Xudnamo topti bu yanglig’ intiqom. (12-tom, 72)
4. Demak, xudshikanlik - faqr yo’liga kirgan solikning xususiyatlaridan bo’lib, unda Rasulullohning "al-faqru faxri" hadisi sharifi hayot va yashash mezoni sifatida qabul qilinadi. Ma`lumki, bu naqshbandiya suluki soliklari uchun xos xususiyat bo’lib, Alisher Navoiy ham ana shuni nazarda tutadi va insonning komillikka erishuvida bu xususiyatning qanchalik zarurligini badiiy timsol (Muqbil) xatti-harakatlari vositasida bayon etadi.
Demak, sayyor sujet va timsollar har bir asarning xususiyatlaridan kelib chiqilgan holda qalamga olingan va talqin qilingan. Bu esa Alisher Navoiy badiiy mahoratining rang-barang qirralarini namoyish ettiradi.
Xuddi shunday holni sayyor timsollardan bo’lmish Iskandar haqida "Lison ut-tayr"ning 77-bobida keltirilgan hikoyada ham kuzatish mumkin. Ma`lumki, Alisher Navoiyning ko’pgina asarlarida Iskandar timsoliga murojaat qilingan va, hatto, "Xamsa"ning bir dostoni- "Saddi Iskandariy"da uning Alisher Navoiy tasavvuridagi yaxlit timsoli yaratilgan. Ammo "Lison ut-tayr"dagi hikoya voqealari va Iskandar timsolining talqini dostonning umumiy g’oyasidan kelib chiqib amalga oshirilganidan u o’ziga xos va yangicha xususiyatlarni o’zida mujassam etadi. hikoyada keltirilishicha, podshoh Iskandarning o’zi bir mamlakatga elchi sifatida borib:
Dedi elga: budur Iskandar so’zi,
Turfa bukim erdi Iskandar o’zi.
Elchilardek so’z bayon aylar edi,
O’zi o’z hukmin ayon aylar edi. (12-tom, 93)
Shundan so’ng Alisher Navoiy quyidagi baytlarda o’zining hikoyadan kuzatgan maqsadini ifoda etadi:
El ne bilsunlarki Iskandardur ul,
Yo’qki qosid, hokimi kishvardur ul…
Xalqning mingdan biri bilmay bu hol,
Kim nedur bu parda naqshida xayol.
Sen dog’i shahdin qilursen nukta go’sh
Sog’inursen lek noqildin Suro’sh. (12-tom, 93)
Shoirning maqsadi shuki, elchi Iskandar-podshoh Iskandarning o’zi ekanligini ta`kidlash bilan Simurg’ga intilayotgan qushlarning o’zlari Simurg’, ya`ni afsonaviy qush ekanliklarini uqtirishdan va, shundan kelib chiqib, ularning (qushlarning) o’zligini tanishi lozimligini bayon etishdan iboratdir. Bas shunday ekan, mazkur dostonda Iskandar (elchi-podshoh) timsoli ana shu aqidani badiiy timsol vositasida isbotlashdan iboratdir. (Shuni eslatish kerakki "elchi-shohning o’zi" mavzusi "Saddi Iskandariy" dostonida ham "Elchi-Chin xoqonining o’zi" tarzida foydalanilgan bo’lsa-da, undan kuzatilgan maqsad boshqadir).
Dostondagi Shayx San`on haqidagi rivoyat eng jozibali qissalardandir. Shu jihatdan bu qissa ko’pgina olimlarning diqqat markazida bo’lib, uning haqida turlicha fikrlarni bayon etganlar.
Xo’sh, Alisher Navoiy tasvirlagan Shayx San`on kim va uning sarguzashtlaridan kuzatilgan asosiy maqsad nimadan iboratg’
Bu savolga shoirning qissada bayon etgan fikrlari asosida javob topmoq maqsadga muvofiqdir.
Alisher Navoiyning yozilishicha, Shayx San`on "Ka`bada shayx ul-mashoyix", ya`ni Ka`badagi shayxlarning rohnamosi bo’lib, "Ko’ngli g’ayb asroridan ogoh" bo’lgan siymodir.
Shuning uchun:
Ostonining gadoyi shohlar,
Qullug’iga muftaxir ogohlar.
Har duokim qilsa bir g’amgin uchun,
Qo’l ochib xayli malak omin uchun. (12-tom, 96)
Bas, shunday yuksak darajadagi siymoning keyingi sarguzashtlarini qanday izohlamoq lozim. Bu masala Alisher Navoiy tomonidan shu qissadan oldin keltirilgan "qushlarning yo’l kayfiyatin hudhuddin savoli va oning javobi" sarlavhali 78-bobda va qissaning o’zida izohlangan ko’rinadi.
78-bobda Alisher Navoiy hudhud tilidan shunday yozadi:
Kim bu yo’lda ishqdur kulli sifat,
Ishq ahlidin yiroqdur maslahat.
Kimki oshiqdur anga jondin ne bok,
Kufr olib, bermak imondin ne bok.
Do'stlaringiz bilan baham: |