1. Makroiqtisodiy barqarorlik tushunchasi va uning mohiyati
Makroiqtisodiyot — mamlakat (yoki uning bir qismi, tarmoqlar) iqtisodiyotini, inflatsiya, ishsizlik, budjet taqchilligi (defisiti), iqtisodiy o'sish, iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishi va shu kabi umumiy jarayonlarni oʻrganuvchi fan. Makroiqtisodiyot YaIM, YaMM, yalpi talab, yalpi taklif, to'lov balansi, pul bozori, tovar bozori va mehnat bozori kabi tushunchalar bilan ishlaydi.
Makroiqtisodiyot (makro... va iqtisodiyot) — bozor xoʻjaligi umumiy nazariyasining boʻlimi, mamlakat iqtisodiyoti, umuman milliy xoʻjalikka oid katta miqyosdagi iqtisodiy hodisalar va jarayonlarni oʻrganadi.
Mamlakatning iqtisodiyoti holati va rivojlanishini ifolalovchi umumlashgan koʻrsatkichlar tizimi — milliy boylik, yalpi ichki mahsulot, yalpi milliy mahsulot, sof milliy mahsulot, milliy daromad, aholi daromadlari, davlat va xususiy investitsiyalar yigindisi, muomaladagi jami pul miqdori va shu kabi jami xoʻjalik boʻyicha jamlanma, umumlashtiruvchi koʻrsatkichlarni oʻrganadigan obʼyektlar hisoblanadi. Ayni paytda mamlakat miqyosida oʻrtacha daromadlar, oʻrtacha ish haqi, inflyasiya darajasi, ishsizlik, bandlik, mehnat unumdorligi singari oʻrtacha iqtisodiy koʻrsatkichlarni hamda ularga davlatning iqtisodiy siyosati koʻrsatadigan taʼsirini oʻrganadi va tadqiq etadi. Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, bir tomondan, maʼlum vaqt oraligʻida ishlab chiqarish hajmini hisoblash va milliy iqtisodiyotning faoliyat yuritishiga bevosita taʼsir qiluvchi omillarni aniqlash imkonini bersa, ikkinchi tomondan, ular yalpi milliy mahsulot harakatining barcha bosqichlarida, yaʼni ishlab chiqarish, taqsimlash, qayta taqsimlash va foydalanish bosqichlarida uni koʻrgazmali shaklda aks ettirishga imkon beradi. Shuningdek, oʻsishning umumlashtiruvchi koʻrsatkichlari, mamlakat iqtisodiyotini tavsiflaydigan koʻrsatkichlarning pasayishi hamda ortishi surʼatlari va unda yuz berayotgan iqtisodiy jarayonlar, tuzilmaviy proporsiyalar predmeti hisoblanadi. Makroiktisodiy koʻrsatkichlar moddiy ishlab chiqarish va nomoddiy xizmat koʻrsatish sohalaridagi barcha xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar iqtisodiy faoliyatining umumiy va pirovard natijalarini qamrab oladi. Makroiqtisodiyot asoslari ingliz olimi J.M.Keynsning 1936- yilda nashr etilgan "Bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi" asarida bayon etilgan. Hozirgi zamon Makroiqtisodiyot nazariyasida 3 oqim (neokeynschilik, monetarizm va yangi klassik yoʻnalish) mavjud, ular oʻrtasidagi asosiy farq makroiktisodiy siyosatga nisbatan berilgan tavsiyalarning har xilligida ( Mikroiktisodiyot).Iqtisodiyotni modernizatsiyalashga oid tub islohotlarning o`tkazilishi davlatning iqtisodiy siyosatining samarali ijrosini ta`minlashni taqozo etadi. Bizga ma`lumki, islohotlar strategiyasi davlat iqtisodiy siyosatining keng qamrovli dastaklarini o`z ichiga oladi. Mana shunday eng muhim dastaklardan biri davlatning izchil olib borilayotgan moliyaviy siyosatidir. Moliyaviy siyosat qo`yilgan maqsadlarni hayotga tatbiq etish uchun, bajarilishi lozim bo`lgan vazifalarning ijrosini ta`minlashda asosiy o`rinni egallaydi. Moliyaviy siyosat haqida so`z yuritar ekanmiz,uning nihoyatda ko`p qirrali va murakkab kategoriya ekanligini alohida ta`kidlash lozim. J.M.Keynsning izdoshlari AQSHdan – A.Xansen, S.Xarris; Buyu Britaniyadan – R.Xarrod, A.Ilersik, A.Pikok; Frantsiyadan – F.Perru; Germaniyadan – F.Neymark va boshqalar fiskal antitsiklik nazariyaning yaratilishini nihoyasiga yetkazdilar. Bu nazariyaning mohiyati balanslashtirilgan iqtisodiy taraqqiyot maqsadlari uchun davlat daromadlari va xarajatlaridagi o`zgarishlarga borib taqaladi. Neokeynschilar samarali talabga erishishning usuli sifatida “defitsitli moliyalashtirish” g`oyasini himoya qildilar. Ular davlat qarzlarining o`sishini inobatga olmagan holda davlat katta xarajatlarining zarurligini isbotlab berdilar. Biroq xronik xarakter kasb etgan katta miqdordagi byudjet defitsitlari iqtisodchi olimlarning ma`lum bir guruhini, shu jumladan Stokgolm maktabi vakillarini, jumladan, E.Lindal , G.Myurdallar byudjetga oid muammoni yangicha hal etishga majbur etdi. Bu maktab vakillari “byudjetni siklik balanslashtirish”, ya`ni byudjet daromadlari va xarajatlarini iqtisodiy siklga moslashtirish nazariyasini taklif etdilar. Bu nazariyaga muvofiq iqtisodiy tanazzul paytida vujudga kelgan byudjet defitsitini davlat iqtisodiy o`sishi davridagi ortiqchalar hisobidan qoplashi kerak. Ana shu tavsiyanomalarga rioya etgan holda bir necha kapitalistik mamlakatlarning hukumatlari siklik tartibga solishning maxsus pul fondlarini yaratdilar.
Fiskal siyosat orqali iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish holatining tahlili Davlat byudjetining asosiy vazifasi – davlatning fiskal siyosati mohiyati va yo`nalishlarini o`zida ifoda etadi. Kengroq ma`noda aytganda, davlat byudjetining asosiy vazifasi milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash, iqtisodiyotni tartibga solish va rag`batlantirish, ijtimoiy siyosatni moliya bilan ta`minlash, mamlakatning markazlashtirilgan pul jamg`armalarini vujudga keltirish va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish hisoblanadi. O`zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning erkinlashuvi va islohotlarning chuqurlashuvi jarayoni soliq tizimini ham muntazam takomillashtirib borishni taqozo qiladi. Soliq siyosati moliya tizimi islohotlarining muhim yo`nalishi sifatida iqtisodiyotni tartibga solish hamda uning barqarorligini ta`minlash jarayonida har qachongidan ham muximroq bo`lib bormoqda. Davlat byudjeti daromadlarining byudjetga tushishining uzluksizligi ta`minlansa, iqtisodiyotning turli tarmoqlari rivojlanishi uchun yetarli darajada xarajatlar qilish imkoniyati mavjud bo`ladi va aholi turmush farovonligi yaxshilanadi. Davlat byudjetining xarajatlar qismini optimallashtirish, ortiqcha xarajatlarga yo`l qo`ymaslik, ijtimoiy zaruriy sohalarni rivojlantirish istiqbollarini ko`zlagan holda xarajatlarni maqsadli yo`naltirish va bu qilinayotgan xarajatlarni kelgusidagi samaradorlik ko`rsatkichlarini e`tiborga olish bugungi kundadagi fiskal siyosatni asosiy vazifasi hisoblanadi. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan shu kungacha bo`lgan davrda soliq tizimidagi soliqlar va yig`imlar turlarining kamayib borishiga qaramasdan davlat byudjeti daromadlari tarkibida muhim salmoqni egallovchi soliqlarning miqdori o`sib borayotganligini kuzatish mumkin. Shu o’rinda ushbu soliqlarning buydjet daromadlari tarkibida tutgan o`rnini tahlil qilish lozim. Soliqli daromadlar jami daromadlar tarkibida 2019-2020 yillarda 93,9 foizni tashkil etmoqda. Shundan bevosita soliqlarning ulushi 2019- yilda o`tgan yillarga nisbatan biroz kamaygan va 23,6 foizni, jumladan, yuridik shaxslardan foyda solig’i 3,5 foizni, jismoniy shaxslardan daromad solig’i 10,1 foizni,obodanlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i 2 foizni tashkil etgan. Bilvosita soliqlarning ulushi esa o`tgan yilga nisbatan 1 foizga ko`paygan, jumladan, aksiz solig`i 15,2 foizni, bojxona boji 4,4 foizni va transport vositalari uchun yoqilg’i iste’moli solig`i 3,5 foizni tashkil etmoqda.
Iqtisodiy o‘sish deganda bevosita yalpi ichki mahsulot (YaIM) va uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi qiymatining ortishi tushuniladi.
Agar maqsad mamlakatning iqtisodiy salohiyatini baholash bo‘lsa, u holda YaIM hajmining o‘sish suratlaridan foydalaniladi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi YaIM esa aholining turmush darajasini baholashda qo‘llaniladi. Ushbu holatda YaIM hajmining o‘zgarish sur'ati bilan aholi sonining o‘zgarish sur'ati hisobga olinadi.
Agar YaIM hajmining o‘zgarish sur'ati aholi sonining o‘zgarish sur'atidan yuqori bo‘lsa, aholining turmush farovonligi ortadi. Agar ushbu ko‘rsatkichlar bir xil bo‘lsa, aholining turmush darajasi o‘zgarmaydi. Mabodo, YaIM hajmining o‘zgarish sur'ati aholi sonining o‘zgarish sur'atidan ortda qolsa, aholi turmush darajasining pasayishi kuzatiladi.
Bu o‘rinda iqtisodiy o‘sishga ta'sir qiluvchi ikki omilni keltirish kerak bo‘ladi. Ular: ekstensiv va intensiv omillar hisoblanadi.
Ekstensiv omil deganda ishlab chiqarishning eski shakli saqlab qolingan holda dehqonchilikda yer maydonini kengaytirish, sanoatda yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali erishilgan iqtisodiy o‘sish tushuniladi.
Misol uchun, bir gektar pomidor maydonidan o‘rtacha 20 tonna hosil olinadi. Ekstensiv omilda pomidor ishlab chiqarish hajmini ikki marta oshirish uchun yana bir gektar yerga pomidor ekiladi va barcha agrotexnika tadbirlari xuddi oldingi bir gektar yerdagi kabi amalga oshiriladi, natijada yana 20 tonna hosil olinib, umumiy hosil 40 tonnaga yetkaziladi. Yoki non ishlab chiqarishni ikki hissa ko‘paytirish uchun mavjud korxonaga qo‘shimcha ravishda xuddi shunday quvvatga ega bo‘lgan yana bir korxona quriladi. Ekstensiv rivojlanishda, agar u sof holda amalga oshirilsa, ishlab chiqarish samaradorligi o‘zgarmay qoladi.
Iqtisodiy o‘sishning intensiv omiliga esa mahsulot chiqarish miqyoslarini kengaytirishga ishlab chiqarish vositalarini sifat jihatidan takomillashtirish, ya'ni ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, ishchilar malakasini oshirish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish orqali erishiladi. Mazkur omil ishlab chiqarishning ichki resurslaridan unumli foydalangan holda, ortiqcha kuch, mablag‘ sarflamasdan mahsulot miqdorining o‘sishi va sifatining oshishida o‘z ifodasini topadi.
Intensiv usulda pomidor ishlab chiqarish hajmini ikki marta oshirish uchun 2 gektar yerga ekish shart emas, balki aynan o‘sha 1 gektar yerga ilg‘or agrotexnik usullarni tatbiq etishning (tomchilatib sug‘orish, yerga ishlov berishda texnikalardan foydalanish, yangi urug‘lar va ularni yetishtirishning ilg‘or usullarini qo‘llash va h.k) o‘zi kifoya. Yoki non ishlab chiqarishni ikki marta oshirishga oldingi eski texnikalar o‘rniga zamonaviylarini o‘rnatish, xodimlarning malakasini oshirish, ish kunini samarali tashkil etish orqali erishish mumkin.
Lekin shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, real hayotda ekstensiv va intensiv omillar sof holda, alohida-alohida mavjud bo‘lmaydi, balki muayyan uyg‘unlikda, bir-biri bilan qo‘shilgan tarzda bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |