Foma Akvinskiy haqida biografik ma’lumotlarni to’plash.
FOMA AKVINSKIY (1225-1274) katolik teologiyani yaratgan va sxolastikani tizimga solgan mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. Uning eng mashhur asarlari: «Teologiya yig‘indisi», «Falsafa yig‘indisi», «Majusiylarga qarshi yig‘indi». Ularda muallif asosan Aristotel asarlariga tayanadi. Foma Akvinskiy Aristotel ijodi bilan Sharqqa salib yurishi chog‘ida tanishadi. Uning ontologiyasida borliq ham ehtimol tutilgan, ham amalda mavjud deb qaraladi. Borliq - ayrim narsalarning mavjudligi, ya’ni substansiyadir. Foma Akvinskiy imkoniyat va voqelik kabi kategoriyalar bilan bir qatorda materiya va shakl kategoriyalarini ilmiy muomalaga kiritadi. Bunda materiya imkoniyat sifatida, shakl esa – voqelik sifatida qaraladi. Foma Akvinskiy Aristotelning shakl va materiya haqidagi asosiy g‘oyalaridan foydalanib, din haqidagi ta’limotni ularga to‘la bo‘ysundiradi. Materiya shaklsiz mavjud bo‘lmaydi, shakl esa oliy shaklga yoki «shakllarning shakli» - Xudoga bog‘liqdir. Xudo esa sof ma’naviy mavjudot. Shaklning materiya bilan birikuvi moddiy dunyo uchungina zarur. Boz ustiga materiya (Aristoteldagi kabi) passivdir. Unga shakl faol tus beradi. Foma Akvinskiy «ilohiy borliq», hamonki u o‘z-o‘zidan ravshan narsa emas ekan, tafakkurimiz anglashga qodir bo‘lgan narsalar orqali isbotlanishi lozim. U Xudo borligining hozirgi zamon katolik cherkovi ham foydalanuvchi o‘z dalil-isbotini taklif qiladi. Foma Akvinskiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari ham diqqatga sazovor. U shaxs - «oqilona tabiatdagi eng olijanob» hodisa, deb hisoblagan. Uning fikricha, shaxs aql-zakovat, sezgilar va iroda bilan tavsiflanadi. Aql-zakovat irodadan ustun turadi. Ammo Xudoni bilishni Foma Akvinskiy Xudoga bo‘lgan muhabbatdan keyingi o‘ringa qo‘yadi, ya’ni sezgilar, agar ular oddiy narsalarga emas, balki Xudoga qaratilgan bo‘lsa, aqldan ustun bo‘lishi mumkin. Foma Akvinskiy o‘zining «Podsholar boshqaruvi haqida» asarida insonga avvalo ijtimoiy mavjudot sifatida, davlatga esa xalq farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi tashkilot sifatida yondashadi. Hokimiyatning mohiyatini u axloq, xususan yaxshilik va adolat bilan bog‘laydi va hatto xalqning adolatsiz podsholarga qarshi bosh ko‘tarish huquqi to‘g‘risida so‘z yuritadi. Foma Akvinskiy ikki qonun: Xudo odamlar ongi va qalbiga joylagan «tabiiy qonun» va cherkovning davlat va fuqarolik jamiyatidan ustunligini belgilovchi «ilohiy qonun» haqidagi muammoni ham muhokamaga kiritadi. Uning fikricha, dunyoviy hayot bo‘lg‘usi ma’naviy hayotga tayyorgarlikdir. Podshoning hokimiyati oliy – ma’naviy hokimiyatga bo‘ysunishi lozim. Bu hokimiyatni osmonda – Iso Masih, Erda – Rim Papasi boshqaradi. Foma Akvinskiy siyosiy hokimiyat shakllarini muhokama qilar ekan, Aristotel kabi monarxiyani afzal ko‘radi. Foma Akvinskiy falsafasi XIV asrdan boshlab dominikan sxolastlarining bayrog‘iga aylandi, XVI asrdan e’tiboran iezuitlar tomonidan targ‘ib qilina boshladi. Iezuitlarning mafkurachilari Foma Akvinskiy falsafiy tizimini sharhladi va takomillashtirdi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab uning ta’limoti hozirgi zamon falsafiy tafakkurining qudratli oqimlaridan biri sanalgan neotomizm negiziga aylandi.
Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal sur’atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurishiga ehtiyojning ortishi astronomiyaning rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to‘qimachilik sanoatida mashinalar ixtiro qilinishiga, ko‘mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo‘l bilan aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta’rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani qo‘lladi va kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit xossalarini va uning amalda qo‘llanilishini o‘rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnits matematika, mexanika, fizika va fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grotsiy). sharqda esa fan va falsafa sohasida deyarli yangilanish bo‘lmadi. Fanning bunday rivojlanishi o‘z davrining falsafasiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga, cherkovning ta’siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta’limot vujudga keldi. Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik tendensiya xos. XVII asrda Evropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya), R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnits (Germaniya) kiradi. Yangi davr G‘arb falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). Yangi davr, avvalo XVII asr falsafasida ontologik kategoriyalar borliq va substansiya haqidagi ta’limotga katta e’tibor beriladi (ayniqsa harakat, makon va vaqt to‘g‘risida so‘z yuritilganda).Fan va falsafaning vazifasi – insonning tabiat ustidan hukmronligini kuchaytirishga, inson sog‘lig‘i va go‘zalligiga ko‘maklashish, hodisalarning sabablarini, ularning muhim kuchlarini o‘rganish zarurligi anglab etilishiga olib kelgan. Shu sababli substansiya va uning xossalari muammolari Yangi davrning deyarli barcha faylasuflarini qiziqtirgan. Bu davr falsafasida «substansiya» tushunchasini tavsiflashga nisbatan ikki xil yondashuv paydo bo‘lgan: birinchi yondashuv substansiyani borliqning chegaraviy asosi sifatida ontologik tushunish bo‘lsa, ikkinchi yondashuv – «substansiya» tushunchasining, ilmiy bilim uchun zarurligini gnoseologik jihatdan anglab etish bilan bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |