Faxriyor ijodi
Reja:
1.Faxriyor hayoti va ijodi
2.Faxriyor she’rlari
3.Faxriyor she’rlari tahlili
Faxriyor (Faxriddin Nizomov) 1963 yilda Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati, Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog’ida tug’ilgan. Samarqand davlat universitetining o’zbek filologiyasi fakul`tetini tugatgan (1988). «Dardning shakli» (1987), «Ayolg’u» (2000), «Geometrik bahor» (2004) she’riy to’plamlari, «Yangilanish an’analari» (1988) publitsistik maqolalar to’plami nashr etilgan. Uning tarjimasida T. Uinter (Abdulhakim Murod)ning «21-asrda islom: postmodern dunyoda qiblani topish» (2001) diniy-falsafiy kitobi nashr etilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida F.Nitsshe, Z.Freyd, A.Bergson, K.Yung kabi faylasuf va ruhshunoslarning qarashlaridan ta’sirlangan bir guruh ijodkorlar yangicha – modernizm yo‘nalishiga asos soladilar. Dastlab Yevropa madaniyatida keng tarqalgan mazkur yo‘nalish XX asrga kelib butun dunyoda ommalasha boshladi. Modernizm jahonda globallashuv jarayonlari boshlanayotgan bir vaqtda siyosiy, madaniy, iqtisodiy omillar o‘zaro kesishgan nuqtada vujudga keladi.
Modernistlar olamni mantiqqa tayanmagan, hissiy “tafakkur” asosidagina to‘laqonli tushunish mumkin, deb hisoblaydilar. Ular bunda mantiqiy-tahliliy mushohadaga qarshi turib, irratsional ongni yetakchi sanaydilar. Shuning uchun modernistlar an’anaviy metodlarni inkor etib, abstrakt, noreal ifoda shakllarida ijod eta boshlaydi. Bu yo‘nalish vakillari ijtimoiylikdan chekinib, o‘z shuuri tomon yuzlanadi. “Ya’ni bu o‘rinda voqelikni aks ettirish emas, ijodkorning o‘z-o‘zini ifodalashi ustuvor ahamiyat kasb etadi”.[1]
O‘zbek adabiyotiga modernizmning kirib kelishi yoki ta’siri borasida olimlarimizning qarashlari turlicha. Xususan, professor U.Normatov o‘tgan asrning 20-yillarida Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat, Botu, Oybek kabi ijodkorlar G‘arb modernizmidan kuchli ta’sirlanganini ta’kidlab o‘tadi. Filologiya fanlari nomzodi M.Yo‘ldosheva ham o‘z tadqiqotida jadid adabiyotiga xos ba’zi xususiyatlar o‘zbek adabiyotida XX asr boshlaridayoq modernizmning bo‘y ko‘rsatganidan darak berishini aytadi. M.Xolbekov esa modernizm o‘zbek adabiyotiga o‘tgan asrning 80-yillaridagina kirib kelgan degan fikrni ilgari suradi. Umuman, modernizmga xos xususiyatlarning adabiyotimiz tarixining turli davrlarida uchratish mumkinligini ko‘plab olimlarimiz tasdiqlaydilar. Adabiyotshunoslikda yangi hodisaga nisbatan qarashlarning turlicha bo‘lishi tabiiy, albatta. Ammo, bizningcha, adabiy yo‘nalishning muayyan davrga xosligi unga tegishli xususiyatlarning uchrab turishi bilan emas, balki butun bir ijtimoiy guruhning shu yo‘nalishga xos ijodiy kayfiyatda ekani bilan belgilanishi kerak. Shu ma’noda, biz M.Xolbekov ko‘rsatgan davr (80-yillar)ni o‘zbek adabiyotiga modernizmning kirib kelishi davri deb hisoblaymiz.
80-yillarning oxirlarida mafkura bosimining bir qadar pasayishi madaniy hayotdagi jiddiy o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi. Avvalo, ijodkor ko‘nglidagi dardni aytishda nisbiy erkinlikni his qiladi. Ayni damda, qariyb bir asr davomida odamlarning butun fikr-xayolini band etib, e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan kommunistik mafkuraning asl qiyofasi oshkor bo‘ladi. Qudratli va ulkan “imperiya” yemirilayotgan parokanda davr san’atkor ruhiyatiga, uning ijodiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. “80-yillar oxiri 90-yillar boshlaridagi vaziyat bizda modernizm adabiyotining, absurd inson obrazining tug‘ilishi uchun zamin tayyorladi”[2]. O‘zbek modernizmining “qaynagan” vaqti 90-yillarga to‘g‘ri keladi. Bunga sabab ijodkorlarni birlashtirgan bir xil kayfiyat va shu kayfiyatni ta’minlab turgan “o‘tish davri” edi. Abduvali Qutbiddinning “Tasavvur lahzalari” she’ri, Faxriyorning “Muchal yoshi”, “Yoziq” kabi dostonlari, Bahrom Ro‘zimuhammad, Aziz Saidning bir turkum she’rlari, Nazar Eshonqul hamda Ulug‘bek Hamdamning qissa va hikoyalari ayni shu davrning mahsuli edi.
Modernistik ifodada badiiy sintezning ahamiyati boshqa metodlarga nisbatan kuchliroq sanaladi. Zero, modernizmning falsafiy asosida san’atlarga bir butun hodisa sifatida qarash g‘oyasi turadi. Umuman, modernizmni vujudga keltirgan falsafa zamirida ham san’at turlariga, keng ma’noda, butun insoniyatning madaniy hayotiga yaxlit hodisa sifatida qarash ustuvor bo‘lgan.
80-yillarga kelib zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi ba’zi o‘rinlarda rangtasvirning modernizm yo‘nalishiga xos unsurlar qo‘llanila boshlandi. Bunday o‘ziga xoslikning ilk namunalarini Rauf Parfi “chizgan” manzaralarda ko‘rish mumkin:
Yulduzlarning achchiq nurlariga chirmashar,
Yular oyning namxush sochlarini
Falakka termulib qolgan ko‘zlaring.
Rauf Parfining 1980 yilda yozilgan “Tong sahardan o‘ltiribsan…” misralari bilan boshlangan she’rida ma’shuqa ko‘zlari bilan kuzatilayotgan manzara tasvirlangan. Shoir manzarani bevosita tasvirlashga intilmaydi. U ma’shuqaning holini ifodalashga urinar ekan, o‘z-o‘zidan o‘quvchida muayyan tabiat manzarasini ko‘rish imkoni tug‘iladi. Ammo bu o‘quvchi o‘rgangan she’riy tasvirlardan jiddiy farq qiladi. Ya’ni shoir aql bovar qilmas o‘xshatish bilan inson ko‘zlariga “yangicha vazifa”ni yuklaydi. O‘quvchi bir lahza bo‘lsa-da, Oy va yulduzlar nuriga “chirmashib” o‘sib borayotgan nigohlarni tasavvur qila boshlaydi.
Rauf Parfi she’riyatimizga tasvirning o‘ziga xos, modern ko‘rinishlarini olib kirgan ijodkorlardan biridir. Uning ijodiga vizual obrazlarning noodatiy shakllari jilo berib turadi: “Yulduzlarning nurlari og‘ir”, “Qora pardangni tashla yuzingga, tun”, “Yulduzlarni tugma kabi yulsalar”, “Derazamga uriladi qor / Jaranglaydi jarangsiz kumush”, “Tog‘larimga cho‘kdi osmon” va h.k.
Zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi modernistik tamoyillarni yaxlit holda tasavvur etishda “O‘zbek modern she’riyati” nomli to‘plam ahamiyatga molik. Mazkur to‘plamda yigirma to‘rt nafar shoirning ijod namunalari jamlangan. To‘plam tuzuvchilari o‘tgan asrning 20–30- va 70-yillarida she’riyatimizda modernizmga xos xususiyatlarning aks etganligini qayd etsalar-da, kitobga 80-yillarga kelib ijod eta boshlagan shoirlarning she’rlarini kiritadilar. Kitob mundarijasi shoir Abduvali Qutbiddin asarlari bilan boshlanganini hisobga olsak, tuzuvchilar uni o‘zbek modern she’riyatining peshqadami sifatida ko‘radi.
Abduvali Qutbiddin ijodiga nazar tashlar ekanmiz, uning asarlari ham an’anaviy uslubda, ham modernizm yo‘nalishida bitilganini kuzatishimiz mumkin. Shoir she’rlari ramzlarga o‘ta boyligi bilan ajralib turadi:
Nahrlarda etagi yirtiq
Lo‘li qizday qarg‘anar osmon.
Sohil bo‘ylab ketmoqda yo‘rtib –
Oppoq biya
Bedard,
Bedarmon
Arqon kabi tortiladi yel,
Sug‘riladi oftobrang qoziq.
Sapchiyotgan to‘lqin uchidan –
Yana to‘rga
Tushadi
Baliq.
A.Qutbiddinning 1984 yili yozilgan “Nahrlarda etagi yirtiq” misralari bilan boshlanuvchi she’rida abstrakt, o‘ta ramziylashtirilgan tasvirni ko‘rish mumkin. O‘quvchi she’rning badiiy-g‘oyaviy mag‘zini uchinchi banddagi birgina misra – “Muqannani sotgan xiyonat” orqali ilg‘ab oladi. Demak, she’r muayyan tarixiy voqelik haqida. Bu o‘rinda biz uchun muhimi, tarixiy voqelikning muayyan tasvirda, tasvir bo‘lganda ham modernizmga xos abstrakt yo‘sinda ifoda etilganidir. She’rni o‘qirkansiz, shoir tasvirlayotgan manzaralar bilan Muqanna qismatini uyg‘unlikda ko‘ra boshlaysiz. Birinchi bandda kuchli dovul, momaqaldiroq, chaqmoq tasvirlangan bo‘lsa, ikkinchi bandda daryoning qoyaday ko‘tarilayotgan to‘lqinlarini ko‘rasiz. Ayni damda, shoir kichik detallar bilan Muqanna qismatining xarakterli o‘rinlariga urg‘u berib o‘tadi: “Sapchiyotgan to‘lqin uchidan – Yana to‘rga Tushadi Baliq”. Shoir she’r matnida tarixiy voqelikka ishora qilsa-da, aslida, o‘z davri voqealariga yuzlanayotganini anglash qiyin emas. U Muqanna siymosida nafaqat o‘zini va ziyolilarni, balki butun xalqni ko‘rayotgan bo‘lishi ham mumkin.
A.Qutbiddin ijodida she’riyatimizda birinchilardan bo‘lib modernistik tasvir to‘laqonli namoyon bo‘ldi. Undan oldingi shoirlarning she’rlarida muayyan modernistik vizual obrazlar yaratilgan bo‘lsa, A.Qutbiddin butun tasvirni, butun manzarani modernistik uslubda “chizadi”:
Qor gulxani…
Big‘illab qaynayotgan chovgun…
Bo‘g‘otlarda hakalab yurgan qish…
Qor chaqmog‘i…
Etagi kuygan izg‘irin…
Qor bo‘roni…
O‘yin tushayotgan ayol…
Charx urib… Charx urib…
Charx urib…
“Tasavvur lahzalari” she’riy turkumidan olingan ushbu parchada shoir qish manzaralarini bu faslga xos bo‘lmagan ko‘rinishlar bilan (“Qor gulxani…”, “Qor chaqmog‘i…” v.b.) tasvirlashga uringan. Albatta, bu o‘rinda muayyan manzarani, shoir maqsad qilgan badiiy g‘oyani anglab olish juda qiyin. Chunki biz shundoq ham tushunish mushkul bo‘lgan misralarni katta hajmli she’rdan ajratib olganmiz. Ammo “Tasavvur lahzalari” she’rini to‘la o‘qib, gap 90-yillarning achchiq hayoti haqida ketayotganini tushungan o‘quvchi yuqoridagi “mantiqsiz” parchada ham muayyan manzarani ko‘radi, asosiysi, lirik sub’yekt kayfiyatini his qiladi. Zero, 90-yillar hayoti ijodkor nazdida shu kabi alg‘ov-dalg‘ov, sira o‘xshashi yo‘q manzaralardan iborat edi. Shoir hali o‘zi ham tushunib ulgurmagan hayotiy, ijtimoiy manzaralarni shu kabi noreal tasvir bilan ifodalaydi. Bu she’rning ifodaviy o‘ziga xosliklari modernizmning dadaizm oqimida ijod qilgan musavvirlarning kartinalarini yodga soladi.
O‘zbek modern she’riyatining yana bir yorqin namoyandasi sifatida shoir Faxriyor e’tirof etiladi. Faxriyor o‘zbek she’rxonini yangicha obrazlar olami bilan tanishtirgan, o‘z tashbihlari bilan zamonaviy o‘quvchi didini o‘stira olgan sanoqli ijodkorlardan biri. Shoir chizgan manzaralar o‘ziga xosligi, yorqinligi, asosiysi, noodatiyligi bilan ajralib turadi:
ko‘ylagini yechayotgan ayolday
tunni yig‘ishtirib olar tabiat
borliq ustidan
va uni
farishtalar taxmoniga solib qo‘yadi
tun xudoning omonati
yulduzlar omonatga tushgan kuyadir
tunni ilma-teshik qilib tashlar yulduzlar
Faxriyorning “Tong tashbihlari” nomli she’ridagi obrazlarni real olam ko‘rinishlari bilan faqat uzun assotsiativ zanjir vositasidagina bog‘lash mumkin. She’rda tunning tongga yaqin, osmondan yulduzlar bir-bir “terilayotgan”, asta-sekin qorong‘ulikning quyuq rangi yo‘qolayotgan pallalari tasvirlangan. Bunda shoir, avvalo, o‘quvchini tunning libos (mato) ekanligiga ishontirib oladi. Shu bois endi o‘quvchi bemalol yulduzlarning kuyaga mengzalishini ham hazm qiladi. Go‘yoki yulduzlar – kuya, ular mato (osmon)ni ilma-teshik qilib yegan, unda tuynukchalar hosil qilgan. Mato ortida esa cheksiz yorug‘lik bor. Har kecha, tun ko‘ylagini kiyganida yorug‘lik nurlari shu tuynuk (yulduz)lardan o‘tib keladi…
O‘zbek modern she’riyatining rangtasvir bilan aloqalari Bahrom Ro‘zimuhammad ijodida yaqqol ko‘rinadi. B.Ro‘zimuhammad o‘zining tasviriy lirakasida modernistik ifoda uslublaridan unumli foydalanadi. Aniqrog‘i, shoirga “o‘tish davri” uyg‘otgan kayfiyatni ifodalashda modernistik uslub juda qo‘l keladi. Shu ma’noda B.Ro‘zimuhammadning tasviriy she’riyatida lirik qahramon ruhiy olamini, uning kayfiyatini ifodalash birinchi planda turadi.
B.Ro‘zimuhammad she’riyatidagi tasvirlar modernizm oqimlarining manifestiga juda mos keladi. Shoir she’rlaridagi tasvirni modernist musavvirning muayyan kartinasi bilan bemalol taqqoslash mumkin. B.Ro‘zimuhammad ijodini diqqat bilan kuzatar ekansiz, shoir ifodada modernizmning nazariy asoslariga tayanganiga shubha qilmaysiz. U o‘zining “Cho‘lpon – tong yulduzi demak” nomli kitobida san’atlarning o‘zaro yakdillikda talqin qilinishi, his etilishi, modern she’riyatni tushunishda asosiy kalit ekanini ta’kidlaydi. Bundan anglashiladiki, shoir modernizmning sintetik hodisa ekanini nazariy bilimlari evaziga yaxshi tushunadi, his qiladi. Uning tasviriy lirikasini modernizmning rassomchilikdagi turli oqimlari bilan qiyoslab, shoirning aksar asarlari she’riyat va rangtasvir o‘rtasidagi badiiy sintez asosida yaratilganiga guvoh bo‘lish mumkin:
Tong o‘rniga nimadir otibdi
bir emas juda ko‘p kunduzlar jimirlar
to‘rtburchak uchburchak kunduz va kunduzchalar
ba’zisi nim pushti ba’zisi jigarrang
ba’zisi tundek qop-qora
rangsiz ba’zisi…
1905 yili Parijda bir guruh yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmasi ochiladi. O‘zlarini jamoatchilikka fovist musavvir sifatida tanishtirgan bu ijodkorlar chindan ham rangtasvirda katta burilish yasagan edilar. Fovizm modernizmning dastlabki oqimlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Fovistlar tasvirga, avvalo, juda quyuq ranglarni olib kiradilar va tasvirlanayotgan ob’yekt shaklini buzishga urinadilar. Shu sababli fovistlar tasvirida siniq chiziqlarni, ba’zan, geometrik shakllarni uchratish mumkin edi. Shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning “Tong o‘rniga nimadir otibdi” misralari bilan boshlanuvchi she’rida aynan fovizm oqimiga xos tasviriylikni uchratish mumkin. She’rda shoir lirikadagi an’anaviy peyzaj tasvirlaridan umuman farq qiluvchi manzarani chizadi. U tabiatni turli geometrik shakllar vositasida (“to‘rtburchak”, “uchburchak”), o‘ziga xos, noodatiy ranglar bilan ifodalashga urinadi. Albatta, tabiat o‘z holicha ham juda go‘zal, ammo uning inson ko‘zlaridan yashirin ba’zi go‘zalliklari ham borki, buni san’atkorgina boshqalarga ko‘rsata oladi.
Bahrom Ro‘zimuhammadning “Yoz kechasi” nomli she’rida endi sal boshqacharoq, ammo noodatiylikda oldingisidan qolishmaydigan manzarani kuzatish mumkin:
Chirildoq ovozi
oy nuriga ilashib
chuvaldi qoldi…
She’rni o‘qirkansiz, taxayyulda aynan nimaning gavdalanayotganini tushunolmay halak bo‘la boshlaysiz. Siz real hayotda ko‘rishingiz va eshitishingiz mumkin bo‘lgan tun, oy va chirildoq ovozlari birdaniga qorishib, tasavvurda o‘ziga xos tasvirni hosil qila boshlaydi. Agar bu she’rdagi “manzara”ni real tasvirga “o‘girsak” osuda tunni, nurafshon osmonni – Oyni va dalaning har-har joyida chirillab tundagi sokinlikni buzayotgan chigirtkalarni ko‘rishimiz mumkin. Aslida, shoir manzarani juda ham topqirlik bilan, o‘ta nozik did bilan “chizmoq”da. Chunki bunday nurafshon tun manzarasida faqat Oy hukmdorlik qilishi mumkin. Ya’ni Oyning yorqinligi tun bag‘rida jamiki narsani pardaday to‘sib qo‘yadi. Lekin faqat “chirildoq” ovozigina unga qarshi chiqishi, Oy nuri bilan bellashishi mumkin. Ammo tasavvurni ishga sola olmasangiz, mazkur lirik manzarada hech narsani ko‘ra olmasligingiz aniq. Zero, bu tasvirda muayyan kompozitsiya mavjud emas. Unda faqat oy nuriga “ilashib, chuvalashib” qolgan chirildoq ovozi bor, xolos. Bu tur tasvir modernizmning dastlabki oqimlaridan bo‘lgan ekspressionizmning ifoda tamoyillariga yaqin turadi. Ekspressionist musavvirlar tasvirda predmetlar shaklini buzishga, nomutanosib ranglar “uyg‘un”ligi asosida real kompozitsiyani to‘zg‘itishga uringanlar.
Modernizmning yana bir katta yo‘nalishi sifatida abstraksionizmni ko‘rsatish mumkin. Bu yo‘nalish o‘zida modernizm oqimlariga xos barcha xususiyatlarni jamlaydi. Mutaxassislar abstraksionizmni “predmetsiz tasvir” deb ham atashadi. Haqiqatan ham, bu yo‘nalishga mansub suratlarda hech qanday predmet tasvirlanmasligi mumkin. Abstraksionizm ham modernizmning ilk oqimlari bilan bir qatorda vujudga kelgan. Uning namoyandalari fotografiya mavjud olamning real ko‘rinishlarini lahzaga muhrlashi mumkin, ammo olam mohiyatini tasvirda faqat o‘zlari, ya’ni abstraktsionistlargina ifodalashga qodir deb bilganlar. Ko‘proq rassomchilikda ommalashgan bu oqimda musavvirning lirik, ayni damda parokanda qalb kechinmalari aks ettirilgan. Kartinalarda sarosimaga tushgan, shu bilan birga, mutlaqo yolg‘iz kishilar qalbi tasvirlangan. Abstraksionizmning boshqa yo‘nalishlardan farqi unda lirizmning mavjudligi edi. Musavvir kartinada judayam erkin, “to‘lqinlanib”, “suzib” turgan shakllarni turli “tebranma” ranglar vositasida ifodalashga uringan.
E’tibor berilsa, B.Ro‘zimuhammadning “Yomg‘irda ivigan…” misrasi bilan boshlanuvchi quyidagi she’rida tasvirning deyarli predmetlarsiz ekaniga guvoh bo‘lish qiyin emas:
Yomg‘irda ivigan
o‘rik gulini
xo‘roz qichqirig‘iga o‘rab ushladim
gir atrofda shafaq
quyoshdan nur emas
qon tomayotgandek
oppoq par
ikki rang hokimligi
men va tevarak…
Ko‘ryapmizki, shoir judayam katta, keng ko‘lamli manzarani bir-ikki detal bilan “chizishga” muvaffaq bo‘ladi. U tasvirda, musavvirona ta’bir bilan aytganda, minimalizm tamoyiliga amal qilgan. She’rni o‘qirkansiz, ko‘z oldingizda tabiatning go‘zal manzarasi gavdalana boshlaydi. Ammo nimaning evaziga? Aslida, she’rdagi ayni shu jihat uni abstraksionist musavvirlar chizgan kartinalarga yaqinlashtiradi. U bir-ikki tasviriy element bilan ko‘z oldingizda butun manzarani gavdalantira oladi. O‘quvchi detallar vositasida umumiylikni emas, balki umumlashtiruvchi tasvir asosida boshqa predmetlarni ko‘rishi mumkin. Masalan, “o‘rik guli” bahordan, “xo‘roz qichqirig‘i” tongdan, quyosh yomg‘irning tinganidan va osmonning o‘ta musaffo ekanligidan, oppoq parlar esa quyoshning taftidan dalolatdir…
Rassom o‘ylab topgan
bu qora rang qop-qoraki
unga chizsang tun ko‘rinadi
Bemalol chizavering qora mushukni
ayniqsa dumini
qillarini…
B.Ro‘zimuhammadning “Rassom o‘ylab topgan” misrasi bilan boshlanuvchi she’ri abstraksionistik ifoda uchun yaqqol misol bo‘la oladi. She’rni o‘qirkansiz, beixtiyor mashhur rus musavviri Kazimir Malevichning abstraksionizm yo‘nalishidagi “Qora kvadrat” kartinasi yodga tushadi. Dunyo san’atida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgal “Qora kvadrat” surati faqat quyuq qora rangdan tashkil topgan.
Shoir ham xuddi “Qora kvadrat”ning muallifi kabi faqat qora rangning ahamiyatini ko‘rsatishga uringan. Ya’ni u nazarda tutgan qora rang shu qadar qoraki, uning ustiga bemalol qora bo‘yoq bilan tunni chizish mumkin. Shunda ham tun zulmati ajralib, ko‘rinib turadi. Bu rang shu qadar qoraki, agar chizsang, unda mushuk dumidagi tim qora tolalari ham yorqin bo‘lib ko‘rinadi… Shoir hatto rangni tasvirlay olmoqda. U bitta yaxlit rangga estetik joziba bag‘ishlashga erishmoqda.
San’at – ijtimoiy hodisa. Ijodkor qaysi davrda, qanday sharoitda va qanday istakda asar yaratmasin, unda baribir ijtimoiylik aks etaveradi. Chunki ijodkor – shaxs mavjud jamiyatning bir bo‘lagidir. Shu ma’noda, o‘zbek modernizmiga muayyan milliy-ijtimoiy kayfiyatning mevasi sifatida qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Shunday ekan, biz G‘arb modernizmi o‘zbek zaminida aynan takrorlangan deyish fikridan yiroqdamiz. Lekin 90-yillardagi ijtimoiy-madaniy hayot milliy adabiyotimizda modernizmga xos bo‘lgan xususiyatlarning vujudga kelishiga turtki bo‘ldi. Buning natijasida zamonaviy o‘zbek she’riyati yangi nomlar, betakror asarlar bilan boyidi. Faxriyor (Faxriddin Nizomov) 1963 yilda Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati, Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan (1988). «Dardning shakli» (1987), «Ayolg‘u» (2000), «Geometrik bahor» (2004) she’riy to‘plamlari, «Yangilanish an’analari» (1988) publitsistik maqolalar to‘plami nashr etilgan. Uning tarjimasida T. Uinter (Abdulhakim Murod)ning «21-asrda islom: postmodern dunyoda qiblani topish» (2001) diniy-falsafiy kitobi nashr etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |