Sintoizm. Sinto so‘zi xitoycha–xudolar yo‘li ma’nosini anglatib, bu din yaponlarning an’anaviy milliy dini. Sintoizmni dastlabki shakliga barcha madaniyatlarga xos bo‘lgan tabiatni ruhlantirish bo‘lgan. Sintoizm diniga eng kuchli ta’sir ko‘rsatgan ta’limotlar konfutsiychilik va buddizmdir. Konfutsiychilik g‘oyalari Yaponiyaga miloddan avvalgi V asrlarda kirib kela boshlagan. Uning ta’siri ostida sintoistik madaniyat ya’ni ajdodlar ruhiga sig‘inish va oqsuyaklarining axloqiy kodekslari shakllandi va tez rivojlandi. Yaponlarning butun tarixi davomida jamiyatning ijtimoiy va siyosiy hayotiga bu qarashlar o‘zining kuchli ta’sirini o‘tkazib keldi. Buddizm g‘oyalari Yaponiyaga milodiy VI asrlarda kirib kela boshladi. Buddizmdan sintoizm o‘ziga falsafiy ta’limotlarni, dabdabali marosimlarni, kundalik hayot majburiyatlari qonuniyatlarini o‘zlashtirib oldi.
6. Buddaviylik asoschisi haqida xabar beruvchi folklor va badiiy adabiyotlarda uni Siddxarta, Gautama, Shakyamuni, Budda, Tadxagata, Djipa, Bxagavan kabi ismlar bilan zikr etadilar. Bu ismlarning ma’nosi quyidagicha: Siddxartha-shaxsiy ismi, Gautama-urug‘ nomi, Shakyamuni-shaklar yoki shakiya qabilasidan chiqqan donishmand, Budda-nurlangan, Tadxagata-shunday qilib shunday ketgan, Djipa-g‘olib, Bxagavan-tantana qiluvchi. Bu ismlar ichida eng mashhuri Budda ismi bo‘lib, shu ismdan uning diniga buddaviylik nomi berilgan. Hozirgi kunda buddaning beshta biografiyasi yozilgan adabiyotlar mavjud: «Maxavostu»-eramizning II asrida yozilgan, «Lalitavistara»-eramizning II-III asrlarida yuzaga kelgan, «Buddaxacharita» budda faylasuflaridan biri Ashvagxoshey tomonidan eramizning I-II asrlarida yaratilgan, «Nadanakatxa»-eramizning I asrida yozilgan va «Abnixishkramansutra». Ushbu biografiyalar orasidagi asosiy ziddiyat Buddaning qaysi yillarda yashaganligi xususidadir. Ular eramizdan avvalgi IX-III asrlar orasidagi turli muddatlarni ko‘rsatadilar. Rasmiy buddaviylik hisobiga ko‘ra esa Butama-Budda er. avv. 623 yilda tug‘ilib, 544 yilda vafot etgan. Biroq ko‘pchilik tadqiqotchilar uning tug‘ilishini er. avv. 564 yilda, o‘limi esa 483 yilda deb hisoblaydilar. Ba’zan 560-480 deb to‘liq sonlar bilan ko‘rsatadilar. Yuqorida aytilgan biografiyalarda Buddaning haqiqiy hayoti bilan uning afsonaviy hayoti o‘zaro qorishib ketgan.
Budda miloddan avvalgi 624-544 yillarda yashagan. Siddhartha Shimoliy Hindistondagi Gang daryosining o‘rta oqimida, Himolay tog‘larining etagida joylashgan Kapilavasti qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Shakya qabilasining podshohi Shudhodana bo‘lgan. Onasi Mayya u hali go‘dakligidayoq vafot etib ketgan. Podshoh o‘g‘lini orzu-havaslar og‘ushida tarbiyalar, uni hech bir kamchiliksiz katta qiladi. Ulg‘ayib qo‘shni podshohlardan birining qizi Yashadxaraga uylanadi va o‘g‘il ko‘rib, unga Raxula deb ism qo‘yadi.
Shahzoda Siddxartxa bir kuni qarigan cholni, bemorni, og‘ir mehnat qilayotgan rohibni ko‘rib bundan qattiq ta’sirlanadi va insonlarni qiyinchilik va azobdan qutqarish yo‘llarini axtarish uchun saroydan chiqib ketadi. Bu vaqtga u 29 yoshda edi. U beshta rohibga qo‘shilib, ular bilan qishloqma-qishloq kezib yuradi, diniy kitoblarni o‘rganadi. Yetti yil rohiblar bilan hamrohlik qilib, ularning yo‘llaridan ma’lum maqsad yo‘qligini va bu yo‘l o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi-insoniyatni azob-uqubatdan qutqarishga olib bormasligini anglaydi va rohiblar jamoasidan ajraladi.
Budda o‘rmon va chakalazorlar kezib, charchab bir daraxt tagida dam olish uchun o‘tiradi va o‘ziga toki haqiqatni topmaguncha shu yerdan turmaslikka va’da beradi. Shu o‘tirishning 49-kuni uning qalbidan «Sen haqiqatni topding» degan sado keladi. U 36 yoshida «Haqiqiy bilim»ni topganligini e’lon qiladi. Shundan so‘ng u Shakya-Muni-Budda (uyg‘ongan, ziyolangan, haqiqatga, oliy maqomga erishgan) degan nom olgan. Dastlab Banorasda, keyinchalik umrining oxirigacha boshqa shahar va qishloqlarda o‘z ta’limotini targ‘ib qilib yurgan va 80 yoshida Kushtnagara degan joyda olamdan o‘tadi. Uning jasadi hind udumiga ko‘ra kuydirilib, uning hoki 8 ta budda jamoalariga bo‘lib yuborildi va har bir jamoa uni dafn etgan joyida ibodatxona barpo qildilar. Donishmandlik yo‘lini ko‘rsatgan, yangi din asoschisi-aziz siymoga atab haykallar qurishdi. Buddaning shogirdlariga aytgan so‘nggi so‘zi-vasiyati: «Hirsu havas jamiyki baxtsizliklarning sababchisidir. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa o‘zgaradi, shuning uchun hech narsaga ortiqcha ko‘ngil bog‘lamanglar. Buning o‘rniga ko‘ngilni toza tutinglar, haqiqat va abadiy baxt izlanglar!» degan so‘zlar bo‘ldi.
Budda hayoti haqida turli afsonalar ham to‘qilgan. Bu afsonalarda aytilishicha, Budda ko‘p yillar davomida yer yuzidagi turli mavjudotlar qiyofasida qayta tug‘ilgan: 84 marta ruhoniy, 58 marta podshoh, 24 marta rohib, 13 marta savdogar, 18 marta maymun, 12 marta tovuq, 8 marta g‘oz, 6 marta fil, shuningdek baliq, qurbaqa, kalamush, quyon kabi qiyofalarda qayta tug‘ilgan, jami 550 marta qayta tug‘ilgan. U doimo qayerda qaysi qiyofada tug‘ilishini o‘zi belgilagan. So‘nggi martauni xudolar insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun inson qiyofasida yaratganlar. Bu afsonalarning ba’zilariga ko‘ra yer yuzida Gautamaga qadar 6 ta budda o‘tgan. Shuning uchun buddaviylikning ba’zi muqaddas joylarida 7 ta ibodatxona barpo etilgan, 7 ta Botxa daraxti o‘tkazilgan. Ba’zi afsonalar 24 ta Budda avlodi o‘tgan desa, ba’zilari minglab Buddalar o‘tgan deb da’vo qiladilar.
Buddaviylik ta’limoti mohiyatan barcha jonli narsalarga muhabbat bilan qarashni, aql farmoniga bo‘ysunishni targ‘ib qiladi. Hozirgi buddaviylar ham, ularning ko‘z oldida biron-bir kishi biron-bir jonivorni o‘ldirsa yoki bironta katta daraxtni kesib tashlasa qattiq g‘azablanishadi. Budda ta’limoti–Xudoning mavjudligini va vedalar dinini inkor etadi. U ko‘pxudolikka, ularga har xil qurbonliklar qilish kabi ortiqcha serdahmaza marosimlarga ham qarshi bo‘lgan. Buddaviylik qadimiy hind diniy-falsafiy ta’limotlari asosida vujudga kelgan amaliyot va nazariyotdan iborat diniy tizimdir. Budda ta’limoti, dunyoqarashi «To‘rt oliy haqiqat»da ifodalangan:
1)Turmush azob-uqubatlardan iborat. Har bir tirik jon uni boshidan kechiradi, shuning uchun har qanday hayot qiynoq, azob-uqubatdir. Tug‘ilish-qiynoq, kasallik-qiynoq, o‘lim-qiynoq, yomon narsaga duch kelish-qiynoq, yaxshi ko‘rgan narsasidan ayrilish-qiynoq, o‘zi hohlagan narsasiga ega bo‘lmaslik-qiynoq. Dunyo tuzilishining asosiy qonuni bir-biriga bog‘liq. Lekin har bir hodisa yoki harakatning birlamchi sababini aniqlash mumkin emas. Shuning uchun buddaviylik dunyoni shu holicha qabul qilishga chaqiradi. Buddaviylik ta’limotiga ko‘fra, har qanday narsa yoki hodisa hoh u moddiy yoki ma’naviy bo‘lsin Dxarma (element)lardan tuzilgan. Bu elementlar o‘z xususiyatiga ko‘ra harakatsiz bo‘lib, ularni harakatlantiruvchi kuch insonning hayollari va so‘zlaridir. Ob’ektiv haqiqat bu doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi Dxarmalar oqimidir. Harakatdagi Draxmalar mavjudlikning 5 shaklini yaratadi: tana, sezgi, his-tuyg‘u, harakat, anglash. Bu besh shakl insonni tashkil qiladi. Inson ular yordamida yashaydi va borliq bilan aloqada bo‘ladi, yaxshi yoki yomon ishlarni bajaradi. Bu narsa insonning o‘limi bilan tug‘allanadi. Insonni tashkil qiluvchi besh shakl (skandx) o‘z navbatida qayta tug‘iladi. Yangi tananing xususiyatlari asos bo‘luvchi besh natijani beradi: faoliyat, gumrohlik, xohish, istak va me’yor. Bu jarayon «hayot g‘ildiragi»ni tashkil qiladi. Hayot g‘ildiragi doimiy ravishda aylanib, inson abadiy qiynoqqa duchor bo‘ladi.
2) Azob-uqubatlarning sababi kishilarning istaklari va nafsidir. Inson moddiy narsalar yoki ma’naviy qadriyatlardan foydalanib, ularni haqiqiy va doimiy deb hisoblaydi va ularga ega bo‘lishga intiladi. Bu intilish hayot davomiyligiga olib boradi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tug‘ilgan hayot daryosi, orzular va intilishlar sababli kelajak hayot uchun karma hozirlaydi. Demak, qayta tug‘ilish, yangitdan qiynoqlarga duchor bo‘lish davom etadi. Buddaviylar fikricha Buddadan keyin hech kim Nirvana holatiga erisha olmagan.
3)Azob-uqubatlardan qutilish uchun kishilar o‘zlarining istak va nafslarini jilovlab olishlari kerak. Yaxshi yoki yomon niyatlar, intilishlardan butunlay uzilish Nirvana holatiga to‘g‘ri keladi. Bu holatda inson qayta tug‘ilishdan to‘xtaydi. Nirvana holati, buddaviylar fikricha «hayot g‘ildiragi»dan tashqarigcha chiqishdir. «Men» degan fikrdan ajralib, insonning hissiy tuyg‘ularini to‘la tugatilishidir.
4)Azob-uqubatlardan halos bo‘lish uchun Buddaning yangi aqidalariga amal qilish kerak. Bu yo‘l-quyidagi uch narsaga amal qilishdir. Bu yo‘ldan borgan inson Budda yo‘lini tutadi. Buddaviylik ta’limoti asosan uch amaliy qismdan iborat:
1.Meditatsiya.
2.Axloq.
3.Donolik.
1.Meditatsiya:
1) To‘g‘ri tushunish.
2) To‘g‘ri niyat qilish.
3) To‘g‘ri o‘zini tutish.
4) To‘g‘ri anglash.
5) To‘g‘ri harakat qilish.
6) To‘g‘ri muomalada bo‘lish.
7) To‘g‘ri fikr yuritish.
8) To‘g‘ri gapirish.
2. Axloq me’yorlari.
1) Qotillikdan saqlanish.
2) O‘g‘rilikdan saqlanish.
3) Gumrohlikdan saqlanish.
4) Yolg‘on, qalbaki narsalardan saqlanish.
5) Mast qiluvchi narsalardan saqlanish.
6) Tushdan keyin ovqatlanishdan saqlanish.
7) O‘yin-kulgudan saqlanish.
8) Zebu-ziynat, atir-upalardan saqlanish.
3. Donishmandlik-buddaviylikning asosiy maqsadi bo‘lib, narsalar tabiatini tushunish.
Budda azob-uqubatlar mutlaqo tugamaydigan narsa, borliqning barcha ko‘rinishlarini, mohiyatini, har qanday hayotni turgan-bitgan azob-uqubat deb hisoblaydi. Uning fikricha, jonli mavjudotning o‘lishi uni tashkil etgan moddiy elementlar zarrachalarining ajralib ketishidir. Bu jismlarni tashkil etgan tananing yangidan birikishi ilgari qilingan «savob va gunohlar»ga bog‘liq. Bu moddiy jism ruh darajasiga yetganda qayta tug‘ilish to‘xtaydi, azob-uqubatdan butunlay xalos bo‘ladi. Buning eng ma’qul yo‘li doim savob, ezgu ishlarni qilish, undan ham qulayrog‘i monaxlik jamiyati-sanghaga o‘tishdir.
Buddaning ta’limoticha, har bir kishini hulq-atvor qonuni-karma qonuni ta’qib etadi, ya’ni kishi o‘zining qilgan savob va gunoh, yaxshi va yomon ishlarining ajrini albatta oladi. Agar ajrni bu dunyoda ololmay qolsa, keyingi dunyoga kelishida oladi va bu ajr uning kelgusi to‘rt avlodidan birining zimmasiga yuklanadi (bu ta’limot Tavrotda ham mavjud).
Jamiyatning tabaqalarga bo‘linishi haqidagi braxmanlik ta’limotiga qarshi o‘laroq Budda barcha kishilar teng huquqli, barobar deb e’tirof etadi. Biroq kishilar «azob-uqubat chekish»dan va bundan «xalos bo‘lish»da ham barobardirlar deydi. Hamma narsaning asosi, ibtidosida bilib bo‘lmaydigan ruh-Nirvana yotadi, bu dunyo real mavjud emas, u faqat kishilarning hayoli, bilib bo‘lmaydigan ruhning ko‘rinishi deb ta’lim beradi. Buddaning fikricha, bizni qurshab olgan dunyodan boshqa, ko‘rinmaydigan tag‘in ikki dunyo bor. Bunday dunyolarning eng yomoni-Yerdagi dunyodir. Ruh doimo qayta tug‘iladi, odam, hayvon, parranda, o‘simlik va boshqa jonzotlar shakliga kiradi. Bu dunyoda ruhni uning moddiy qobig‘idan ozod qilish uchun doimo kurash olib boradi. Yomonlik va azob-uqubatlarning sababi insonning va barcha tirik mavjudotlarning bu dunyoga-qayta tug‘ilish dunyosi-Sansaraga bog‘langanligi, ko‘ngil qo‘yganligidir. Bu dunyo sezgilar orqali his qilinsada, aslida hayoliy dunyodir.
Ilk buddaviylikni elementlar (draxmalar) haqidagi metafizik asoslari buddaviylikda ikki oqim «Xinayana» (kichik g‘ildirak) va «Maxayana» larning (katta g‘ildirak) yuzaga kelishiga olib keldi. Xinayanada ta’kidlanishicha elementlar tabiatini o‘rganish va nirvanaga erishish ma’naviy yo‘l bilan bo‘ladi. Bu yo‘l juda og‘ir va faqat monaxlargina nirvana holatiga yetishi mumkin. Maxayanada esa Budda jonzotlarni azobdan qutqarish uchun turli jonzot shakliga kirishi mumkin va hayot zanjirida barcha uni o‘rganishi, anglashi mumkin deyiladi. Bu narsalar ko‘pgina Budda xudolarini kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Buddaning izdoshlari Yer yuzida birinchi monaxlik jamoasi bo‘lmish «sangha»ni tashkil qilganlar. Ular yilning ob-havosi yaxshi bo‘lgan 9 oyida shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, aholini buddaviylikka da’vat qilib, ularga Buddat ta’limotini o‘rgatib yurishgan. Faqatgina Musson yomg‘irlari tinmay quygan 3 oydagina o‘z ibodatxonalarida muqim bo‘lib ibodat bilan shug‘ullanganlar. Buddaviylik miloddan avvalgi 273-232 yy.da podshoh Ashoka davrida Hindistonning rasmiy diniga aylandi. Ashoka o‘zining ilk hukmronlik davrlaridanoq buddaviylikka e’tiqod qila boshladi. U buddaviylikka, uning monaxlariga, ularning Hindiston bilan chegaradosh davlatlariga qilgan missionerlik harakatlariga hayrihoxlik bildirdi. Ular o‘z da’vatlari asosida biron-bir yerlik aholi yoki ruhoniylar tomonidan qarshilikka uchrasalar, ularga qarshi hech qanday harakat qilmay, yo‘llarida davom etganlar. Agar mahalliy aholi tomonidan o‘zlariga nisbatan xayrihoxlik sezsalar, o‘sha yerga ko‘proq ahamiyat berib, ularni ko‘proq da’vat qilishgan. Buddaviylik jamoalari har qanday boshqa din, madaniyat yoki urf-odatlar qamrovida yoki aralashuvida bir necha yuzlab yillab o‘zlarini saqlab qolishi hamda fursat kelganda ularga o‘z ta’sirini o‘tkazish qobiliyatiga egadirlar. Ularni bu xususiyatlari Hindistonda musulmon hukmdorlar davrida, Shri-Lankada portugallar, gollandlar va inglizlar mustamlakasi davrida, Xitoy va Yaponiya konfutsiychilari davrida, Janubiy-Sharqiy Osiyoda buddaviylikning yoyilishida yaqqaol namoyon bo‘lgan. Buddaviylik eramizdan avvalgi 1-ming yillik oxirlarida Shri-Lankaga va O‘rta Osiyo hamda Old Osiyoni o‘z ichiga olgan Kushon imperiyasiga kirib keldi. Diyorimizda olib borilgan arxeologik qazish ishlari davomida O‘ratepa, Dalvarzintepa, Quva, Zartepa, Qorovultepa, Ayritom hududlaridan topilgan Shakyamuni sanamlari, hayvon haykalchalari, ramziy g‘ildiraklar va stupa qoldiqlarining guvohlik berishicha Kushon imperiyasida buddaviylikka katta ahamiyat berilgan. Buddaviylik eramizning I asrida Xitoyga, IV asrda Koreyaga, VI asrda Yaponiyaga, VII asrda Tibetga, XIII asrdan XVI asrgacha Mongoliyaga, XVII asrdan XVIII asrgacha Buryatiya va Tuvaga, XIX-XX asrlarda Amerika va Yevropa qit’alariga kirib borgan. Xitoy manbalarining guvohlik berishicha buddaviylik Xitoy hududiga kirib borishida diyorimizdan borgan budda olimlarining hissasi katta bo‘lgan. Taxminan 30 ga yaqin da’vatchi olimlar Xitoyning turli shaharlarida budda ta’limotini yoyganlar. Hanuzgacha Samarqand, Buxoro va Shoshdan borgan budda olimlarining maqbaralari muqaddas joy sanaladi. Buddaviylik o‘z ta’limotida hech qachon boshqa xudolarga sig‘inishni ta’qiqlamagan. Balki ularga ibodat qilish insonga vaqtinchalik tasalli berishi mumkin, biroq nirvana holatiga olib bormaydi deb aytgan. Shu sababli buddaviylik ta’limoti turli joylarda yoyilishi bilan ular ibodat qilib kelgan xudolari yoki ulug‘langan shaxslarning timsollari ibodatxonalarni egallagan. Masalan, Hindistonning buddaviylikka mansub xudolari «dunyoni yaratuvchi Braxma», «chaqmoq va momaqaldiroq xudosi Indra», «hunarmandlik ishlari xudosi Xatimanu»; Tibetda: «Tibet eposi qahramoni Baser» timsoli, Mongoliyada Chingizxon kabi milliy panteon buddaviylik ilohlari sifatiga aylandi. Biroq bu panteonlar Nirvana holatiga olib bormaydi. Faqatgina Budda nirvanaga olib boradi va insonni qiynoqdan qutqaradi.
Buddaviylik ta’limoti bir qator devon shakliga keltirilgan to‘plamlarda bayon qilingan. Ularning eng asosiysi Tripitakadir («Uch savat»). U uch qismdan iborat bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Bular:
1.Sutta pitaka (sutra matnlari). Budda targ‘ibotining bayoni berilgan.
2.Vinaya pitaka (vinaya matnlari). Rahboniylik axloqi va xonaqohlar nizomiga bag‘ishlangan.
3.Abxidxarma pitaka (abxidxarma matnlari). Buddaviylikning falsafiy va psixologik muammolariga bag‘ishlangan.
Bu kitob eramizning boshlarida shakllangan va hozirda Shri-Lankada saqlanmoqda. Keyinchalik shakllangan sanskrit, xitoy, tibet, kxmer va yapon tillaridagi buddaviylikka oid adabiyotlar ancha keng tarqalgan, ammo ularning tarixiy qiymati kamroq hisoblanadi. 1956 yili buddaviylar dinning 2500 yilligini tantanali nishonladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |