Estetika – bu estetik bilish hamda voqelikni oʼzgartirishning umumiy qonunlarini oʼrganadigan fandir. Bunda birinchidan – Estetika faqat sanʼatni oʼrganadi; ikkinchidan, u borliq va sanʼat goʼzalligi haqidagi fan deb talqin qilinsa, juda tor va notoʼgʼri xulosa chiqargan boʼlamiz. Negaki, Estetika sanʼat bilan ham, inson hayoti va faoliyatining turli sohalari, yaʼni mehnat, turmush, xulq-atvorlarida, estetik asosning namoyon boʼlishi bilan ham shugʼullanadi.
Estetikani faqat goʼzalliknigina emas, balki, sifat va xususiyat, oliyjanoblik, bemaʼnigarchilik, fojiali va kulgili hodisalar ham qiziqtiradi. Estetika yordamida biz butun olamni, unga nisbatan oʼzimizning insoniy, ijtimoiy munosabatlarimizni ham tushunamiz.
Estetika falsafiy fan boʼlib, uning nazariy va uslubiy asoslarini falsafiy tafakkur nazariyasi va tarixi tashkil qiladi. Masalan: voqelikni estetik va badiiy oʼzlashtirish jarayonlarini oʼrganishda xolislik (obʼektivlik), tarixiy yondashish, bilish jarayonida amaliy tajribaning ahamiyati kabi uslubiy asosni qoʼllash ijobiy samara beradi. Bilish nazariyasi vositasida sanʼatning bilish tabiati, voqelikni badiiy-ramziy ifodalash bilan ilmiy tadqiq etish oʼrtasidagi oʼzaro aloqadorlik va oʼzaro farqlar, voqelikni badiiy vositalar orqali tasvirlashning ijodiy tabiati; sanʼat asarlaridagi shartlilik va badiiy haqiqat kabi Estetika fanining koʼp muammolarni yechish mumkin.
Estetika va etika fanlarining umumiyligi shundaki, estetik baholar hamisha axloqiy tushuncha va intilishlar bilan bogʼlanib ketadi. Goʼzallik mavj urib turgan narsa axloqiy jihatdan ham boy boʼladi, axloqiy jihatdan puch narsa esa xunuk boʼladi. Har bir katta sanʼat asari estetik formada hal etiladigan axloqiy muammolarni oʼz ichiga oladi.
Etika bu – «zarur», «shunday boʼlishi kerak», «shunday ish qilish kerak»ligini oʼrganadi. Estetika esa – goʼzallikni, jozibadorlikni koʼrsatadi, kishini hayajonlantiradi. Lev Tolstoy taʼbiri bilan aytganda, «Haqiqiy talantning qoʼsh qanoti boʼladi, bir qanoti – etika boʼlsa, boshqasi - Estetikadir». Etika – yaxshilik haqidagi taʼlimot, boʼlsa Estetika goʼzallik haqidagi taʼlimot boʼlib, ular bir-birini doimo toʼldirib turadi. Lekin shunga qaramasdan ular oʼziga xos tarzda quyidagicha farqlanadi:
Birinchidan, axloqiy baho berishda fakt, haqiqat, soʼz, nutqning -mazmuni muhim boʼlib, ifoda qilish shakliga deyarli ahamiyat berilmaydi. estetik baho mazmun va shaklning garmonik birligi bilan bevosita bogʼliqdir. Shuning uchun u his-tuygʼu organlarining real faktlar va hodisalar, odamlar, konkret sanʼat asarlari bilan bevosita munosabatida paydo boʼladi.
Аxloqiy-maʼnaviy tasavvurlar hech qanday konkret his-tuygʼuga ega boʼlmagan umumiy mulohazalar, mavhumiy gʼoyalar, abstarkt tushunchalar shaklida ham ifoda etilishi mumkin. Holbuki, Estetika doirasi koʼrinib va eshitilib turgan olamdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |