Jamoatchilik nazorati tizimi
O‘zbekistonda qadimdan o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lgan mahalla nazoratchilik funksiyalarini ham bajargan. Bunday funksiyani mahalla jamoasi yuqoridan tushirilgan farmonlar, buyruqlar va boshqa huquqiy me’yorlarga munosabat bildirish shaklida ifodalagan.
Jamoatchilik nazorati uzoq tarixga ega bo‘lsa ham, uni ilmiy tushuncha sifatida fanga ijtimoiy psixologiyaning asoschilaridan bo‘lgan T.Tard olib kirdi. Uning talqinida mazkur tushuncha jinoyatchining xulq-atvorini me’yoriy qoidalar doirasiga qaytarish uchun qo‘llaniladigan usullar majmuini ifodalagan. Keyinroq, bu tushunchaning mazmuni ancha kengaydi. Bunday kengayish amerikalik sotsiologlar E.Ross va R.Park tadqiqotlari tufayli yuz berdi. Ularning talqinida jamoatchilik nazorati individga uning xulq-atvorini ijtimoiy me’yorlarga mos keltirish maqsadida o‘tkaziladigan ta’sirni anglatadi.
Amerikalik sotsiolog T.Parsons tavsifida jamoatchilik nazorati sanksiyalar yordamida deviant xulq-atvorga ta’sir o‘tkazish orqali uni me’yoriy holatga keltiradi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, jamoatchilik nazorati ijtimoiy tizimning o‘zini o‘zi tartibga solish usulidir. Mazkur usul huquqiy me’yorlar yordamida hamda mazkur tizimning tarkibiy qismlari orqali tartib va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi. Sanksiyalar ― jamoatchilik nazoratining elementi. Alohida shaxslar va ijtimoiy guruhlarning xatti-harakatiga tezkor munosabat bildirish maqsadida jamiyat ijtimoiy sanksiyalar tizimini yaratgan. Sanksiyalar o‘z mohiyatiga ko‘ra, alohida shaxs va ijtimoiy guruhlar, muassasa va tashkilotlarning xatti-harakatiga munosabatdir. Ijtimoiy sanksiyalar tizimining vujudga kelishi tasodifiy hol emas. Me’yorlar jamiyat qadriyatlarini himoya qilish maqsadida yaratilgan bo‘lsa, sanksiyalar ijtimoiy me’yorlar tizimini himoya qilish va mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Me’yor sanksiya yordamida himoya qilinmasa, unga odamlar amal qilmay qo‘yadi.
Sanksiyalar moddiy va ma’naviy bo‘lishi mumkin. Moddiy sanksiyalar vazifasini jarima, mol-mulkni musodara qilish kabilar bajaradi. Ma’naviy sanksiyalar esa tanqidiy fikr, xayfsan, kesatiq, piching, izza qilish kabi shakllarda bo‘lishi mumkin. Fuqarolik jamiyati institutlari ma’muriy va huquqiy sanksiyalarni qo‘llash vakolatiga ega emas. Ular faqat ma’naviy sanksiyalarni qo‘llashi mumkin. Lekin o‘rinli va to‘g‘ri qo‘llangan ma’naviy sanksiyalarning kuchi huquqiy sanksiyalar kuchidan kam bo‘lmasligi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |