Global bioetika tibbiyot etikasi, bioetika, atrof muhit etikasi normalari tizimini o‘z ichiga oladi. Potterning fikriga ko‘ra, bioetika insoniyatning yashab qolishini ta’minlash va butun kishilik jamiyatining sog‘lig‘ini saqlash uchun tibbiyot etikasi bilan atrof muhit etikasi (ekoEtika)ni jahon miqyosida birlashtiruvchi ko‘prik bo‘lishi lozim. «Bioetika» tushunchasi insonning butun tiriklikka munosabatini ko‘rib chiqadigan masalalar sohasini nazarda tutadi. Biologiya va tibbiyot sohasidagi bilimlarning taraqqiyoti, tibbiyot yangi imkoniyatlarining rivojlanishi an’anaviy etika ilgari duch kelmagan muammolarni keltirib chiqardi.
Rivojlanish natijasida bioetikada ikki yo‘nalish shakllandi. Birinchi yo‘nalish insonga ma’naviy munosabat masalalarini ko‘rib chiqadi va bu erda u tibbiyot etikasi bilan tutashadi. Ikkinchi yo‘nalish esa insonning hayvonlarga munosabati etikasini, ya’ni: hayvonlardan turli maqsadlarda (oziq-ovqat manbai, sanoat uchun xom ashyo, tibbiy-biologik tadqiqotlar uchun model, ko‘ngilxushlik ob’ekti sifatida) foydalanish masalalarini o‘rganadi, bu erda u jahon miqyosidagi atrof muhit etikasi bilan tutashadi.
Bugungi kunda bioetikada birinchi yo‘nalish ayniqsa jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Tushunchaning mazmuni ancha toraydi. Amalda bioetika amaliy etikaga aylandi va asosiy e’tiborni amaliy tibbiyotning axloqiy muammolariga qaratdi. Bioetika bugungi kunda tibbiyot xodimi va bemor munosabatlarining axloqiy jihatlariga, evtanaziya va o‘limni aniqlash, inson a’zolarini transplantatsiya qilish, homila tushirish (abort), klonlash, irsiy injeneriya masalalariga alohida e’tiborni qaratmoqda. Akademik doiralarda «bioetika» tushunchasi aynan shu ma’noda qo‘llaniladi. Bunda tibbiyot etikasi tushunchasi o‘rniga ko‘pincha deontologiya tushunchasi qo‘llaniladi. Deontologiya etikaning burch va majburiyat muammolarini o‘rganuvchi bo‘limidir (atamani ingliz faylasufi Bentam XIX asrda muomalaga kiritgan).
XX asrning ikkinchi yarmida transplantologiya, irsiy diagnostika, irsiy injeneriya va klonlash rivojlana boshladi. Tibbiyot texnikasi o‘z rivojlanishida shunday daraja ediki, shifokor ilgari o‘lishi muqarrar bo‘lgan bemorlarning hayotini endilikda sun’iy ravishda saqlab tura oladi. Texnika sohasidagi yutuqlar bemorlar, o‘lim to‘shagida yotganlar va nogironlarning huquqlarini yuridik jihatdan asoslashning yangi-yangi shakllari va usullari paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Etikaning boshqa muammolardagi ishtiroki ham kengaydi – siyosatchilar o‘z faoliyatida etika qoidalariga tobora ko‘proq tayanmoqdalar, jamoatchilik biznes va reklama ustidan etik nazoratni o‘rnatishni talab etmoqda, ekologiya esa atrof muhit bilan munosabatlarni tartibga solishda etika qoidalariga rioya etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Amaliy etika keng ma’noda etikaning alohida turidir, chunki u axloq muammolari haqida yangicha tushuncha beradi, mazkur muammolarga yangicha yondashuvlarni amalga oshiradi. Har bir insonga tegishli bo‘lgan dolzarb muammolarni tadqiq qilish jatumanida etika tamomila boshqa fanga aylanib boradi. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning qonunlari, etikaning muammolari doirasi o‘zgardi – endilikda u ijtimoiy va siyosiy masalalardan ham ko‘ra ko‘proq tibbiyot, biologiya va ekologiya masalalari bilan qiziqmoqda.
Amaliy etika globalizm nuqtai nazaridan, shu jumladan insoniyat hayoti va tiriklikka real xavf tahdid solishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish va ekologiya sohasida insonning ajralmas huquqlariga daxl etish xavfi tug‘ilishi natijasida yuzaga keladi. «Etikasiz» ish tutish, axloq masalalarini chetga surishga harakat qilingan joylarda inson hayoti uchun yangi xavf tug‘iladi.
Inson manfaatlarini himoya qilish, uning qadr-qimmati haqida eslatish zarurati amaliy etika yuzaga kelishining umumiy sababidir.
Bioetika tibbiyot etikasidan qanday farq qilsa, amaliy etika ham an’anaviy etikadan shunday farqqiladi.
Etikaning normativligini odob-axloq o‘rgatish, axloqni targ‘ib qilish bilan adashtirmaslik kerak. Etikaning me’yoriy dasturlari tajribaga va mantiqqa tayanadi. Hozirgi zamon etikasi sotsiologiya, ruxshunos singari fanlarga tayanadi va tegishlicha axloq sotsiologiyasi yoki axloq ruxshunosi vazifasini bajaradi. Nihoyat, amaliy etika mumkin qadar muayyanlashtirishga va amaliyot bilan qo‘shilishga intilish bilan tavsiflanadi.
Bugungi kunda amaliy etikaning kompyuter etikasi, biznes etikasi, ishbilarmonlik etikasi, ekoetika, tibbiyot etikasi, farmatsevtik bioetika singari yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda.
Fan-texnika taraqqiyoti natijasida shakllangan dunyoqarashga ko‘ra, insonga va barcha tirik mavjudotlarga ma’lum ilmiy maqsadlarga erishish uchun ta’sir ko‘rsatish vositalari yoki ob’ektlari deb qaraladi. Tarixdan misollar, masalan, insonlar hayoti va sog‘lig‘ini «fan va jamiyat uchun» qurbon keltirish bilan bog‘liq holatlar bunday dunyoqarash xavfli ekanligini tasdiqlaydi. Insonni tabiatga qarshi qo‘ymasdan atrof muhitga nisbatan oqilona munosabatni shakllantirishga ko‘maklashadigan yangicha dunyoqarashning zarurligi bugungi kunda ayon bo‘lib qoldi. Dunyoda ilmiy bilimlarning yutuqlaridan foydalanish bilan alohida odamlar, hamjamiyatlarning manfaatlari o‘rtasida ziddiyat kuchayib borayotir.
Bioetikaning shakllanishi yuzaga kelgan vaziyatda qonuniy hol bo‘ldi. Bioetika insonning turli tiriklik shakllariga, hayvonlarga munosabatini ko‘rib chiquvchi amaliy etika nuqtai nazaridan inson xulq-atvorining axloqiy jihatlariga taalluqli bo‘lgan falsafiy tushuncha deb, insonning o‘zini qurshagan muhit oldidagi mas’uliyati deb, insonning xulq-atvori va boshqa insonga munosabati deb tushuniladi.
Insonning xulq-atvori va boshqa insonga munosabati etika qoidalariga qay darajada muvofiqligini ko‘rib chiqish jatumanida bioetika tibbiyot etikasi – deontologiya bilan tutashadi. Dunyoqarash sifatida bioetika insonning butun dunyoga munosabatini, uning o‘zini qurshagan olam va undagi o‘z o‘rni haqidagi tasavvurini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |