Mohiyat va mavjudlik. Platon mohiyatni narsalarning moddiy-hissiy borlig‘i bilan bog‘lash mumkin bo‘lmagan g‘oya sifatida tavsiflagan. Har qanday g‘oya kabi, mohiyat nomoddiy, o‘zgarmas va boqiydir. Aristotel mohiyat deganda narsalar borlig‘ining abadiy tamoyilini tushungan. Narsaning mohiyati qotib qolgan materiya bilan emas, balki shakl bilan belgilanishiga uning ishonchi komil bo‘lgan. Ma'lumki, antik an'anada «shakl» va «g‘oya» tushunchalari bir xil ma'noga ega. Biroq, Platondan farqli o‘laroq, Aristotel shakl (g‘oya) va materiyani bir-biridan ajratmaydi, balki ularning uzviy aloqasini qayd etadi. O‘rta asrlarda mohiyat va mavjudlik o‘rtasidagi farq anglab yetiladi. Mohiyat muayyan maqsad, mo‘ljalni o‘zida mujassamlashtiradi, mohiyatni bilish esa uning tub negiziga muvofiq bo‘lgan ta'rifda ifodalanadi.
O‘rta asrlar falsafasida qayd etilgan mohiyat va mavjudlik o‘rtasidagi farq keyinchalik mohiyat va hodisaning nomuvofiqligi sifatida talqin qilingan. Bu nomuvofiqlik tasodifiy, o‘tkinchi bo‘lishi va asosiy tamoyilni, ya'ni narsani uning muhim xossalari bilan yaratgan Tangri niyatini tushunishdan chalg‘itishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |