Birinchidan, ekologik xavfsizlik iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizlik bilan bir qatorda mamlakat milliy xavfsizligining ajralmas bir qismi bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun hamma sub’ektlarni qamrab olgan holda ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizlik nuqtai nazaridan atrof-muhitga ta’siri bo‘lgan barcha turdagi tabiiy resurslar va manbalarning yaxlit tizimini shakllantirish zarur.
Uchinchidan, barqaror rivojlanishni boshqarish tizimining doimiyligini va uning ekologik hamda ijtimoiy- iqtisodiy keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish bilan mutanosibligini ta’minlash darkor.
To‘rtinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vaziyat hisobga olingan holda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarning ustuvorligiga talab etiladi.
Albatta, bu o‘rinda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning atrof- muhitga ta’sirining uzoq muddatga mo‘ljallangan bashoratlari asosidagi yaxlit ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik siyosat yuritilishi talab etiladi. Bu jarayonda ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni xalqaro va mintaqalararo darajada hal etish mexanizmlarini ishlab chiqish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Barqaror rivojlanishning umummilliy strategiyasida ishlab chiqarish, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha milliy dastur asosida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va bu boradagi ishlarni to‘xtovsiz kuchaytirib borish orqali aholi uchun yaxshi turmush sharoitini yaratishga intilishning ustuvorligi aniq belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda ushbu harakatlar Vazirlar Mahkamasining tegishli yillarga mo‘ljallangan atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakat dasturi tadbirlari bilan birga amalga oshirilayotir.
E’tiborli jihati atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha milliy harakat dasturi:
atrof-muhit muhofazasini va tabiatdan foydalanishni muvofiqlashtiruvchi qonunchilik tizimini yaratish va uni yanada rivojlantirish;
resurs tejovchi, ekologik jihatdan toza texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish, amaldagi ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish;
atrof-muhitning holati, tabiiy muhit sifatini baholashni, ekologik rayonlashtirishni monitoring qilishning yagona tizimini joriy etish;
ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish;
atrof-muhit muhofazasi va tabiatdan foydalanishda ilmiy asoslangan iqtisodiy va huquqiy mexanizmlarni yaratish va joriy etish;
atrof-muhit muhofazasi, tabiatdan foydalanish va tabiiy ofatlardan himoyalanish muammolari bo‘yicha xalqaro hamkorlik das- turini yaratish;
atrof-muhitga transchegaraviy ta’sir bo‘yicha davlatlararo munosabatlar mexanizmini ishlab chiqish va bu borada o‘zaro kelishuvga erishish;
xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda maqbul ekologik tavakkalchilik omillarini hisobga olish;
innovatsion faoliyatning ekologik-iqtisodiy mexanizmini yaratish singari strategik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan.
Biroq, bu o‘rinda yana shuni qayd etish lozimki, hali ishlab chiqarish chiqindilari bilan atrof-muhitni ifloslantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda yanada toza texnologiyalarni qo‘llash muammolari bilan bog‘liq masalalarga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotir.
Bu borada chiqindilar tarkibida qayta ishlashga yaroqli ikkilamchi manbalar juda ko‘pligini qayd etib o‘tmoq joiz. Birgina misol: hozirgi kunda mamlakatimizda har yili paydo bo‘layotgan sanoat chiqindilarining bor-yo‘g‘i 1,2 foizidan ikkilamchi xom-ashyo sifatida foydalanilayotir. Qolganlari esa turli joylarda to‘planib qolmoqda. Shunisi achinarliki, ikkilamchi xom-ashyo sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan bunday manbalar bilan mamlakatimizning 10 ming gektar hosildor yeri band qilib qo‘yilgan. Jumladan, "Ammofos-Maksam" ochiq aksiyadorlik jamiyatida 64 million tonna fosfogips, Angren va Yangi Angren GESlari hududida esa 12 million tonnaga yaqin qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan chiqindilar yuzlab gektar maydonni egallab yotibdi. Xuddi shunday fikrni Olmaliq kon- metallurgiya kombinati misolida ham aytish mumkin.
Bizningcha, bunday vaziyat tabiatdan foydalanish borasida iqtisodiy mexanizm to‘liq ishlatilmayotgani natijasida vujudga keldi. Chunki tabiatdan maxsus foydalanish, jumladan, chiqindilarni joylashtirganlik uchun tovon to‘lash miqdori yetarli emas, korxonalarga resurs tejovchi, chiqindisiz texnologiyalarni, ayniqsa, hosil bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalarini yaratish va joriy etishga mablag‘ sarflagandan ko‘ra bu juda arzonga tushadi. Shu bois yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun chiqindilarni joylashtirish bo‘yicha tovon pulini indeksatsiya qilish va chiqindi hosil qilganlik uchun to‘lov joriy etish lozim. Bu o‘rinda ushbu yo‘nalishda tushgan mablag‘larni chiqindilarni qayta ishlashga yo‘naltirish nazarda tutilmog‘i kerak. Resurs tejovchi, chiqindisiz texnologiyalarni joriy qilgan, hosil bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlayotgan korxonalarga esa imtiyoz belgilanishi zarur.
Tabiatni muhofaza qilish tarmog‘ini rivojlantirishni investitsiyalashga quyidagi imkoniyatlarni safarbar etish mumkin: tabiatdan tejamli foydalanganlik uchun to‘lovlardan hosil bo‘lgan pul mablag‘lari, mahalliy imtiyozli soliqlarni joriy etish; donorlar grantlari; tijorat banklari va xalqaro loyiha muassasalaridan olinadigan uzoq muddatli kreditlar; shaxsiy aksiyali kapital; moliyalashtirishning maxsus mexanizmlari yordamida imtiyozli moliyalashtirish.
Xulosa qilib aytganda, barqaror rivojlanish – kelajak avlod ulushini saqlagan holda hozirgi zamon kishisini ekologik xavfsiz, iqtisodiy ta’minlangan va ijtimoiy muhofazalangan munosib hayot tarizini ta’minovchi jarayon hisoblanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |