Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni: "Nigilizm" lotincha "Nihil", ya’ni "hech nima", "hech narsa" so‘zidan olingan bo‘lib, jamiyatning axloqiy, ma’naviy norma va ustunlari, tarixiy hamda madaniy qadriyatlarining inkor etilishini anglatadi.
Nigilizm ijtimoiy hodisa sifatida quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi:
– umume’tirof etilgan, ob’ektiv qadriyatlarga nisbatan mutlaqo salbiy hamda o‘ta tanqidiy munosabatda bo‘lish;
– muayyan hodisaga nisbatan bir yoqlama, kelishuvni rad etgan tarzda munosabat bildirish;
– ijobiy dastur bilan bog‘liq emasligi;
– buzg‘unchilik g‘oyalarini o‘zida ifodalashi.
Nigilizm ijtimoiy ongning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, mazmunan umume’tirof etilgan, ob’ektiv qadriyatlarga nisbatan mutlaqo salbiy, inkor qiluvchi, hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishdir.
Nigilizm qadriyatlarni tan olmaydi, ijtimoiy tartibotga inkor etuvchi munosabatni hamda g‘oyalarning ijtimoiy foydaliligiga ishonchsizlikni namoyon etadi.
Nigilizm o‘zida uch tarkibiy qismni birlashtiruvchi murakkab ijtimoiy xodisadir. Birinchidan, bu davlatga nisbatan tanqidiy qarashlarni aks ettiruvchi ijtimoiy-siyosiy fikrlar, nazariy konsepsiyalar yig‘indisidir. Ikkinchidan, bu g‘yaoyalarning jamiyat hayotidagi o‘rnini kamsitib, uni jamiyatdan ajratuvchi hamda uning o‘rniga boshqa vositalarni e’tirof etuvchi ijtimoiy hodisadir. Uchinchidan esa, bu aniq shaxs (sub’ekt)ning borliq haqidagi g‘oyaning amaliy va mafkuraviy ahamiyatsizligida ifodalanuvchi, unga salbiy baho berish va uning talablarini bajarishni rad etuvchi tasavvuridan iboratdir.
Shu bilan birga, ijtimoiy maqsadlar shaxsning xatti-xarakatlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Fuqarolarning ichki g‘oyaviy yo‘nalganligi, ya’ni mafkuraviy tarbiyasi xulq-atvorni belgilab beradi. G‘oyaviy infantilizm, nigilizm, buzilgan ong – bularning barchasi ijtimoiy ong deformatsiyalaridir.
Demak, nigilizm g‘oyalarni ongli ravishda inkor etishdan iborat bo‘lsa-da, u jinoyatkorona maqsad bilan amalga oshirilmaydi. Bunday maqsadning mavjudligi ideologik ongning butunlay buzilgan, eng og‘ir shakllari bilan bog‘liqdir.
Har qanday ijtimoiy hodisada bo‘lgani kabi, nigilizmning ham yuzaga kelish sabablari va manbalari bor. Nigilizmni yuzaga keltiruvchi manbalardan biri jamiyatdagi ongsizlik holati hisoblanadi.
Nigilizmga qarshi kurashish fuqarolik jamiyati va demokratik davlat barpo etishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, nigilizmga qarshi kurashish yo‘llari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
Birinchidan, jamiyatning barcha a’zolari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning ideologik ongi va madaniyati darajasini yuksaltirish lozim.
Ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilariga milliy mafkuralarni ilgari surishlari uchun yetarli iqtisodiy, mafkuraviy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratib berish zarur.
Uchinchidan, davlat huquqbuzarlik, ayniqsa, jinoyatchilik holatini doimo nazoratda ushlab turishi hamda unga qarshi kurashishning kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirib borishi shart.
To‘rtinchidan, ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladigan mafkuraviy tajovuzlarga nisbatan faol salbiy nuqtai nazarni targ‘ib etib, ideologik ong darajasini yanada o‘stirish shart.
Ilmiy bilishda prognoz qilish - o‘rganilayotgan ob’ektning rivojlanish istiqbollarini maxsus o‘rganuvchi ilmiy bashorat shakli prognoz bilan bog‘liq. Ijtimoiy fan sohalari: sotsiologiya, politologiya, iqtisod nazariyasida prognoz qilish ijtimoiy boshqaruvning fundamental negizini tashkil etadi va har xil ijtimoiy tizimlarning ehtimol tutilgan rivojlanishi ssenariylarini rejalashtirish, dasturlashtirish, loyihalashtirishni o‘z ichiga oladi. Masalan, mintaqani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning prognostik modelini tuzish dolzarb vazifadir. Ijtimoiy-iqtisodiy ilmiy prognozlar qisqa va o‘rta muddatli istiqbolga tuziladi hamda asosan sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, yonilg‘i-energetika kompleksi va hokazolarni optimal boshqarish yo‘llarini aniqlash bo‘yicha taktik xususiyatga ega bo‘ladi.
Uzoq muddatli prognoz qilish davlat yoki mamlakatlar guruhini rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha strategik vazifalarni olis istiqbolga belgilaydi. Hozirgi globalistika davrida demografik jarayonlar, ekologik istiqbollar, oziq-ovqat ta’minoti va shu kabilarni, umumbashariy miqyosdagi ijtimoiy hodisalarni global prognoz qilish haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi. Jumladan, 2002 yilning sentyabrida Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida BMT homiyligida sayyoramizdagi ekologik ahvolni yaqin 10 yilga prognoz qilish bo‘yicha barcha davlatlarning sammiti bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy ijodda izlanish yo‘sinida prognoz qilish va normativ prognoz qilish tafovut etiladi.
Izlanish yo‘sinida prognoz qilish rivojlanishda kuzatilayotgan tendensiyalarni davom ettirish, kelajakka ekstrapolyatsiya qilishga asoslangan. Bunda ijtimoiy boshqaruv vositalari mazkur tendensiyalarni yaqin kelajakda o‘zgartirmaydi, deb shartli ravishda faraz qilinadi. Izlanish yo‘sinida prognoz qilish, ilmiy izlanish, o‘rganilayotgan ob’ektning monitoringini yuritishning maqsadi istiqbolli muammolarni hamda ularni hal qilishning maqbul, eng samarali va tejamli yo‘llarini aniqlashdan iborat.
Ijtimoiy fanlarda normativ prognoz qilish oldindan yuklangan mezonlar asosida ob’ektning maqbul holatiga erishish maqsadida muammolarni hal qilishning yo‘llarini aniqlashni nazarda tutadi.
Ijtimoiy hodisalarni prognoz qilishning mazkur shakllarini taqqoslash boshqaruvning samaradorligini oshirish uchun tavsiyalar va metodik ko‘rsatmalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ilmiy bashoratni sub’ektning borliq sirlarini va o‘rganilayotgan ob’ektning rivojlanish mexanizmlarini o‘zlashtirish borasidagi ijodiy faolligining shakli sifatida ko‘rib chiqmasdan ilmiy ijod metodologiyasini tadqiq qilish mumkin emas. Epistemologik va gnoseologik jihatlardan bashorat tuzilishini ilmiy bilish shakli sifatida, bashorat metodlarining xususiyatlarini va ilmiy bilishning o‘sishiga ularning ta’sirini falsafiy tahlildan o‘tkazish e’tiborga molikdir.
Bugun, insoniyat qadam qo‘ygan yangi ming yillik va yangi XXI asrning boshida kishilik jamiyatining progressiv taraqqiyotini ilmiy tushuntirish va ilmiy prognozsiz tasavvur qilish ham mumkin emas. Olim ilmiy bashorat sohasida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanar ekan, ijtimoiy taraqqiyot qaerga, qay yo‘nalishda harakat qilyapti, bu harakatning sur’atlari qanday, ularni qanday yaxshilash, jadallashtirish (yoki, aksincha, sustlashtirish), maqbullashtirish kerak, va, nihoyat, mazkur rivojlanishning yaqin tarixiy istiqboldagi yakuniy maqsadi qanday, degan savollarga javob topishga harakat qiladi.
Hozirgi zamon olamining qiyofasi shu qadar jadal o‘zgarmoqdaki, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida yalpi globalizatsiya jarayonlari sodir bo‘layotgan bugungi kun sharoitlarida har qanday ilmiy prognozlar qilish alohida olimlar hamda ilmiy jamoalar, maktablar va institutlar ijodining qiziqarli o‘yiniga aylanadi.
Ilmiy bilishning hozirgi zamon epistemologiyasi ilmiy bashoratga bizni qiziqtirayotgan hodisalar va jarayonlarning mohiyati hamda ularning kelgusida rivojlanish tendensiyalari haqidagi to‘g‘ri bilimga asoslangan noma’lum narsa to‘g‘risida bilim deb qaraydi. Ilmiy bashorat - bu bo‘lg‘usi hodisalarni, shuningdek u yoki bu hodisalar, voqealar, jarayonlarning oqibatlari xususiyatini (qaytariladigan yoki qaytarilmas, foydali yoki zararli, xavfli va h.k.) oldindan aytib berish real imkoniyatidir. Ilmiy prognoz hisoblangan fanda bashorat ilmiy faktlarga, barcha holatlar va shart-sharoitlarni qat’iy e’tiborga olish negiziga quriladi. Ilmiy bashorat jarayoni kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqealar, hodisalarni oldindan aytib berishni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |