Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotima onamizni hazrati Aliga (r.a.) nikohlab berganlarida to‘rt misqol kumush mahr, uch xotinlari uchun esa besh yuz dirham pulni nikoh uchun muvofiq ko‘rganlar.
Uylanish — U zotning va ahli baytining sunnatlaridir. Nikoh uchun pul qarz olish joiz. Uylanishga qaror qilgan kishi keyingi hayotini o‘ylab, faqirlikdan qo‘rqishi kerak emas. Alloh taolo oila quruvchilarning yordamchisidir. Albatta, bir yengillik ehson aylagay!
Uylanmoqqa qaror bergan kishi juftining dindor bo‘lishiga diqqat qilishi zarur. Yaxshi tarbiya ko‘rgan dindor juft — butun dunyo boyliklaridan xayrlidir. Bo‘lajak kelinning nasabi yaxshi bo‘lishi muhimdir. Kechmishi aralash-quralash oila qizining nima keltirishi ma’lum emas. Ko‘rinishga aldanmaslik kerak.
Oila mavqei va boyligiga uchib, o‘ziga juft tanlaganlar aldanadi. O’zidan boy oiladan qiz olgan, ertadir-kechdir qiz tarafning ta’sir maydoniga kirib qolishi mumkin. Faqirlik ayb emas. Johil, tarbiyasiz juft bilan turmushni davom ettirish o‘ta mashaqqatlidir.
Har insonda ozmi-ko‘p, go‘zal va xunuk jihatlar bor. Uylanmoqchi bo‘lgan kishi o‘z fikricha go‘zal bo‘lgan ayolga uylanishi kerak.
Yomon va ko‘p gapiruvchi xotin bilan yashash mushkul ishdir. Badfe’l va yonida bolasi bo‘lgan ayolga uylanish ham ko‘ngildagidek ish emas.
Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shartlarga muvofiq kelsa, bokiraga uylanishni tavsiya etganlar. Dindor tul bilan oila qurish ham xushbaxtlik keltirishi mumkin. Gunoh qilishdan uyalmaydigan ayolga uylanish g‘amga duchor qiladi.
Aytilgan bu xususiyatlar faqat ayollargagina emas, erkaklarga ham taalluqlidir. Turmushga chiqmoqchi bo‘lgan ayol ham ayni shartlar asosida o‘ziga juft tanlashi mumkin. Va bunga uning haqqi bor. Jo‘mard, mard, tanti, olijanob bir erkakni tanlash — ayolning haqqidir.
Uylanishda erkak to‘rt jihatdan ayoldan afzal bo‘lishida foyda bor:
Erkakning yoshi ayolning yoshidan katta bo‘lishi.
Erkakning bo‘yi ayolning bo‘yidan uzun bo‘lishi.
Er xotinidan badavlatroq bo‘lishi.
Erning mavqei ayolnikidan yuqoriroq bo‘lishi kerak. Xotin ham erdan to‘rt narsada afzal bo‘lishi kerak:
Go‘zallikda ayol erkakdan ustun bo‘lishi kerak.
Nazokat va zarofatda ayol erkakdan nozikroq va madaniyatliroq bo‘lishi kerak.
Ayolning fe’li erining fe’lidan yumshoqroq bo‘lishi kerak.
Ayol eridan ko‘ra sabrliroq bo‘lishi kerak.
Yosh qiz qari kishi bilan, qari kishi yosh qiz bilan turmush qilmasligi kerak. Ota-onalar farzandlarining juft tanlashlari ustida zulm qilmasliklari lozim. Uylanajak juftlar bir-birini ko‘rib, qaror qilishlari kerak.
Sunnatga uyg‘un bo‘lgan turmush juft tanlashda har jihatdan teng, o‘xshash, bir-biriga munosib bo‘lganlarning oila qurishidir.
Juftning xayrlisi tanglikka tushirmaydiganidir. Xarji mo‘l xotinni olib u bilan yashash oson emas. Boshqalar uylanishni qaror qilganga uylanish kerak emas. Turmush qurishga qaror qilgan juftlarning va har ikki tarafdagi oilalarning, zarur bo‘lgan joylar bilan maslahatda bo‘lganlaridan so‘ng xulosa chiqarishlari sunnatga muvofiq bo‘ladi. Er-xotinning bolali bo‘la olishlari e’tiborga olinishi kerak. Aks holda, iztirob muqarrardir.
Har ikki tarafdan asosi sabr-bardoshga qurilgan oila, ya’ni sabrli juftlar turmushi eng mustahkam, eng baxtli turmush hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |