmagan, xizmatini qilib, duosini olish o`rniga ko`p aziyat yetkazgan Xoltosh obrazi vositasida mushtipar ona kechinmalari, ko`ngil iztiroblarini, ruhiy titroqlarini betakror talqin etishga erishgan.
Koni tashvish –ku bu tilsiz chaqaloq,
Eh, sho`rlik ona.
Kechalari shundoq o`tgandir, uyg`oq,
Zoru parvona...
Ijodkor bu satrlarda ”koni tashvish bo`lgan tilsiz chaqaloqni ” ni voyaga yetkazish ilinjida zor – u parvona bo`lib, kechalari bedor o`tkazgan munis ona obrazini ta`sirchan ifodalaydi. Chaqaloqni yuvish, tarash, tunni tongga ulab beshik tebratish, o`zi so`lg`in charchoq holda bo`lishiga qaramay, beshikka beun kulib qarash – bolasiga jonu dilini bag`ishlagan mushtipar ona ruhiyatini shoir badiiy detallar orqali tasvirlaydi. Bu misralarda tinimsiz yig`layotgan chaqaloq, tebranayotgan beshik, ana shu beshikka suyanib, tunni bedor o`tkazayotgan ona timsoli har bir insonning ko`z o`ngida namoyon bo`ladi.
Eh, ona taqdiri, ona taqdiri
Og`ir nechog`lik,
Hanuz yaralganmas ona tasviri,
Siynasi dog`liq...
Mening xasratimda ketdi bevaqtroq,
So`ndi sham kabi...
Shoirning mahorati shundaki, birinchidan, oz so`zga ko`p ma`no yuklaydi, ikkinchidan, sifatlashlar, o`xshatishlar, tushkun ruhiyat tasviri orqali ifodaning ta`sir kuchi oshishiga erishadi. Bu satrlardan armon, iztirob, dard silqib turibdi. Tabiiyki, so`zning zamiridagi dard har bir insonga ham ta`sir etmay qolmaydi. Inson ko`z o`ngida mushfiq ona siymosi namoyon bo`ladi. Volidasini qadrlagani uchun shukronalik yoxud e`zozlamay olmagani bois o`kinch va armon ko`nglini chulg`ab oladi. Zero, she`rdan maqsad ham shu. She`r she`r uchun emas, axir. Insonning qalbiga ta`sir etmagan, tuyg`ularini junbushga keltirmagan, tafakkurida evrilish paydo qilmagan, yangi orzular, ideallar og`ushiga olib kirmagan she`rni she`r deb bo`lmas.
Sandiqda qolibdi atog`liq belbog`
Xoltosh tag`in gang.
Yemay – ichmay balki jamg`armish uzoq...
Attang, yuz attang!
Ona har doim farzandi g`amida kun o`tkazadi, mudom uning tashvishi bilan yashaydi. ”Sandiqda qolibdi atog`liq belbog`” – chinakam milliy ruh ifodasi kuzatiladi bu misrada. Shoir o`zbek onasining ruhiy olamini yorqin hayotiy detal orqali inkishof etadi. Ana shu misrada ona orzusi, armoni, ruhiyati – barchasini o`zida mujassam etgan. Zero, o`zbek onasigina hech narsasi yo`q bir sharoitda ham jigarbandining to`yini ko`rish orzusida hech bo`lmasa bir belbog`ni ko`ziga surtib asraydi. ”Yemay – ichmay jamg`arish uzoq... Attang, yuz attang!”
Odamzot tabiatiga xos bir xususiyat bor: aksar hollarda mohiyatni kech anglaydi, voqelikdan kechikib xulosa chiqaradi. Haqiqatni anglagan, his etgan kezda esa, vaqt o`chog`i allaqachon o`zga manzillarga yetib bo`ladi. Xoltosh ham huddi shunday: o`z vaqtida onasining qadriga yetmaydi. Balki bu nuqson faqat ungagina tegishli emasdir. Ayrim insonlarni istisno qilganda, aksar farzandlar ana shu holga tushishi hayotiy haqiqat – ku, axir! Onani o`z vaqtida qadrlagan, hokipoyini ko`ziga surtib, e`zozlay olgan odam, afsus, juda kam. Shu ma`noda, Xoltoshni umumlashtiruvchi obraz, deyish mumkin.
... Mahallada tanho so`qqabosh,
Do`ppi yarim, beparvo, beor.
