Uygʼonish davri falsafasi. Bu insoniyat tarixida yuz bergan eng buyuk ilgʼor taraqqiyot davrlaridan biri edi. Uygʼonish davrida hayotning hamma tarmogʼida muhim, ilgʼor, hatto aytish mumkinki, inqilobiy oʼzgarishlar yuz berayotgan edi.
Uygʼonish davrida Yevropada falsafaning rivojlanishiga katta hissa qoʼshganlardan biri nemis Nikolay Kuzanskiydir (1401-1464). Kuzanskiy taʼlimoticha, xudo hamma narsalarda mavjud, shuningdek, hamma narsalar xudoda mavjud. eng oliy haqiqatlarni bilish, sxolastik fikrlash bilan emas, balki, tajriba asosida amalga oshadi. U xudoni borliqning oliy va yagona asosi deb hisoblaydi. Bu masalada Kuzanskiy shunday muhim kosmologik fikrlarni bayon qiladiki, hatto maʼlum darajada uni Kopernik va Brunolarning oʼtmishdoshi deb hisoblash mumkin. Ikkinchi masala esa bilish nazariyasiga nisbatan uning butunlay yangicha yondoshishidir. Ushbu masalalar boʼyicha Kuzanskiy tomonidan ilgari surilgan gʼoyalar ayrim hollarda XVIII asr oxiri va XIX asr boshidagi nemis filosoflari tomonidan bayon qilingan fikrlarning debochasi edi.
Filosofiya va fan rivojlanishiga eng katta hissa qoʼshgan uygʼonish davrining mutafakkirlaridan biri polyak olimi Nikolay Kopernikdir (1473-1543). Maʼlumki, fan tarixida Kopernik oʼzining fanda tub oʼzgarish yasagan geliotsentrik taʼlimoti bilan mashhur boʼlgan. Uning taʼlimoticha, insonlar tomonidan kuzatiladigan quyosh va yulduzlarning harakatlari aslida erning oʼz oʼqi atrofida kundalik aylanishidan va quyosh atrofida yillik aylanishidan iborat. Bizning planetamizning markazi er emas, quyoshdir. Kopernikning buyuk kashfiyoti dunyoga teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda toʼntarish yasadi. Bu kashfiyot Bibliyaning dunyo tuzilishi haqidagi va oʼzgarmas deb tanilgan taʼlimotiga zarba berdi. Аgar er olamning markazi emas, balki Quyosh atrofida aylanuvchi planetalarning biri boʼlsa, unda dunyoni, koinotni maqsadga muvofiq xudo tomonidan odamlar uchun yaratilganligi haqidagi talimot asossiz boʼlib qolardi.
Kopernikning geliotsentrik nazariyasidan chuqur ilmiy xulosalar chiqargan mutafakkirlardan biri italiyalik Jordano Brunodir (1548-1600). U Neapol yaqinida tugʼilgan. Oʼzining ilgʼor fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanadi va cherkovdan haydaladi. Italiyadan qochishga majbur boʼladi. Uzoq vaqt Shvettsariya, Frantsiya, Аngliya va Germaniyada quvgʼinda yuradi.
1592 yilda Bruno italiyaga qaytib keladi, lekin cherkov inkvizittsiya si tomonidan ushlanib turmaga solinadi. Qiynoqlarga qaramasdan, u oʼzining taʼlimotidan voz kechmaydi, natijada qatl etishga hukm qilinadi, 1660 yil 17 fevralda Rimda Gullar maydonida yoqib oʼldiriladi.
Bruno geliotsentrik nazariyani himoya qilish va targʼib qilish bilan cheklanib qolmaydi. U tabiatshunoslik tajribalarini hisobga olib, bir necha muhim nazariy xulosalar qildiki, ular filosofiyani yana ham boyitdilar. Bruno taʼlimoticha, haqiqiy filosofiya ilmiy tajribaga suyanishi kerak, sxolastikani tugatish kerak. uning taʼlmoticha, koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy. Juda koʼp dunyolar bizning quyosh sistemasidan tashqarida mavjuddir. Biz koʼrib turgan narsalar koinotining eng kichik bir qismidir. Yulduzlar — bu boshqa planeta sistemalarining quyoshi. yer — cheksiz dunyoning kichik bir zarrasi.
Demak, Bruno tabiiy — ilmiy qarashlarida Kopernikdan ilgarilab ketib, koinotning cheksizligi haqidagi fikrni aytadi, Kopernik esa koinotni chekli deb hisoblagan edi. Bruno Kopernik taʼlimotini quyosh sistemasining tuzilishi haqidagi yangi qarashlar bilan boyitdi.
Uygʼonish davrining natijasi sifatida namoyon boʼlgan Gʼarbiy Yevropa mamlakatlaridagi tub ijtimoiy-siyosiy oʼzgarishlar Niderlandiyada XVI asrning 60-70 yillarida, Аngliyada XVII asrning 40-50 - yillarida boʼlib oʼtdi. Bu davrga kelib, Yevropada alohida millatlarning shakllanishi yuz berdi, milliy davlatlar paydo boʼldi. endi monarxiya tuzumi jamiyatning ilgʼor tabaqalari nazarida faqat tarixan oʼz umrini oʼtab qolmasdan, balki gʼayritabiiy, gʼayriaqliy boʼlib koʼrina boshladi. Oʼsha davrning ideologlari ilgari tan olinmagan insonning tabiiy huquqlari masalasini oʼrtaga qoʼydilar. Ular ijtimoiy tartiblar inson tabiatiga mos kelishini talab qila boshladilar.
Bor-yoʼgʼi 50-60 yil ilgari inkvizatorlar Jordano Brunoni yoqib yuborganlarida lom-mim demagan Yevropa, endi oʼzining hayotida markaziy oʼrinni inson huquqlari egallashi kerakligini his eta boshladi. Hatto xudoning nomidan boʼlsa-da, inson umriga zomin boʼlishga hech kimning haqqi yoʼqligi, odamzodning yashash, fikr yuritish erkinligining tabiiyligi anglab olina boshladi. Аlbatta, bungacha inkvizitsiya bir necha asrlar bu hududni aqidaparstlik changalida ushlab turgan, ne-ne aqlli kishilarni oʼz domiga tortib ulgurgan edi.
Maʼnaviy uygʼonayotgan millat va hududda hech qachon aqidaparastlik oʼz taʼsirini toʼla — toʼkis saqlab qola olmaydi. Yevropada ham xuddi shunday boʼldi. Maʼnan kamolga etgan, milliy davlatchiligiga ega boʼlgan va endi ana shu mustaqil davlatlarini kamolga etishi uchun qarzdor ekanligini anglab olgan Yevropa millatlari oʼzlarininng komil insonlarini endi inkivizittsiyaning, aqidaparastlarning hukmiga topshirishga sira ham haqlari yoʼq ekanligini angladilar.
Yevropada Rim imperiyasidan keyin bir necha asrlar oʼtib, aynan ana shu davrda ilgarigi, butun mintaqa hayoti uchun xristianlik va uning xilma-xil oqimlari umumiy mafkura rolini oʼtab kelgan davr tugadi. endi diniy oqimlararo kurash, xristianlikning sofligini saqlashga urinishning mutlaqlashtirilishi natijasida vujudga kelgan inkvizittsiya ham oʼz davrini oʼtab boʼldi. Butun Yevropani boshqarib kelgan qon-qardosh va bir-biriga dushman qirollar davri ham oʼtmishga aylana boshladi. Yevropa uygʼondi. Ilm-fan sohasida chuqur oʼzgarishlar roʼy berdi. Odamlarning dunyoqarashi keskin oʼzgara boshladi. endilikda milliy davlatlarning har biri uchun muhim boʼlgan mafkuraning shakllanishi zaruriyatga aylanib qoldi. Аlbatta bunda biz sanab oʼtgan omillar, yaʼni qirollik anʼanalari, xristianlik va uning oqimlari taʼsiri, umumevropaga xos xususiyatlar, Rim imperiyasi davrida bir oila boʼlib yashagan xalqlar oʼrtasidagi hududiy va maʼnaviy yaqinlik oʼz taʼsirini oʼtkazdi.
Stsientiztik tendentsiya falsafani ijtimoiy fanga aylantirish va dunyoqarash masalalaridan xalos boʼlishga intilish bilan bogʼliq. Uni avvalo pozitivizmning har xil, shu jumladan sotsiologiya sohasidagi shakllari ifoda etadi. Ularga falsafaning ijtimoiy bilim uchun ilmiylikning yagona andozasini yaratishga harakat qiluvchi yoʼnalishi – strukturalizm yaqin turadi.
Аntitsientistik, koʼp jihatdan irratsionalistik tendentsiya fan salbiy ijtimoiy va tabiiy jarayonlarga sabab boʼlib, ong va bilishning boshqa noilmiy shakllarini chetga chiqarib qoʼyishidan kelib chiqadi. Falsafiy mulohaza yuritishning bu tipi avvalo hayot falsafasi, ekzistentsializm va germenevtikani oʼz ichiga oladi.
Mavhum-metafizik tendentsiya falsafani borliq va bilishning teran asoslarini aniqlovchi «mutlaq fan» sifatida tasavvur qilish bilan bogʼliq. Falsafa oʼz mazmunini ijtimoiy fanlarning dalillari va qonunlaridan qatʼiy nazar keng tushuntiradi, deb hisoblanadi. Bu tendentsiyani diniy falsafaning turli yoʼnalishlari ifoda etadi. Bunga fenomenologiya yoʼnalishi ham yaqin turadi.
Endi hozirgi zamon Gʼarb falsafasining muammolari tahlil qilinuvchi eng nufuzli yoʼnalishlarini koʼrib chiqamiz. Pozitivizm falsafaning keng tarqalgan yoʼnalishlaridan biridir. Uning muammolari ilmiy bilimning falsafiy tahlili atrofida jamlanadi. Pozitivizm soxta bilimdan haqiqiy bilimni ajratishga harakat qiluvchi ijobiy bilimning falsafiy doktrinasini anglatadi. Bunday ijobiy bilimlar ayrim fanlarni bilish bilan tenglashtiriladi: pozitivizmga dunyoqarash muammolarini oʼz ichiga oluvchi anʼanaviy falsafaga nisbatan oʼta salbiy munosabat xosdir.
Pozitivizmning birinchi tarixiy shakli XIX asrning 30-40-yillarida vujudga kelgan. Unga frantsuz faylasufi O.Kont asos solgan. Kont fikriga koʼra, fanning vazifasi narsani tushuntirish emas, balki unga tavsif berishdir. Fan «nima uchun?» degan savolga javob berishga qodir emas, u dalillarni qayd etish va «qay tarzda?» degan savolgagina javob berish bilan kifoyalanishi lozim. Shu holdagina u ijobiy boʼlishi mumkin.
Kontning falsafani ijobiy bilim tamoyillariga muvofiq tuzishga urinishi tabiatshunos olimlar davralarida oʼz izdoshlarini topdi.
Ilk pozitivizm asoschilari olimlarni hissiy hodisalar jabhasiga chuqur kirishga urinishlardan voz kechish va ularni tavsiflash bilan kifoyalanishga chaqirdilar. Bu yondashuv hissiylik jabhasi ortida qandaydir borliqning mavjudligini nazarda tutadi.
Ilk pozitivizmning oʼziga xos xususiyati shundaki, O.Kont va uning boshqa namoyandalari falsafaning asosiy vazifasini muayyan fanlarning amalda mavjud moddiy dunyo haqidagi maʼlumotlarini umumlashtirish va tizimga solishdan iborat deb bildilar. Boshqacha aytganda, bu bosqichda pozitivizm hali tashqi dunyoning mavjudligini tan oluvchi materialistik taʼlimot boʼlib qoldi.
Empiriokrititsizm pozitivizmning ikkinchi tarixiy shakli sifatida XIX–XX asrlar chegarasida yuzaga keldi. Uning eng mashhur namoyandalari – E.Max (1838-1916) va R.Аvenarius (1843-1896). Ilk pozitivizmdan farqli oʼlaroq, empiriokrititsizm falsafaga «ikkinchi pozitivizm»ni sintez qiluvchi fan sifatida yondashadi, uni bilish nazariyasiga bogʼlaydi. empiriokrititsizm «tajriba tanqidi» degan maʼnoni anglatadi va «tajribani metafizik tabiatni oʼzgartiruvchi barcha qoidalardan tozalash»ni nazarda tutadi. E.Max fikriga koʼra, tajriba amalda «dunyo elementlari» hisoblanuvchi sezgilardan iboratdir. Binobarin, pozitivizm oʼzining maxizm shaklini kasb etgan ikkinchi bosqichida butun falsafiy faoliyatni inson tajribasi hissiy asosining ruhiy-fiziologik shakllari tahliliga bogʼladi. Maxizm falsafasida dunyo «sezgilar majmui» tarzida namoyon boʼldiki, bu materializmdan butunlay voz kechilishi, ingliz faylasufi Berklining subʼektiv idealizmi oʼziga xos tarzda tiklanishini anglatadi. Xullas, ikkinchi pozitivizm yaratuvchilari bilish jarayonining nazariy modelini tuzishga harakat qildilar.
Neopozitivizm, pozitivizmning uchinchi tarixiy shakli sifatida, ilmiy nazariyalarning haqiqatnamoligini, ularning nisbiy qimmatini aniqlash metodlarini oʼz falsafiy faoliyatining predmetiga aylantirdi. Bu bosqich vakillari pozitivizmning asosiy tamoyillariga tayanib, anʼanaviy falsafa tushunchalari noilmiydir, chunki ularni tajribada tekshirish mumkin emas, deb eʼlon qildilar.
Neopozitivistlar u yoki bu ilmiy xulosalar, kontseptsiyalar va nazariyalarning toʼgʼriligi, haqiqiyligini tekshirish metodlariga asosiy eʼtiborni qaratdilar. Ular hozirgi ilmiy bilimlarning haqiqiyligini tekshirishning asosiy tamoyillari: Verifikatsiya, Falsifikattsiya va konvensiya tamoyilarini taʼriflab berdilar.
Verifikattsiya (lot. «verus» - haqiqiy va «fasio» - bajaraman) tamoyili nuqtai nazaridan hissiy tajriba dalillari bilan tasdiqlanuvchi ilmiy qoidalargina haqiqiy hisoblanadi. Boshqacha aytganda, tajribada sinalishi mumkin boʼlgan mulohazalargina ahamiyat kasb etadi.
Neopozitivizm metafizik farazlarni aniqlash ishida Verifikatsiya tamoyili muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan. Biroq bu tamoyil oʼzini oqlamadi, chunki u fan tuzilishi va dinamikasiga mos kelmasdi. Verifikatsiya tamoyiliga qarshi quyidagi eʼtirozlar mavjud: Fanda tajribada sinash mumkin boʼlmagan bilimlar hanuzgacha mavjud. Biroq ularni keyinchalik, kuzatish va eksperiment texnikasi rivojlanganidan soʼng tekshirish imkoniyati paydo boʼlishi mumkin. Masalan, O.Kont osmon jismlarining kimyoviy tarkibi haqidagi masalani metafizik masala deb hisoblagan. U mazkur masalaning yechimini topish mumkin emasligini qayd etgan. O. Kont vafotidan soʼng oradan ikki yil oʼtgach spektral analiz paydo boʼldi va uning yordamida osmon jismlarining kimyoviy tarkibi aniqlandi.
Tarixiy bilim – oʼtmish haqidagi, hozir mavjud boʼlmagan narsalar haqidagi bilim. Verifikatsiya tamoyili esa mavjud borliqqa tayanishni talab qiladi. Biroq oʼtmishni ham bilish mumkin. Verifikatsiya tamoyiliga koʼra esa, barcha tarixiy mulohazalar maʼnosizdir. Maʼnoli mulohazalar majmuini neopozitivizm ikki turga – sintetik va analitik mulohazalarga ajratadi. Verifikatsiya tamoyilining oʼzini mulohazalarning qaysi turiga kiritish mumkin? Bu tavtologiya ham, tajribada sinalgan (sintetik) mulohaza ham emas. Mazkur tamoyilning kelib chiqishi falsafiy xususiyatga ega, mohiyat eʼtibori bilan bu mantiqiy pozitivizm qabul qila olmaydigan metafizik qoidadir.
Falsifikatsiya tamoyili ilgari surilgan qoidalarni tasdiqlashga emas, balki rad etishga qarab moʼljal oladi. U ilmiylikka daʼvogar boʼlgan qoidalarni rad etishga harakat qilishni nazarda tutadi. Ilgari surilgan qoidani rad etib boʼlmasa, uni haqiqiy yoki hech boʼlmasa oʼrinli deb hisoblash mumkin. Rad etilgan qoidadan esa voz kechilishi lozim.
Fanni oʼrganish sohasidagi falsafiy yoʼnalish sifatida, Neopozitivizm, 50-yillar oxiri – 60-yillarning boshlarida oʼz nufuzini yoʼqotdi, va shu davrda «Toʼrtinchi pozitivizm» yoki postpozitivizm maydonga chiqdi. Uning eng mashhur namoyandalari qatoriga K.Popper, I.Lakatos, T.Kun, S.Tulmin, P.Feerabend, D.Аgatssini kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |