Navoiyning “Layli va Majnun” dostonida an’ana va o’ziga xoslik.
Majnun - birinchi navbatda inson. Insonning komillik-poklikka intilishida esa
ishqi majoziy imtihon maydoni. Chunki ana shu maydonda inson ishq yo’lidagi
dard, kuyish-yonishlar, jonni kuydiruvchi yuzlab sho’`la-yolqinlar ko’rasida
toblanadi - har xil xiraliklardan poklanadi va poklikda shuhrat qozonadi ("poklikka
mavsuf").
Ul o’tda chu ehtizoz topdi,
Andoqki kerak gudoz topdi.
Har g’ashlig’din erdi noqis
Bo’ldi bu gudoz bila xolis.
(MAT, 9-tom, 294-bet.)
Boshqacha aytganda, u "o’zligi" - surati majoziyligidan qutulib, ma`naviy -
axloqiy poklik darajasiga, ya`ni komil inson darajasiga erishib, odamlarni maftun
etadi ("birovga mash`uf"). Majnun ana shu darajadagi timsol bo’lib, Ilohiy zotning
sifatlaridan bahramand bo’lgan- komil insondir. Demak, Majnun majoziy ishqda
komillikka erishib, haqiqiy ishqdan bahramand bo’lganlarning Ramzidir.
Majnunning bunday yuksak komillik darajasiga erishuvining asosiy omili Laylidir.
Layli komillikni namoyon etadigan ko’zgudir, mazhardir. Majnun ana shu ko’zguda
o’zini emas, balki Laylini-komillikni ko’radi:
Ham Layli o’lub tilida zikri,
Ham Layli o’lub ichida fikri.
Har yon nazar etsa oshkoro,
Layli nazarida jilva oro.
(MAT, 9-tom, 149-bet)
Shuning bilan bir qatorda:
Majnun sog’inib o’zini Layli,
Aylar edi nozu ishva mayli.
Layli o’zini sog’indi Majnun,
Shukr ettiki, yori bo’ldi maqrun.
Ul bu bo’ldiyu lek bu ul
Topmadi aroda ikkilik yo’l.
(MAT, 9-tom, 250-bet)
Demak, Majnun va Layli komillikda vahdatni - yaxlitlikni tashkil etadi. Bu
esa nihoyatda baland darajadagi ishqning-xos ishqning ko’rinishi bo’lib, unda
jismoniylik emas, balki ma`naviylik yetakchi mavqeni egallaydi. Bunday yuksak
darajadagi xos ishqni tushunmaydiganlar Majnun va Layli ishqi mohiyatini ham
tushinmaydilar. Bular qatorida Laylining otasi ham bor, ibn Salomlar ham bor.
Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy dostonda Majnun va Laylilar ishqi
mohiyatini tushunuvchi va ularga yordam qo’lini cho’zganlar ham borligini Navfal
obrazi misolida ko’rsatadi. Chunki:
Navfalki Arabda erdi nodir,
Tig’iga qadar, o’qig’a qodir.
Yaxshiliq ila Arabda mavsum,
Oromgahi bu marz ila bum…
Navfal dag’i ishq ko’rgan erdi,
G’am dashti aro yugurgan erdi. (MAT, 9-tom, 152-153-betlar).
Shu jihatdan Navfal qizi va uning sevgilisi taqdirining ijobiy hal qilingani
tushinarlidir. Ammo Navfal qizi va uning sevgilisining muhabbati Majnun va
Laylilar o’rtasidagi ishq-xavos ishqi darajasiga ko’tarilgan emas. Navfal qizi va
sevgilisining o’zaro ishqi Alisher Navoiy ta`riflagan "avom ishqidurkim, …derlar:
"falon falonga oshiq bo’lubdur… va bu qismning (avom ishqining) biyikrak
martabasi shar`iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnat…" (MAT, 14-tom, 67-bet).
Alisher Navoiy dostonida bu ikki xil ishqning talqinida shoir majoziy ishq
martabasiga Majnun va Laylilar ishqi misolida alohida urg’u beradi, chunki bu
martaba komillik martabasi bo’lib, unda "pok ko’zni pok nazar bila pok yuzga
solmoqdur va pok ko’ngul ul pok yuz oshubidin ko’zg’olmoq va bu pok mazhar
vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq"dir (68-bet).
Demak, Alisher Navoiy mazkur dostonda hamma sohada poklikka erishgan
komil inson haqidagi mulohazalarini Majnun va Layli afsonasi vositasida bayon
qiladi:
Yozmoqda bu ishqi jovidona,
Maqsudum emas edi fasona.
Mazmunig’a bo’ldi ruh mayli,
Afsona edi aning tufayli. (MAT, 9-tom, 310-312-betlar).
Shunday qilib, Alisher Navoiy "Xamsa"sidagi ikkinchi - "Farhod va Shirin",
uchinchi - "Layli va Majnun" dostonlari haqida umumiy yo’nalish tarzida mulohaza
yuritdik. Agar diqqat bilan qaralsa, bu ikki dostonni bir-biriga yaqinlashtiruvchi
mushtarak mavzu - komil inson mavzusi bor. Bu mavzu ularni bir-biriga bog’labgina
qolmaydi, balki mavzuning har bir dostonda o’ziga xos tarzda yoritilishi ularning
uslubiy o’ziga xosliklarini namoyon etadi, ya`ni "Farhod va Shirin"da bu mavzu
ijtimoiy faollik ko’lamida yoritilsa, "Layli va Majnun"da esa asosan ishq
maydonidagi ichki kechinmalar, ruhiy holatlarning chuqur tasviri orqali nihoyatda
mahorat bilan tasvirlanadi.