Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning oʼzagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab etilgan hissiy va abstrakt mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Bilimlar yordamida inson oʼzini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini toʼlaligicha qamrab olishi va anglab etishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqealar rivojini nazarda tutish, ijodiy faollik koʼrsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emotsiyalardir. Inson oʼzini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab etadi. U oʼz ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab etishini yo ragʼbatlantiradi, yo bunga toʼsqinlik qiladi. Koʼzni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq oʼrnashadi. Аmmo baʼzan dunyoning «koʼzni quvontiradigan» manzarasi oʼziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tugʼilishiga sabab boʼlishi ham mumkin.
Iroda – bu ongli intilish va harakatga mayl uygʼotishdir. Аmmo insonga ongsiz mayllar ham xos. Baʼzan inson qaergadir intiladi, lekin qaerga va nima uchun intilayotganini uning oʼzi ham bilmaydi. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan oʼtgan.
Ong strukturasining yana bir elementi – bu tafakkurdir. Tafakkur – individ bilish faoliyatining voqelikni umumiy va bilvosita aks ettirish bilan tavsiflanuvchi jarayoni. Mazkur jarayon narsalarning muhim, tabiiy munosabatlarini maʼlum, his qilingan, eshitilgan narsalar asosida aks ettirishni oʼzida ifodalovchi abstrakt tushunchalar, mulohazalarning yaratilishi bilan yakunlanadi. Fikrlash faoliyati yordamida biz koʼz bilan koʼrish va qoʼl bilan ushlash mumkin boʼlmagan narsalarni idrok etamiz. Tafakkur bizga muhim xossalar, aloqalar va munosabatlar haqida bilim olish imkoniyatini beradi.
Tafakkur yordamida biz sirtdan ichga, hodisadan narsalar, jarayonlarning mohiyatiga oʼtishni amalga oshiramiz.
Ong strukturasiga eʼtibor va xotira ham kiradi. eʼtibor – bu inson ruhiy faoliyatining muayyan obʼektlarga qarab moʼljal olishda namoyon boʼluvchi shakli. Xotira – bu individ miyasida uning oʼtmishdagi tajribasini mustahkamlash, saqlash va gavdalantirishdan iborat boʼlgan ruhiy jarayon. Xotiraning asosiy elementlari eslab qolish, saqlash, gavdalantirish va unutish hisoblanadi. eslab qolishning fiziologik asosini bosh miya poʼstlogʼida vaqtinchalik nerv aloqalarining hosil boʼlishi va qayd etilishi tashkil qiladi. Nerv aloqalarining keyinchalik jonlanishi eslab qolingan materialni gavdalantirish imkoniyatini beradi, bu aloqalarning susayishi esa xotiradagi materialning unutilishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |