Rim klubi. Yuqorida qayd etilgan qarashlardagi tub burilish asosan Rim klubi faoliyati taʼsirida yuz berdi. 1968 yil Rimda oʼzining birinchi majlisiga yigʼilgan olimlar, faylasuflar va jamoat arboblarining bu nufuzli xalqaro tashkiloti hozirgi davrning eng muhim umuminsoniy muammolari boʼyicha maʼruzalar tayyorlash va eʼlon qilishni oʼz oldiga vazifa qilib qoʼydi. Bu tashkilotning 1972 yilda eʼlon qilingan «Oʼsish chegaralari» deb nomlangan birinchi maʼruzasiyoq juda katta shov-shuvga sabab boʼldi, chunki insoniyat oʼzi anglamagan holda «poroxli bochka ustida oʼtirib, gugurt oʼynayotgani»ni koʼrsatib berdi. Rim klubining asoschisi va birinchi prezidenti Аurelli Pechchei mazkur tadqiqotga yozgan soʼzboshisida shunday deb qayd etgan edi: «Endilikda ona-Erimiz har qanday oʼsish surʼatlariga dosh berishga, insonning har qanday erkaliklarini koʼtarishga qodir ekanligiga sogʼlom fikrlaydigan odamlarning birortasi ham ishonmaydi. Oʼsish chegaralari borligi ravshan, lekin ularning qandayligi va qaerdaligini hali aniqlash lozim».
Global muammolarni yechishda falsafaning roli.
Global muammolarni falsafiy anglab etishning oʼziga xos xususiyatlarini tavsiflar ekanmiz, falsafaning asosiy funktsiyalaridan kelib chiqadigan va bilishning shu shakligagina xos boʼlgan xususiyatlarni qayd etib oʼtamiz.
Birinchidan, falsafa, dunyoqarashni shakllantirar ekan, inson faoliyati yoʼnalishini koʼp jihatdan belgilaydigan muayyan moʼljallar beradi. Shu tariqa falsafa oʼzining dunyoqarashni shakllantirish va aksiologik funktsiyalarini bajaradi.
Ikkinchidan, turli fanlar doirasida oʼrganiladigan murakkab tizimlar haqida yaxlit tasavvur mavjud emasligi bu fanlarning oʼzaro hamkorligi yoʼlida jiddiy toʼsiq hisoblanadi. Shu maʼnoda falsafaning mazkur fan doirasida yuzaga keladigan nazariyalarni umumlashtiruvchi metodologik funktsiyasi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi, chunki ilmiy bilimning integratsiyalashuviga koʼmaklashadi.
Uchinchidan, falsafa ijtimoiy hodisalar va jarayonlarni tarixiy kontekstda tushuntirish imkonini beradi. U jamiyat va tabiat rivojlanishining umumiy qonunlarini taʼriflaydi va shu sababli global muammolarni oʼrganishda ularni ijtimoiy taraqqiyot bilan uzviy bogʼliq boʼlgan qonuniy hodisa sifatida tushunishga yoʼl koʼrsatadi. Shunday qilib, global muammolarning paydo boʼlishi tasodif yoki insoniyatni halokatga oldindan mahkum etuvchi taqdirning hukmi sifatida emas, balki qarama-qarshiliklarga toʼla insoniyat tarixi obʼektiv rivojlanish jarayonining mahsuli sifatida qaraladi.
Toʼrtinchidan, falsafa global muammolar rivojlanishining umumiy tendentsiyasini, ularning oʼzaro aloqasi va bir-birini taqozo etish darajasini falsafiy nuqtai nazardan anglab etish imkonini beradi.
Beshinchidan, falsafa nazariy fikrlash madaniyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratish orqali maʼnaviy - madaniy funktsiyani bajaradi. Turli xalqlarning falsafa tarixini oʼrganish, ularning madaniyati bilan ham tanishish imkonini beradi. Muayyan xalqlar oldida turgan muammolarning birortasini ham ularning madaniyatiga bogʼlamasdan yechish mumkin emas.
Oltinchidan, global muammolarga oid ilmiy axborotning shiddat bilan oʼsib borayotgan oqimida yanada aniqroq moʼljal olish imkoniyati tabiiy-tarixiy jarayonni yaxlit koʼrish va uni talqin qilishga nisbatan dialektik yondashuv mahsuli hisoblanadi.
Yettinchidan, falsafa inson hayotining mazmuni, oʼlim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qoʼyadiki, bu insoniyatga global muammolar tahdid solayotgan sharoitda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |