1.Ma’ruza. Toksikologiya fanining mazmuni, qisqacha tarixi va maqsadi.
Reja:
Fanning fan sifatida shakllanishi.
Toksikologiya fanining maqsadi va uning vazifalari.
Toksikologiya fanining bо‘limlari.
Toksikologiyaning asosiy tushunchalari.
Tayanch iboralar: Bioximiya, nevrofiziologiya, konsentratsion, miasteniya, miokain, glikatel, mioz, profilaktik, klinik, ksenobiotiklar, kumulyatsiya, egzemalar.
Fanning fan sifatida shakllanishi.
Toksikologiya biologik va tibbiy bilimlar sohasiga tegishli bо‘lgan fan hisoblanadi. Har qanday kimyoviy birikma zahar bо‘lishi mumkin va organizmga ma’lum miqdorda tushganda hayotiy funksiyalarni izdan chiqarib hayot uchun xavf tug‘diradi. Bu fan tirik organizm va zaharning о‘zaro ta’sir qonunlarini о‘rganadi. Toksikologiya potensial zaharli moddalarning xususiyatlarini, ularning organizmga toksik ta’sirining mexanizmlarini, zahar ta’sirida organizmda kuzatiladigan о‘zgarishlarni, zaharlarning ta’siriga qarshi choralar va foydalaniladigan vositalarni, о‘tkir va surunkali zaharlanishning oldini olish va davolashni о‘rganadi. Toksikologiya fani о‘tkir va surunkali zaharlanishlarni о‘rganib,bir qator tabiiy fanlar, umumiy va organik kimyo, biokimyo, fiziologiya, immunologiya, genetika kabi fanlarni jalb qilgan holda keng qamrovli masalalarni echadi. Toksikologiyada tajribalar asosan hayvonlarda о‘tkaziladi. Aniq rejalangan, texnik mukammal tajribalar organizmga tushgan zaharlarning organizm, tizim, a’zo, hujayra va molekulyar darajadagi ta’sirlarining nozik mexanizmlarini aniqlash maqsadida о‘tkaziladi.
Toksikologiya (yunoncha toxica – zahar, logia – fan degan sо‘zlardan olingan) zaharlanishlarning oldini olish, klinikasini о‘rganish va ularni davo uchun samarali davolash vositalarini izlab topish maqsadida zaharli moddalarning fizik kimyoviy xossalarini hamda organizmda paydo bо‘ladigan patologik jarayonlarni о‘rganadigan fandir.
Toksikologiya zaharli moddalarga aloqador bо‘lgan barcha moddalarni о‘z ichiga oladi, lekin uning eng muhim vazifasi zaharli moddalar ta’siri tufayli organizmda rо‘y beradigan patologik о‘zgarishlarni о‘rganish va zaharli moddalar ta’sirini kamaytiradigan ziddi-zaharlarni izlab topishdir. Zaharli moddalarning organizmda tarqalishi 3 asosiy omilga : atrof, vaqt va konsentratsiyaga bog‘liq bо‘ladi.
1.Atrof omili – organizmga zaharning tushishi va tarqalish yo’nalishi bо‘lib, zaharning miqdori - tо‘qima massasi birligida a’zodagi qon hajmiga bog‘liq bо‘ladi. Zaharning vaqt birligidagi maksimal miqdori odatda о‘pka, buyrak, jigar, yurak, bosh miyada tо‘planadi. Toksik jarayon zaharning miqdori bilangina emas, balki zaharda bо‘ladigan retseptorlarning sezgirligi bilan ham о‘lchanadi. Ayniqsa orqaga qaytmaydigan jarayonlarni chaqiradigan toksik moddalar, misol uchun tо‘qimaning kislota va ishqorlar tufayli kimyoviy quyish juda havflidir. Funksional о‘zgarishlarni keltirib chiqaradigan moddalar, misol uchun narkoz, ancha havfsiz xisoblanadi, chunki bu jarayonlar orqaga qaytadi.
2.Vaqt omili deb organizmga zaharning tushishi va undan chiqib ketish tezligi ya’ni vaqt oralig‘ida zaharning ta’siri va toksik effektini belgilab beradi.
3.Konsentratsion omil zaharning biologik muhitda, shu jumladan qondagi konsentratsiyasini aniqlab beradi. Zahar konsentratsiyasini vaqt davomida о‘rganish qonda toksik moddaning maksimal konsentratsiyasin aniqlash – rezorbsiya davri, zaharning organizmdan chiqib, tо‘liq tozalanishi – eliminatsiya davrini aniqlash imkonini beradi.
Toksikologiya kо‘p asrlik tarixga ega. Bu oldingi kuzatishlardan ma’lum, chunki odamzot yaratilgandan buyon kasal bо‘lgan, ularni ilonlar, chayonlar chaqqan, ba’zi о‘simliklar iste’mol qilinganda zaharlanish hodisalari kuzatilgan. Shularni davolash maqsadida odamlar atrofdagi giyohlardan dori-darmon izlaganlar. Qadimgi zamon tabiblari zaharlangan kishilarni davolashda ziddi-zaharlardan foydalanganlar. Gippokrat (V-VI asrlar), Galen (II asr), Paratsels (1493-1541), Abu Ali ibn Sino (X-XI asrlar), Abu Rayhon Beruniy (XI asr) va boshqalar о‘z asarlariga ziddi-zaharlarni ishlatish tushunchasini va zaharli moddalar tasnifini kiritishga harakat qilganlar. Eksperimental tibbiyotning tarraqqiy etishi tufayli zaharli moddalarning hayvon organizmiga ta’sirini, klinik simptomlarini, zaharlanishni oldini olish va davolash masalalarini о‘rganishda keng imkoniyatlar paydo bо‘ldi, bu esa toksikologiyaning rivojlanishiga olib keldi. XIX asrning ikkinchi yarmida sanoatning rivojlanishi va ishlab chiqarishda kimyoviy birikmalarning keng ishlatilishi tufayli ushbu moddalar inson organizmiga ta’sir etmoqda. Bu esa moddalarning fizik va kimyoviy xossalarini о‘rganadigan yangi sanoat toksikologiyasi fani paydo bо‘lishiga olib keldi. Bioximiya va nevrofiziologiya fanlarining rivojlanishi yangi psixokimyoviy ta’sirga ega bо‘lgan zaharlovchi moddalar guruhi paydo bо‘lishiga olib keldi. Ular organizmga ta’sir qilganda markaziy nerv sistemasida keskin о‘zgarishlar paydo bо‘ladi. Bunday buzilishning vaqtinchalik yoki uzoq muddatga chо‘zilishi mumkin. Psixokimyoviy moddalar yaratish uchun serotoninning anologlari (lizergin kislota hosilalari), bufotonin, psilotsibinlar ustida ish olib borilmoqda. Fenakilamin birikmalarining ikki vakili kuchli psixokimyoviy ta’sirga ega (meskalin va 3, 4, 5-uchmetoksifenetilamin).
Bundan tashqari, harbiy maqsadlar uchun trankvilizatorlar ustida ham ish olib borilmoqda. Ular ishlatilganda kishining psixik faoliyatiga ta’sir kо‘rsatadi. Laxoslik befarqlik va boshqa holatlar rivojlanishi natijasida harbiy xizmatchilarning oldiga qо‘yilgan vazifalarni bajarishi ancha qiyinlashadi, xizmatga vaqtincha layoqatsiz qiluvchi, miasteniyani keltirib chiqaruvchi (miokain, glikatel), kam miqdorda ishlatilganda muskullar bо‘shashishini, yuqori dozada qо‘llanilganda muskullarning bir necha soatga falajlanishini keltirib chiqaruvchi, muskullar tremorini, sо‘lak oqishini, mioz va yengil talvasalarni keltirib chiqarish xususiyatiga ega moddalar ustida tekshirishlar о‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarni о‘tkazishda maxsus toksikologik mutaxassislar toksikologiya bо‘limlarida metodik boshqaruv ishlarini olib boradilar va zarur bо‘lganda ular tibbiy muassasalar ishini kuchaytirish uchun yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |