Tadrijiy hujum.
Tadrijiy hujum yoki javob hujumini uyushtirishda biron o’yinchi juda ko’p uzatishlar yordamida darvozani zabt etish uchun qulay pozisiyaga chihariladi.
Bu tadrijiy hujumning tezkor hujumdan asosiy farqidir. Bu tur hujumdagi jamoa harakatlarini bajarishda kombinasiyalar qisqa va o’rtacha uzatishlar yordamida amalga oshirilgani uchun, to’pni uzoq vaqt nazorat qilib turish imkoniyati tug’iladi. Yana shuni aytish kerakki, to’plar qisman ayniqsa himoya qatori o’yinchilari hujumga qo’shilganda, maydonning ko’ndalangiga uzatiladi. To’p uzoq vaqt boshqarib turilganiga qaramay, tadrijiy hujumning samaradorligi aytarlik ko’p bo’lmaydi. Hujum rivojlanishiga ko’p vaqt sarflanishi mudofaadagilarga kuchlarni bemalol qayta guruhlab olishga va darvoza zabt etilishi uchun eng xavfli zonalarni to’sib olishga imkon yaratib beradi. Uyushqoqlik bilan amalga oshirilgan mudofaa esa hujum qilayotganlardan himoya qatorini bo’g’inlardan birida yorib o’tish niyatida yana bir turkum kombinasiyalar qilishni talab etadi.
Hujumning muvaffaqiyati ko’p jihatdan hujumchilarning mohirona harakatiga bog’liq. Tamomila ravshanki, yaxshi mudofaadan oz kuch bilan o’tib ketish qiyin, demak hujumga ko’proq o’yinchi qo’shilishi kerak. Bunda maydonning ayrim qismida son jihatdan ortiqlik hosil qilib, shuning hisobiga raqiblar mudofaasini yorib o’tish mumkin bo’ladi.
Maydonnnig butun uzunasiga va ko’ndalangiga manyovr qilish hujum enini kengaytirish imkonini berish bilan birga himoyachilar harakatlarini qiyinlashtiradi, ayni chog’da hujum qiluvchilardan puxta va maxsus tayyorgarlik ko’rgan bo’lishlarini talab etadi. Hozirgi zamon futbolida hujum va himoyada o’yinchilarning katta guruhi qatnashadigan bo’lgani uchun, o’yin mobaynida jamoa bajaradigan ish hajmi ham ancha ko’payib ketadi. Bu esa o’yinning taktik qiyofasini murakkablashtirish, maydonning butun bo’yi va eni bo’ylab ko’p yurishli kombinasiyalar qilish imkonini beradi. Bularsiz tadrijiy hujumda jamoa yutib chiqishini umid qilmasa ham bo’ladi.
Darvozabon boshlab, 10-yarim himoyachi unga qo’shiladigan hujum ko’rsatilgan. Tadrijiy hujum paytidagi ko’p yurishli kombinasiyalar natijasida maydon o’rtasining 10-o’yinchisi zarba berish pozisiyasiga chihariladi.
Tadrijiy hujum uyushtirishga bo’lgan asosiy talablar:
1. To’p olgan o’yinchi uni mudofaa zonasida ochilgan sheriklaridan biriga aniq oshirib berishi kerak. To’pni hammadan ko’ra yon chiziq yaqiniga uzatib bergan ma’qul, chunki u yerda o’yinchilar ko’p bo’lmaydi, xato qilib qo’yilgan taqdirda ham, raqib tomon darvozaga bevosita xavf sola olmaydi.
2. Oldingi va o’rta qatordagi hamma o’yinchilar maydonning bo’yi va eni bo’ylab faol manyovr qilishlari lozim. To’pi bor o’yinchiga eng yaqin bo’lganlarning mohirlik bilan ochila bilishi ayniqsa muhim.
3. O’yinchilar hujumning oldingi qatoriga istalgan vaqtda uzunasiga yoki diagonaliga tezlik bilan to’p uzatilib qolishi, ya’ni tezkor yorib o’tishga kirishib ketilishi mumkinligini nazarda tutishlari kerak.
4. Jamoa hujumni rivojlantirishda harakat maromini o’zgartirishdan, tezlikni oshirish va sekinlatishdan ("portlay olish"dan) foydalanishi kerak. Shunday qilish mudofaani uyushtirishni hamma vaqt nihoyat darajada murakkablashtirib qo’yadi.
5. O’yinchilar uzunasiga, ko’ndalangiga va diagonaliga uzatishlar hisobiga hujum yo’nalishlarini bir qanotdan ikkinchi qanotga o’tkazishni bilishlari kerak. Bu hujumni maydonning butun kengligida rivojlantirishni ta’minlaydi va raqiblar himoya qatorini uzaytirib yuboradi.
6. Oldindan tayyorlab qo’yilgan, ma’lum bir o’yinchini zarba berish pozisiyasiga chiharadigan kombinasiyalarni ko’proq qo’llash kerak. Bunday jamoa harakatlarini o’yinchilar guruhi ijodiy amalga oshiradi. Ular bunda ba’zan yuzaga kelayotgan sharoitga qarab tayyorlab qo’yilmagan harakatlar ham qilishi mumkin.
7. Hujum qilayotgan jamoaning o’rta qatordagi, ba’zan esa orqa qatordagi o’yinchilari zarba berish pozisiyasiga qo’shilib turishdan foydalanish juda ham muhim, chunki oldingi qator o’yinchilari bo’larga nisbatan qattiqroq qo’riqlanadi.
8. Hujum qilayotganlar to’pni nihoyatda e’tibor bilan, aniq uzatishlari kerak, chunki ular ikkala jamoa o’yinchilari g’uj bo’lib to’plangan sharoitda harakat qiladilar, bu esa raqiblarning to’pni yo’lda olib qolishini osonlashtiradi.
9. Hujum qilayotganlarning joylanishi albatta eshelonlangan, boshqacha qilib aytganda, tabaqalangan bo’lishi kerak. Shunda, raqiblar vaqti kelib to’pni adressiz qaytarib olgan taqdirda ham, hujumni davom ettirish mumkin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |