XULOSA
Bizga ma’lumki, adabiyot har bir davrning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-
axloqiy muammolarini koʻtarib chiqishi va ularga javob izlashiga koʻra
tarbiyaviy ahamiyatga ega. Uning ijtimoiy-ma’rifiy xususiyati, ayniqsa, tahlil
va talqin vositasida baholash mezonlariga aniqlik kiritishda yaqqol koʻrinadi.
Tabiiyki, bu jarayonda jamiyat hayotini sogʻlomlashtirish va dunyoqarashini
toʻgʻri yoʻlga solish yetakchi mavqega erishadi.
Qiyosiy adabiyotshunoslik, avvalo, turli mamlakat va millatlar
adabiyotining oʻxshash va farqli jihatlarini oʻzaro taqqoslab tadqiq qilish
orqali badiiy adabiyotni chuqurroq oʻrganishga katta yordam beradi.
Shuningdek, yozuvchi mahoratini tizim shaklida ochib berish, uning milliy
yoki jahon adabiyotidagi mavqeini belgilash, yozuvchining oʻziga xos
iste’dodini, badiiy mahorati va yashirin qirralarini bilib olish uchun boshqa
bir ijodkorning oʻxshash asari bilan qiyoslab oʻrganish ham muhim sanaladi.
Qiyoslash orqali adabiyotning asl maqsadi ochiladi.
Badiiy adabiyot paydo boʻlganidan buyon uning asosiy obyekti
hisoblangan inson hayotiga doir turli muammolar doimiy yoʻldosh boʻlib
kelayotir. Shulardan biri otalar va bolalar (keng ma’noda ajdodlar va
avlodlar) oʻrtasidagi munosabatlar masalasidir. Insoniyat turmushi yoki jamiyat
taraqqiyotida yuz bergan oʻzgarishlarning aksariyati keksa avlod bilan oʻsib
kelayotgan yosh avlod oʻrtasidagi kelishmovchiliklar natijasidir. Bu jarayon
badiiy adabiyotda aks etmasligi mumkin emas. Otalar va bolalar oʻrtasida
yuzaga kelgan turli munosabatlar nafaqat badiiy adabiyotda, balki real hayotda
ham doimiy muammolaridan biridir. Biz ushbu ishimizda aynan shu
munosabatlarning salbiy koʻrinishlari, jahon va oʻzbek adabiyotida padarkush va
farzandkush obrazlari aks etgan asarlarni qiyosiy tahlil qilib, oʻzaro oʻxshash va
farqli jihatlarini, fojeaning kelib chiqish sabablarini, unga davr va makon ta’sirini
ochib berishga asosiy e’tibor qaratdik. Shu bilan birga ota va bola
munosabatlarining tarixiy va tarbiyaviy asoslariga ham toʻxtalib oʻtdik. Mavzuni
57
bayon qilish jarayonida jahon va oʻzbek adabiyotidagi padarkush va farzandkush
obrazlari aks etgan asarlarning qiyosiy tahlilidan foydalandik. Ushbu
yozuvchilarning badiiy mahorati, oʻziga xos uslub va ifodalariga ham yoʻl-
yoʻlakay e’tibor qaratdik. Ishimiz yakunida quyidagi xulosalarga keldik:
1.
Jahon adabiyotida otalar va bolalar oʻrtasidagi munosabatlar va ular
oʻrtasidagi muammolar aks etgan asarlar juda qadimiy tarixga va oʻziga xos
taraqqiyot bosqichiga ega. Ota va bola munosabatlari aks etgan dastlabki asarlar
antik davr adabiyotida uchraydi. Ularda dono va adolatli otalar, mard va itoatkor
farzandlar hamda ular oʻrtasidagi iliq munosabatlar namoyon boʻladi.
2.
Keyingi davrlarga, ya’ni ma’rifatchilik adabiyotidan boshlab
asarlardagi gʻoya va qahramonlar holati davrning ijtimoiy-siyosiy jarayonlari
ta’sirida oʻzgarib borgan. Jamiyatda eski avlod va yangi avlod oʻrtasidagi
keskinlik va ziddiyatlar asosiy mavzuga koʻtarildi.
3.
Oʻzbek adabiyotida ota va bola munosabatlari dastlab xalq ogʻzaki
ijodida oʻz aksini topadi. Ularda, asosan, dono va mard otalar hamda ota oʻgitlariga
amal qilib kamolga erishgan farzandlar tasviri ifodalanadi. Biroq, asrlar oʻtib,
insoniyat tafakkurida roʻy bergan oʻzgarishlar, jamiyat taraqqiyoti natijasida
bu munosabat oʻzgarib borgan. Oʻzbek mumtoz adabiyotida bu mavzu turli xil
koʻrinishlarda, asosan, otaga boʻlgan hurmat, farzandning azizligi pand-nasihat
korinishida asarlarda ifodalandi.
4.
Otalar va bolalar oʻrtasidagi munosabatlarga jadidchilik davriga kelib
qarashlar oʻzgardi. Jadid adabiyotida eski avlod bilan yangi avlod oʻrtasida
dunyoqarashdagi ziddiyatlar aks ettirildi va jamiyatdagi johillik, qoloqlik yoshlar,
umuman millat fojeasiga olib kelinayotganligi koʻproq ota-onalarning johilliklari,
ma’rifatsizliklari, farzandlarining his-tuygʻulari bilan hisoblashmasligi kabi
holatlar sabab ekanligi orqali koʻrsatib berishga urinildi.
5.
Jahon va oʻzbek adabiyotida padarkushlik hodisasi uch xil
ko`rinishda yuzaga kelgan. Bular: a) bilmasdan o`ldirish; b) manfaatparastlik
yo`lidagi qotillik; d) ma’rifatsizlik va johillik oqibatidagi qotillik. Badiiy
asarlarda, asosan, yuqoridagi uch xil padarkushlik omili tasvirlanadi.
58
6.
Badiiy adabiyotda farzandkush obrazlari milliy xususiyatga ko`ra
bir-biridan farqlanadi. Yevropa va rus adabiyotida qilgan gunohi uchun
qasddan farzand o`ldirish hodisasi ko`proq uchrasa, Sharq va o`zbek
adabiyotida bunday hol deyarli uchramaydi. Bu mentalitet omilining
natijasidir.
7.
Padarkush va farzandkush obrazlari avlodlar o`rtasidagi
ziddiyatlar, muhit va tarixiy sharoit, xarakter va axloq kabi masalalarni
badiiy yo`sinda bayon etadi. Bu obrazlar yordamida katta ijtimoiy va
ma’naviy masalalar o`z ifodasini topgan.
8.
Bu ilmish ish jarayonida badiiy adabiyotdagi azaliy muammolardan
biri oʻrganilib, qiyosiy metod asosida oʻxshash va farqli jihatlari tahlil qilindi.
Umuman olganda, otalar va farzandlar o`rtasidagi munosabat, padarkush
va farzandkush obrazlari tasvirlangan asarlar bugungi kun uchun ham,
kelajak uchun ham ahamiyatlidir. Bunday asarlarni oʻrganish orqali biz
oilaning muqaddasligi, tarbiyaning ahamiyati insoniyat uchun qanchalik kuchli
zaruriyat ekanligini yanada koʻproq anglab yetamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |