SANGIJUMONDA YOZ MANZARALARI
Saraton.
Darmonday qurigan suvlar.
Buloqlarning ko‘zlari o‘yiq.
Suvsoq soylar ilon kabi bilanglab
ketib borar
suvloq yerlarga.
Bunda chanqamas quduqlar faqat,
Yozning chanqog‘in ko‘rib,
xijolatdan yerga kirib ketgan quduqlar.
* * *
Keldigim, kelmaging bunchalar qiyin?
Kuldigim, kulmaging bunchalar qiyin?
Bildigim, bilmaging bunchalar qiyin?
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
Bu ko‘ngil emrandi, azobim - bilgich,
visoling falajdir, hijroning - kelgich,
tabassum ko‘rmagan shikasta kulgich.
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
Baxtning darvozasi zanglab yotadi,
yurak ochilmog‘in angnib yotadi,
ortiga oy botar, yulduz botadi.
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
Ne nayson edingki, abr kelmadi,
qoshing qarosidan qadr kelmadi,
na jahru na zikru sadr kelmadi.
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
Ko‘ngil oynasiga ko‘z yosh to‘kildi,
falakdan oy bilan quyosh to‘kildi,
umid kosasidan bardosh to‘kildi.
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
Dildan yulib oldim har bitta baytni,
kulindim, tilindim, alyorlar aytdim,
shoyad tunlarimga suydigim qaytsa.
Suydim, allayor-allayor,
kuydim, allayor-allayor!
* * *
Tiyramoh bog‘lari rutubatlidir,
kezinar, ezinar telba ruhunat.
Yomg‘ir bo‘lib bo‘zlar sag‘ir sukunat,
ichingda o‘rmalar kuygin bir gidir.
Gulim, bahorlarda ketding sen qolib,
oramizda to‘qson, bir qishlik yo‘l bor,
taroqdan o‘rmonu oynadan ko‘l bor,
na ohim yetgaydir, na qiylu qolim.
Tushovin uzolmas vaqt - arg‘umoq,
chiltanning qo‘llari qanotga do‘nar.
Ketarman, bu yerda qolmog‘im gumon.
Ketarman, izimdan xazonlar haydab,
shamollar ergashar. Daraxtlar to‘nar.
"Bor-ho, kel-ho, hamalam-ha, yo‘l qaydi?.
* * *
Sen meni aldaysan tush kabi,
bahorlar keladi, kelmassan.
Janublardan qaytgan qush kabi
mening kulbam qayon, bilmassan.
Yulduzdan so‘rayman - devona,
men seni oylardan so‘rayman.
Kuyadirman shamsiz parvona,
samandardek kuldan to‘rayman.
Sen meni aldaysan, gulgina,
kimning bog‘lariga qaytarsan?
Ko‘nglim sinar, muz bo‘lib sinar.
Sen meni aldama, aldama,
suydim deb kimlarga aytarman?
Umid sog‘inch idrokin yamar.
GULIM
Yurakni tikaman, tavakkal bu - mir,
Yutaman, hijroning chiqadi. Ne sir?
Qaroqda armonlar aylanar gar-gar:
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.
Boshimda quzg‘undek charx urar kunlar,
Na der bor, na she’r bor seningsiz tunlar,
Ko‘ksimdan Oy bo‘lib otadi munglar,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.
Ne rostki, dunyoning yolg‘onlari mo‘l,
Bermog‘i mushkuldir, olganlari mo‘l,
Ne g‘amki, ketgandan qolganlari mo‘l,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.
Ne bahor, men uni sog‘inmay qo‘ydim,
Ne sabr kosasi - hajr, may quydim,
Ne orzu edingki, armonga yo‘ydim.
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.
Gullarga qarayman, gulim yo‘q mening,
Yo‘llarga qarayman, yo‘lim yo‘q mening,
Yondim-u, kuydim-u, kulim yo‘q mening,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.
Ne nayki, bo‘g‘zida navolar kuyar,
Qobirgam o‘rnida havolar kuyar,
Oqqushning bo‘ynida savollar kuyar,
Gulim,
ruxsoringai ko‘rurmanmi bir?
Do'stlaringiz bilan baham: |