Tirik boqim, beburd, bag`ritosh,
Bor - yo`gini o`rtamish qimor.
Yarim tunda kelar: ”Ona... Oshshsh!”
”Onalarning obrazi o`zi bitta, - deb yozadi O`zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov. Lekin shakl – shamoyili, ismi har xil bo`lishi mumkin. Millati ham, boringki, dini ham har xil bo`lishi mumkin. Lekin hamma onalarning fazilati bir xil. Umuman, hamma dinda millatda ona degan kasb bitta. Ona – bu mehr degani. Ona farzandi uchun yashaydi, afsuski, farzand ona uchun yashamaydi. Shunda katta farq bor. Ona bolasi uchun doim tayyor turadi. Lekin farzandni esa, albatta, ona uchun qurbon bo`ladigan tarzda fidoyi qilib tarbiyalash kerak”25.
Mirtemirning san`atkorligi ham shunda ko`rinadiki, u ” tirik boqim” Xoltosh va qo`ygan ona ruhiyatini qayg`uli bo`yoqlarda tasvirlaydi. Shoir ”Toqati toq, nursiz ko`zda yosh, Hasratida qaddi ey, bemor ” singari sifatlashu o`xshatishlarni keltiradi. She`rdagi har bir so`z, jumla, ohang onaizor ruhiyatini teran ifodalashga qaratilgan. O`zbek onasi har qanday musibatga bardosh berishi mumkin, lekin bolasi sabab el ichida uyatli bo`lib qolsa, bunga toqat qila olmaydi. Yillar yukidan shundoq ham egilgan qaddi battaroq egiladi, ko`ngli butunlay cho`kib qoladi, yorug` olam zimistonga aylanadi.
Koshki, qo`ysa daydishini Xoltosh,
Sayoq ko`ngli topsaydi qaror,
To`y – tomosha qilsam... bir yuvosh
Kelin tushsa, qanday beg`ubor.
Xoltoshning onasi – sabr timsoli. Shoir onaning umidvor kayfiyatini, har qanday og`ir sharoitda ham quvvat topa olgan ruhini o`zbekona orzuga bog`lab talqin etadi. Ya`ni to`y – tomosho qilsam, bir kelin kelsa degan satri. Milliy ruhning betakror tasviri. Mirtemir she`riyatining asosiy fazilatlaridan ekani ana shu birgina misoldan ham yaqqol ayon bo`lib turibdi. Ona uchun farzandni zavolini ko`rishdan ham og`ir musibat bo`lmaydi. Yuqoridagi misralarda ona ruhiyati, tubsiz armoni, insonning ongiga, ruhiga selday oqib kiradigan tarzda ta`sirchan ifodalanagan.
Darhaqiqat, Xoltosh qismati misolida Mirtemir ta`sirchan bir she`riy qissa yarata olgan. Bu qissa hayotda yo`lini yo`qotgan barcha xoltoshlar, shuningdek, jami jigarxun onalar armonining mungli talqinidir. Bu hol shoirning chindan ham onalarga atab she`rdan so`ng yodgor yaratganiga dalil bo`la oladi.
"Sen Ona...” she`ri obraz yorqinligi jihatidan ham, ona – ayol ruhiyatining betakror tasviri nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. She`rda Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur singari ulug` mutafakkirlar, Mahmud Tarobiydek ozodlik harakati yo`lboshchilarining dunyoga kelishi ham ona degan mo`tabar nom bilan chambarchas bog`liq ekani zikr etiladi.
Alisherga alla aytib uhlatgan
Sen – ona,
Og`ushida Bobur kamolga yetgan
Sen –ona.
Tarobiyni og`ir jangga jo`natgan,
Sen – ona.
Olamni nurida munavvar etgan
Sen – ona.
Ushbu satrlarda esa, ona ruhiyati tasvirining tiniqligi, ta`sirchanligi bilan alohida ajralib turadi. Shoir talqinicha, onaning yig`isi dunyoni titratadi, kulgusi saodat parvarish etadi. Mazkur she`r urush yillarida yozilgan. Aslida, urushdan eng ko`p aziyat chekkan ham, urush sababli nuridiydasidan ayrilib, iztirobda qiynalgan ham, birinchi navbatda, onalar bo`ladi. Onalar ko`ngliga tahlika solgan o`sha suronli yillarning iztiroblari Mirtemirning mana bu misralarida, ayniqsa ta`sirchan ifodalangan:
Yagona o`glingni jo`natding jangga,
Bo`l bardam, ona!
Onaday oshiq yo`q Ona – Vatanga,
Muhtaram ona...
Mirtemir ijodida milliy adabiy an`analar, she`riy madaniyat ufqlarini kengaytirishga intiladi. Va buni muvaffaqiyat bilan ado etdi. Ona mavzusidagi she`rlari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Hayot kezlarida onani munosib darajada qadrlab, xizmatini qilish, duosini olib, roziligiga erishish – uklug` saodat. Lekin taasufki, bunga hamma ham birday muyassar bo`lavermaydi. Shu man`oda Mirtemirning ”Onaginam” she`ri zohiran biografik xarakterga ega bo`lib ko`rinsa - da, aslida umumlashma xususiyat kasb etadi, Bu esa, she`rni real voqelikning ifodasi deb qarash u qadar to`g`ri emasligini ko`rsatadi.
She`rning boshlanishida shoir lirik qahramon ruhiyati tasvirini kuchaytirib ifodalovchi g`ashlik tushunchasiga urg`u bergan. ”Jigarimni qiymalab ahyon – ahyon chuchvaraga tukkuvchi ” – bu sifatlash g`ashlik lirik qahramon ruhiyatini batamom chulg`ab olganini ko`rsatadi. Har bir insonda bu g`ashlikning sababini bilishga bo`lgan qiziqish tuyg`usi kuchaya boshlaydi. Bu so`zlar keyingi misralarda tasvirlanajak holatlarga muqaddima kabi taassurot qoldiradi.
Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi-
g`ashlik,
Bedavo sizlovuqday sizlatguvchi –
g`ashlik.
Jigarimni qiymalab ahyon – ahyon,
Chuchvaraga tukkuvchi –
g`ashlik.
Ona tilimizning ifoda imkoniyatlari nechog`lik keng ekaniga Mirtemir she`rlari yorqin misol bo`la oladi. Masalan: sizlovuq, sizlatmoq – boshqa shoirlar ijodida bunday so`zlarni topish qiyin.
Mirtemir – san` atkor shoir. Tabiiyki, mahorat o`z – o`zidan paydo bo`lmaydi. Keyinroq, shoirning o`zi bunday deb yozgan edi: ”She`r – bu yurak degani, qalbning say – harakati va tug`yonlari degani, she`r obraz va obrazli fikrlash degani”26. Ana shu tushunchaga sodiq qolgan Mirtemir ona haqidagi she`rida inson qalbini hayajonga soladigan yorqin, mukammal, eng muhimi, odamni o`ylashga, tafakkur qilishga da`vat etadigan obrazli tasvirlar yaratdi. Mana bu misralar insonning ruhiy olamini ag`dar – to`ntar qilishga , uning qalbida buyuk zot – ona oldida o`z vaqtida ado etilmagan qarzdorlik tuyg`usini uyg`otib yuborishga qodir.
Tizzasiga bir nafas bosh qo`yishiga
ko`zim yetsaydi,
Onalik mehriga obdon to`yishimga
ko`zim yetsaydi,
Oq sutingni oqlay, deyishimga
ko`zim yetsaydi,
Menda g`ashlik netardi?
Shoir insonlarning shuuriga kuchli ta`sir etadigan hayotiy detallarni benihoya o`rinli qo`llash borasida ham mohir. “Menda g`ashlik netardi?” der ekan, o`z fikrini “Yantoq o`tinidek , Tamaki tutunidek, Tong paytida tarqalgan badbaxtlik tunidek – Cheksiz fazolarga tarqab ketardi !” deya obrazli va ta`sirchan va ta`sirchan ifodalaydi.
Adabiyot Farhod Hamroyev yozishicha : “ Mirtemir badiiy izlanishlarining tadrijiy rivoji o`sha davr o`zbek adabiyoti taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini – ijodda realistik tamoyillarning qaror topishidan tortib ularning yangilanishigacha bo`lgan jarayonlarni o`zida aks ettiradi”27. Bu fikr tahlil etilayotgan “Onaginam” she`riga ham to`la taalluqlidir. Shoir realistik tasvir metodida har jihatdan ta`sirchan, badiiy barkamol, dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan zarracha ham qolishmaydigan asarlar yaratish mumkinligini o`z she`rlari orqali isbot qila oldi. Bunga shoir ijodidan ko`plab misollar keltirish mumkin. Jumladan; mazkur “Onaginam” she`rida muallif mana bunday satrlarni ijod qila olgan:
So`nggi yo`lga o`zim kuzatolmaganim –
Tog`day zil.
Adabiyotday cheksiz armon bo`lib qoldi dilimda,
onaginam!
Odam bo`ldimmi menam?
Shoir so`zni juda ham nozik his etadi. Ona tilimizning beqiyos ifoda imkoniyatlarini o`z lirik asarlarida bob bo`yi bilan ko`rsatishga intiladi. “Ona bo`ldimmi, menam?” – taassuffning yuqori chegarasi mujassam etgan bu so`zlar chin ma`noda o`zbekona. Bunday so`zlar insonning ko`ngliga chuqur kirib boradi. Natijada, she`r muhlisi o`z – o`zini taftish qila boshlaydi. O`zidan o`tgan qusurlarni yodga oladi. Buyuk siymo – onasi oldida munosib darajada ado etolmagan burchi qalbini o`rtaydi, vujudida titroq soladi, vijdonini qiynashga tushadi.
Ha, odam sanashar meni elimda,
Senga qilolmagan xizmatchi,
Sen deb chekolmagan zahmatim –
Jindak zehnim, jindak she`rim, jindak g`azalxonligim
Onalik mehriga to`ymagan mehrim,
Jindak yaxshilik va yomonligim
Meni odam sanagan elimga baxshida,
Jafodiyda onaginam!
Afsus – nadomatlar odam ko`nglini g`uborlardan, zanglardan tozalaydi. Biroq inson faqat o`zigagina tegishli bo`lgan iztiroblar girdobida qolib ketmasligi zarur. Ijodkorning ijodkorligi, shoirning shoirligi shundaki, u o`zini el bilan birga his etadi. El g`ami unga anduh, el quvonch unga shodlik hadya etadi.… “jindak yaxshilik va yomonligim Meni odam sanagan elimga baxshida”, degan to`xtamga kelishi buning yorqin isbotidir.
El nazari va ota – ona nazari bir – biriga uyg`un, biri ikkinchisi taqazo etuvchi tushunchalar. Elga ona nisbati berilishi, “Ona el” deyilishi zamiriga ham ana shu teran hikmat mujassam. Shoirning “Elga xizmati senga xizmatim emasmi” deyishi sababi ham shunda. Chunki el – ona timsoli, ona esa – el ramzi:
Elga xizmatim – senga xizmatim emasmi axir,
El meni farzandim demasmi axir!
“Rozi bo`l, odam sanalay menam…” – bu xulosa milliy ruh ifodasi, poklangan ko`nglimning o`zbekona samimiy izhori. Zero, ona rozilligi o`zbek uchun eng muqaddas tushunchalardan biri, odamiylikning bosh shartidir. Ona rizosiga, el rizosigacha muyassar bo`lmoq xalqimiz uchun sharaflar ichra eng oliy sharafdir. Mirtemirning ona mavzusidagi she`rlari ana shu toza tuyg`u, milliy ruh betakror talqin etilgani bilan yangi zamon o`zbek she`riyati rivojida alohida mavqega ega. Bu she`rlar tahlili shoirning ona timsolida elni, el deganda esa onani tushungani haqidagi muhim xulosaga olib keladi.
Bundan tashqari, o`zbek she`riyatida ona siymosini yaratgan shoir va shoiralar ko`p. Faqatgina Mirtemirning ijodida ona obrazini ko`rmay balki, Saida Zunnovaning ham she`rlarida ona qiyofasining qanday buyuk aks ettganini guvohi bo`lamiz. Shoira, yozuvchi dramaturg S.Zunnunova hayotda ham, ijodda ham o`zbek qiyofasini gavdalantira olgan ayol sifatida umrguzaronlik qildi. U bardoshli, fidoyi, munisa ayol, ijodkor sifatida xalqimiz xotirasida yashab qoldi. O`zbek adabiyotida urush fojealari aks ettirgan dostonlar orasida shoiraning “Ruh bilan suhbat” dostoning suyjeti, ifoda usuliga ko`ra o`ziga xoslik kasb etadi. Doston to`y yakuni tasviri bilan boshlanadi. So`ng yolg`izlikda ming bir azob, ammo sabr – bardosh bilan o`g`lini voyaga yetkazib, uni kuyovlik libosida ko`rgan o`zbek onasining kechinmalari beriladi.
Qo`shaloq kaptardek ahil va inoq
Shu uyga fayz berib, yashasalar bas.
Shu orzu ovunchida umri o`tdi toq,
Tayanch, dalda bo`ldi shu ezgu havas.
Nabiralar quritsa koshki tinkasin,
Quvnoq shovqinlari hovlini tutsa,
Bag`riga bosib, goh tutib yelkasin,
Qolgan umri koshki, shunaqa o`tsa28
Dostondagi ona obrazi urush tufayli beva qolgan o`zbek ayolining umumlashma timsolidir. Shoira xotirlash motividan foydalanib voqelikni davom ettiradi. Lirik qahramon holatini bo`rttirish uchun “ Guldasta qo`lida ma`yus va sokin. Asta kirib keldi jimjit uyiga”, deya ta`kidlaydi. Birgina “jimjit uy” birikmasi umrini toq o`tkazgan ayol azoblarini she`rxon shurriga yetkaza olgan:
Sarupo kiymading qaynona bo`lib,
Hech yo`qsa gullardan bo`lgin bahramand.
Odam keldi bugun hovlingga to`lib,
Farzanding yoniga qo`shildi farzand…
Shodlik, o`kinchdanmi, ko`z yoshlar oqdi,
Ona qalbi so`zsiz chekardi fig`on
Xira ko`zlar bilan suratga boqdi,
U hamon o`shanday, sukutda hamon.
Beva qolganida yoshgina bo`lgan ayolning endi ko`zlari xira tortib ulgurgan, yillar uning vujudiga ham ruhiga ham o`z hukmini o`tkaza olgan. Ammo urushda halok bo`lgan ota “hali ham o`shanday chiroyli, yosh, hali ham o`shanday zabardast, mag`rur”. Shoira toy voqeasi ifodalangan sujet bilan cheklanganida asar she`riy hikoya bo`lib qolar edi. Bi rnecha sujet birlashuvi asarni doston holiga keltirgan. Unda voqelikdan ko`ra kechinma ustuvor bo`lgani sabab sar lirik dostondir.
Boqishing hali ham o`shanday iliq,
Dilingda nelar bor aytmaysan faqat.
Qatra ko`z yoshimga turolmasding tek,
Nega indamaysan oh surat, surat!
Daryo bo`lib oqqan ko`z yoshlarim haqqi
Ko`yingda ming toshga urilsa hamki,
Ming toshdan qattiqroq boshlarim haqqi
Bir nafas tilga kir, mayl bir sekund.
Shoira o`ta mahorat bilan bosh qahramonni holatini tasvirlaydi. Ona urushga jo`natgani – turmush o`rtog`ini “izlayverib holdan toygan”, “poyezdlardan o`tib, yellardan o`zib” ham yor vasliga yetolmagan ayoldir. Lirik qahramon jufti halolini topish uchun “daryolar kechdi, tog`lar oshdi”, “kuygan bug`doyzorlar, bog`lardan o`tib, “oq qayin ostida tanho turgan “qabrni topdi. Shoiraning mohirligini ko`ringki, so`zlar marvariddek tizilgan, ularni shodasidan olib tashlab ham, joy almashtirib ham, boshqa so`z – munchoq qo`shib ham bo`lmaydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ona mavzusi o`zbek she`riyatida eng yuksak cho`qqiga ko`tarilgan, hamma dildan ilhomlanib yozadigan yo`nalishlardan biridir. Hech bir o`zbek yozuvchisi yo`qki, onanini madh etmagan, unga atab she`r va dostonlar bitmagan. Bunga yuqoridagi ikki shoir va shoiraning ijodini misol qilib olishimiz mumkin. Ularning ijodida ona mavzusi bo`lakcha. Negaki, ular o`z she`rlariga o`z onalarining mardonavor jasoratini, ularning hayotda ko`rgan kechirganlarini huddi, o`z onasini tasvirlagandek yoritib beradilar.Ular o`z she`rlarida o`z onalarining hayotda ko`rgan azob – uqubatlarini ajib bir chizgilar orqali insonning yuragiga yetib boorish darajasida ifodalashadi. Zero, ona bor ekan she`riyatimizda bunday sermazmun va sermahsul yaratilishlarning soni yanada ortib boraveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |