Fuqarolik jamiyati institutlari jumlasiga jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, yoshlar, xotin-qizlar harakatlari, ekologik harakat, turli jamg‘armalar, uyushmalar kiradi. Bu institutlar tom ma’noda jamoat birlashmalaridir. Konstitutsiyamizning XIII bobida jamoat birlashmalariga quyidagicha ta’rif beriladi: “O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi.”
Jamoat birlashmalari orasida siyosiy partiyalar jamoatchilik nazoratini tashkil qilishda ancha faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizdagi eng ko‘p sonli jamoat tashkiloti kasaba uyushmalaridir. Ular mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlarning dam olishini tashkil qilish va nazorat qilish kabi masalalarda birqancha ijobiy ishlarni amalga oshirdi.
Tashkilot va korxonalardagi Jamoa shartnomalarining ma’muriyat tomonidan bajarilishini nazorat qilish kasaba uyushmalarining eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Bu vazifani kasaba uyushmalarining ko‘pchilik boshlang‘ich tashkilotlari qoniqarli bajarmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivojlanishida muhim omillardan hisoblangan ommaviy axborot vositalari taraqqiy topmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda o‘nlab nodavlat telekanallari, yuzlab bosma axborot vositalari faoliyat yuritmoqda. Ularning bari jamoatchilik nazoratining sub’ektlari hisoblanadi. Jamoatchilik nazoratida ular ishtirokining o‘ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, ular mazkur jarayonda bevosita ishtirok etishlaridan tashqari nazoratning boshqa sub’ektlari tomonidan aniqlangan qonunga xilof holatlarni keng jamoatchilikka etkazishda muhim rol o‘ynaydi. Ular etkazgan ma’lumotlar jamoatchilikning qonunlarni buzish hollariga nisbatan murosasiz munosabatlarini shakllantiradi.
Jamoatchilik nazoratining hokimiyat vakolatlariga ega emasligi, uning etarli ta’sir kuchiga ega emasligi to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurlar keltirib chiqarishi mumkin. Aslida, unday emas. Jamoatchilik nazorati jarayonida aniqlangan qonundan chetga chiqish holatlari vakolatli davlat organlariga yoki jamoatchilik fikriga murojaat etish orqali bartaraf etiladi. Mazkur holat jamoatchilik nazorati sub’ektlari nazoratning ham huquqiy, ham ijtimoiy mexanizmlardan foydalanishi mumkinligini anglatadi. Davlat nazorati esa, asosan, huquqiy mexanizmlardan foydalanadi.
Qonunning aprobatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan eksperiment to‘g‘risida keng jamoatchilik va jamoat tashkilotlarini xabardor qilish maqsadida, 2013 yilning may-iyul oylarida Buxoro va Samarqand viloyatlarida fuqarolar bilan 120dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. SHuningdek, mazkur eksperimentning o‘tkazilish tartibi va qoidalari bo‘yicha boshqa viloyatlar hokimiyatlari hamda boshqa davlat hokimiyat organlari xodimlari uchun yo‘riqnoma tashkil qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |