12-QISM
XOTIMA
–Sen...sen meni sotding, 1041!!!-Lord Lyuvis g'azab aralash baqirib yubordi,-Bunga qanday hadding sig'di?! Menga xoinlik qilishga nima haqqing bor?!
Yarim soat avval.
Shtabga boshlangan hujumdan qo'rqib, onalar bo'limiga berkinib olgan ayollar nima qilishni bilmay, buvining buyrug'ini kutib o'tirishdi. Aslida ular jang qilishga tayyor, juda ko'p marta shug'ullanishgan, lekin tashqaridan eshitilayotgan miltiq ovozi ularni baribir vahimaga solib, tashqariga chiqishga bo'lgan xohishini susaytirib bormoqda. Ayni shunday shovqinli damlarda qo'liga qurol ushlab olgan shtab buvisi Elizabet va unga ergashib kelayotgan Linda kirib kelishdi. Elizabet xonaga kirgach, jang qilishi kerak bo'lgan barcha onalar saf tortib, tekis bo'lib turib olishdi.
–Men bosqinchilarga yordam bermoqchiman,-dedi Elizabet jilmayib.
–Nima?!-onalardan biri hech narsaga tushunmay, qaytardi,-Yordam berasiz?
–Buvi...bu hazilmi?
–Bosqinchilarga yordam berib bo'lmaydi-ku! Bu shtabga xiyonat...
Onalar orasida har xil pichir-pichirlar boshlanib ketdi. Elizabet esa qo'lidagi miltiq bilan tepaga o'q uzib, barchani tinchlantirdi. Keyin baland ovozda gapini davom ettirdi:
–"Shtabga qarshi chiqish – noto'g'ri! Biz ularga bo'ysunishimiz kerak. Tirik qolishni xohlasak, ular uchun ishlashimiz va bola yetkazib berishimiz shart. Yashab qolishning boshqa yo'li yo'q..."-aynan shu gaplar kerak bo'lsa yuzlab yillar davomida shtab onalariga buvilar tomonidan uqtirib kelinadi. Sizlarga ham shu tushuncha uqtirilgan. Ameliya, Izabella va Kara buvi tomonidan...
–Buvi, bu bilan nima demoqchisiz?
–Ammo o'sha buvilarning o'zi qani?-so'radi Elizabet,-O'lib ketishdi! Ameliya buvini qarib qolgani uchun mahsulotga topshirishdi. Tushunyapsizmi, shuncha yillik mehnatlari evaziga osongina o'lim topdi! Izabella buvini nega o'ldirishgani noma'lum, ammo shtabga qancha ishlagan bo'lsa, shuncha tez unutildi. Kara esa bu do'zaxning asl manzarasini ko'rib, shtabga qarshi chiqdi. Ammo uni ham o'ldirishdi...
Miyangizni ishlating! Biz uchun shtab tomonidan beriladigan yagona mukofot – oson o'lim topish. Bundan ortiq hech narsa!
Elizabetning qarshisida turgan onalar hech narsa deyolmay, shunchaki og'izlarini ochib qolishdi. Ular borgan sari asl haqiqatni tushunib borishayotgandi.
–...Sizlarni bilmadim-ku, ammo bu hayot mening jonimga tegdi! Yaxshilab o'ylab ko'ring, biz ular uchun shunchaki hayvonlarmiz! Ortiq hech narsa emas. Men ozod bo'lishni xohlayman! Bunday imkoniyat boshqa berilmaydi. Yoki menga qo'shilib, ozodlikka chiqing, yoki hayvonga o'xshab o'lib keting. O'z taqdiringiz o'z qo'lingizda...
Do'stlaringiz bilan baham: |