Маъруза матнлари
Ikkinchi ma’ruza
O‘ZBEK TILSHUNOSLIGI TARAQQIYOTI VA DAVR TALABI
Reja:
Ilk asos.
Til kaliti – dil kaliti.
G‘ayrimilliy “buyurtma”.
Milliy taraqqiyot yo‘lida.
Lisoniy imkoniyatlar tadqiqi – bosh vazifa.
Lisoniy imkoniyatlardan amaliy foydalanish samaradorligi tadqiqi – ijtimoiy ehtiyoj.
Tayanch tushunchalar
Ijtimoiy buyurtma, o‘zbek tilshunosligi tarixi, Mahmud Koshg‘ariy, “turkiyshunoslik bahoduri”, eski turkiy til, “Devoni lug‘oti–t–turk”, “Javohiru–n–nahv”, “Sangloh”, «Kitobu-l-lug‘at al-mushtoq fi lug‘ati-t-turk vo-l-qafchoq», «Attuhfatuz zakiyatu fil lug‘atit turkiya», «Turk, fors, qirg‘iz va o‘zbek tili grammatikasi», «Rus kishisining O‘rta Osiyodagi yo‘ldoshi», «Sort tili samouchiteli», «Sort tilini birinchi bor o‘rganuvchilar uchun qo‘llanma», «Sort tili darslari», «Sort tilini amaliy o‘rganish uchun qo‘llanma», «Sort tili darsligi», o‘zbek formal tilshunosligi, adabiy til meyorlarini i shlab chiqish va ommalashtirish, 2 tomli “O‘zbek tili grammatikasi”, 2 tomli “O‘zbek tilining izohli Lug‘ati”, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining orfoepik lug‘ati”, lison, meyor, nutq, lisoniy va nutqiy birlik, lisoniy imkoniyat (lisoniy birlik va lisoniy struktura), o‘zbek substansial tilshunosligi, lisoniy imkoniyatlardan foydalanish samaradorligi, tilshunoslikning yangi paradigmalari
Har bir jamiyat fan oldiga o‘ziga xos va muayyan talablarni qo‘yadi. Bu jamiyatning taraqqiyot darajasi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan ustuvor sohalarda yetilgan va yechimini kutayotgan muammolar asosida vujudga keladi. Fanning har bir sohasi esa bu muammolar tizimida o‘ziga tegishli masalalarni, undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarini aniqlab, mavjud ilmiy-texnologik salohiyatni unga yo‘naltiradi, muammoning yechimiga olib keladigan samarador va qulay metodologik asoslarni hamda tadqiq usullarini tanlaydi.
Tarix silsilasida o‘ziga xos o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zbek tilshunosligi fani ham turli davrda har xil muammolar bilan shug‘ullanib, tarixiy taraqqiyotga o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi. Qimmatli ilmiy tadqiqotlari bilan har bir davrning ijtimoiy ehtiyojlari qondirilishida faol qatnashdi.
1–§. Ilk asos. Ma’lumki, dastlab o‘zbek tili boshqa turkiy tillar bilan umumiy ildizga ega bo‘lgan. So‘ngra qarluq qavmlari lahjalari turli davrlarda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arabiy, mo‘g‘ul kabi noturkiy qavm vakillari lahjalarini o‘ziga singdirib, IX-X asrdan e’tiboran boshqa turkiy tillardan fonetik, leksik-grammatik jihatdan farqlanuvchi bir til ajralib chiqa boshlaydi. Bu til o‘ziga xos shakl-shamoyildagi turkiy (o‘zbek) til bo‘lib, u shu davrdan mustaqil milliy til sifatida shakllanish va taraqqiyot pillapoyasiga qadam qo‘ygan. Bunga asosiy negizini O‘zbekiston hududida yashovchi, hozirgi o‘zbek millatining bobokaloni, turkiy xalqlarning qarluq toifasiga mansub aholisi tashkil etgan Qoraxoniylar davlatining o‘rnatilishi va bu davlatda rasmiy saroy tili sifatida, Mahmud Koshg‘ariy ta’biricha, «turkiy xoqoniy”ning e’tirof etilganliligi asosida amin bo‘lish mumkin. Manbalarda eski turkiy til atamasi bilan nomlanuvchi bu til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganligini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatlarini asoslash, kelgusida milliy til sifatida e’tirof etiladigan bu tilning ontologik mohiyatini, fonetik, leksik-grammatik qurilishini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u davr talabi, o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu buyurtmani qabul qilish va ado etish turkiylardan yetishib chiqqan, XI asrda yashab o‘tgan qomusiy bilim sohibi, to‘ng‘ich turkiy tilshunos, adabiyotshunos, geograf, kartogaf, etnograf, tarixchi, sayyoh Mahmud Ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy zimmasiga tushdi. Bejiz u “turkiyshunoslikning otasi”, “turkiyshunoslik bahodiri” (A.Samoylovich) sifatlari bilan ulug‘lanmagan.
Mahmud Koshg‘ariy Qoraxoniylar davlati xalqini turk (turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularni va ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur qavmlari hamda ularning tilidan farqladi.
Tarixiy manbalar Koshg‘ariyning ikki kitobi haqida guvohlik beradi. «Devonu lug‘otit turk»da asosan, turkiy tilning leksik xususiyatlari fonetik asoslarda bayon etilgan. Bunda olim tilning grammatik tavsifini berishni asosiy maqsad qilib qo‘ymaydi. Chunki bu masala uning bizgacha yetib kelmagan «Javohirun-nahv» kitobida mufassal bayon etilganligiga ishonchimiz komil. Ammo «Devonu lug‘otit turk»da so‘zlarni u yoki bu qurilish turiga bo‘lib lug‘atda berar ekan, ularning morfologik va yasalish xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlarni bayon etadi. Mahmud Koshg‘ariy bergan, avvalo, leksik, derivatsion, qolaversa, grammatik tavsiflar bugungi zamonaviy lingvistik qarashlarning mag‘zidir. Umuman olganda, olim davr talabi va zaruratni chin dildan his qilgan holda ijtimoiy buyurtmani mukammal darajada ado etdi.
2–§. Til kaliti – dil kaliti. O‘zbek madaniyatining uyg‘onish davri bo‘lgan XIV-XV asrda shakllanib bo‘lgan tilimiz takomillashish pillapoyasiga qadam qo‘ydi. Bu davrda o‘zbek badiiy adabiyotining go‘zal va yuksak namunalari yaratildi. Adabiy va jonli so‘zlashuv tili orasida farq yanada kuchaydi. Bu esa badiiy adabiyotning erkin ommalashuviga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, turkiy til tarixida turkiy bilan o‘zbek qipchoq lahjasi aralashuvidan iborat “qarluq-qipchoq qorishuvi” yuz berdi. Natijada davr lug‘atchilik amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taqozo qildi. Turli lug‘atlar yaratish davr talabiga aylandi. Xususan, Alisher Navoiyning ulkan ilmiy va adabiy merosini o‘rganish, tahlil qilish – so‘z ma’nolariga, ularning qo‘llanishiga e’tibor berish, izohlash, lisoniy, ma’rifiy qiymatini ochish, asarlarning tarjimasi kabi masalalar bilan shug‘ullanish bu davr leksikografiyasining maqsad va vazifasi bo‘ldi. Ayniqsa, yaratilgan lug‘atlar sirasida Eron shohi Nodirshohning kotibi astrobodlik Nizomiddin Muhammad Hodi al- Husayni as-Safaviy (Mirzo Mehdixon)ning «Sangloh» (1760) lug‘ati alohida ahamiyat kasb etdi. An’anadagidek, bu lug‘atdan «Maboni ul – lug‘at, ya’ni sarfi va nahvi lug‘ati chig‘atoy» nomi bilan eski o‘zbek tilining grammatikasiga oid tavsiflar ham o‘rin oldi. Lug‘atda, asosan, she’riy matnlardagi, shuningdek, Lutfiy, Bobur asarlaridagi tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlar izohiga, ularni fors tiliga tarjima qilish muammolariga e’tibor qaratilgan.3
Jamoliddin Muhammad Abdulloh Turkiyning taxminan XIV asrlarda yozilgan «Kitobu-l-lug‘at al-mushtoq fi lug‘ati-t-turk vo-l-qafchoq» («Turk va qipchoq tillariga mushtoqlarni qiziqtiruvchi kitob»), o‘rta asr tilshunos-turkiyshunoslaridan bo‘lgan Asiruddin Abu Hayyon al-Andalusiy (1256–1345) ning «Kitobu-l-idrok li-l-lisonil atrok», undan foydalanilib XIV–XV asrlarda yozilgan va muallifi noma’lum «Attuhfatuz zakiyatu fil lug‘atit turkiya» asarlari ushbu davr talablari darajasida ado etilgan ishlardan hisoblanadi. Mazkur va yuqorida qayd etilmagan boshqa lug‘atlar badiiy matnlar persepsiyasi samaradorligini oshirish maqsadiga xizmat qildi.
Tilshunoslikning bu bosqichlari avval arab, so‘ngra fors tilshunosligi an’analari va tamoyillari asosida ish ko‘rdi.
3–§. G‘ayrimilliy “buyurtma”. Chorizm istilosi natijasida tilshunosligimiz o‘zga yo‘nalishga yuz burdi. Bu chor istilochilarining mahalliy xalqlar tilini o‘rganish, shuningdek, o‘z madaniyatini yerli xalq hayotiga singdirish talabi asosida kechdi. Bu davrda yaratilgan lingvistik tadqiqotlar asosan rus tilshunosligi an’analari va tamoyillari asosida amalga oshirildi. Bu borada yevropa tadqiq tamoyillari asosidagi ilk qo‘llanma sifatida Herman Vamberining nemis tilida e’lon qilgan «Chig‘atoy tili darsligi» yaratilgan bo‘lsa-da, u hozirgi O‘zbekistonda mustamlakachilar ta’siri va tazyiqi natijasida (aynan ularning maqsad va vazifalariga muvofiq bo‘lmaganligi bois) ommalashmasdan qoldi. Rus tadqiqotchilari esa “sort” dunyosiga kirish maqsadida turli qo‘llanmalar, ma’lumotnomalar, lug‘atlar tuzish ishiga jadal kirishdi. Bunga misol sifatida unter-ofitser Yefremov, tadqiqotchilar M.A.Terentyev, V.Nalivkin, M.Nalivkina, A.Alekseyev, N.Ostroumov, M.Andreyev, F.Mashkovsev, V.Vishnegorskiy, N.Budzinskiy, P.YE.Kuznetsov, A.Starlevskiy, N.N.Pantusov kabilarning sof amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘zbek tili va uning shevalari xususiyatlari bilan mustamlakachi mutaxassis va harbiylarni tanishtirishni maqsad qilib qo‘ygan qator ishlarini keltirish mumkin. Masalan, M.A.Terentyevning «Turk, fors, qirg‘iz va o‘zbek tili grammatikasi» (1875), A.Starlevskiyning «Rus kishisining O‘rta Osiyodagi yo‘ldoshi» (1878), Z.A.Alekseyev va V.Vishnegorskiyning «Sort tili samouchiteli» (1884), M.Andreyevning «Sort tilini birinchi bor o‘rganuvchilar uchun qo‘llanma»si (1896), F.Mashkovsevning «Sort tili darslari» (1899), V.P.Nalivkinning «Sort tilini amaliy o‘rganish uchun qo‘llanma»si (1898), N.Budzinskiyning «Sort tili darsligi» (1910) va boshqalar fikrimizning dalilidir.
Ko‘rinadiki, bu davr tilshunosligi g‘ayrimilliy maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladigan “buyurtma”ni ado etishga xizmat qildi. Shunday bo‘lsa-da, tilshunoslikning Yevropaga yuz burganligi fan kelajagi uchun besamar bo‘lmadi.
4–§. Milliy taraqqiyot yo‘lida. O‘zbek tilshunosligi tom ma’nodagi fan sifatida XX asrning 20-30- yillarida shakllana boshladi. O‘z oldiga davr talablaridan kelib chiqib, muayyan maqsadlarni qo‘ygan o‘zbek tilshunosligi 50-60 yil mobaynida o‘zbek adabiy tili meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ulkan vazifani sharaf bilan ado etdi.
Adabiy til – milliy yaxlitlikka erishishning, milliy yaxlitlik esa milliy taraqqiyotning bosh omili. Ushbu ijtimoiy ehtiyoj natijasi o‘laroq vujudga kelgan o‘zbek an’anaviy (formal) tilshunosligi vakillari o‘zbek tili qurilishini tavsiflash umumiy vazifasi ostida birlashdi. XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, YE.D.Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov, Ulug‘ Tursunov,Ayub G‘ulomov va ular izdoshlarining xizmat katta. Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida o‘rganildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi. Ular asosida imlo va talaffuz qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan me’yoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatikalar yaratildi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining mutaxassislar tayyorlashda fundamental predmet sifatida o‘qitilishi mazkur ijtimoiy ehtiyojni qondirish maqsadiga bo‘ysundirildi. Natijada ta’lim, matbuot, radio, televideniye, rasmiy ish yuritish, kitobatchilik ishlarida o‘zbek adabiy tilining ustuvorligiga erishildi. Adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani olgan o‘zbek an’anaviy tilshunosligi o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalari, imlo lug‘ati, talaffuz meyorlari, o‘zbek adabiy tilining akademik grammatikalari, shuningdek, o‘zbek tilining 2 tomli izohli lug‘ati nashr etilishi bilan o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Bu holat yetakchi o‘zbek tilshunoslari tomonidan e’tirof etildi.
5–§. Lisoniy imkoniyatlar tadqiqi – bosh vazifa. Aytilganidek, XX asrning 80-yillariga kelib o‘zbek tilshunosligining empirik (amaliy, faktografik) bosqichi tugallangan, o‘z zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy buyurtma – adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va omma ongiga signdirishdan iborat ulkan vazifa mukammal darajada ado etilgan edi. To‘plangan boy daliliy ashyoni dialektik metodologiya asosida o‘rganishga kuchli zamin tayyorlangan bo‘lib, tilshunoslikning o‘zi esa turg‘unlik holatini boshdan kechirmoqda edi. Shu boisdan butun sobiq sho‘ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o‘zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o‘tmadi. O‘zbek tilshunosligining yangi avlodlari olimlar qayta qurish sharoitida o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari bo‘yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar.
Ko‘tarilgan masalalarni mohiyatan ikkiga bo‘lish mumkin:
1) o‘zbek tilshunosligi oldiga 30-40-yillarda qo‘yilgan va 40-50-yillarda amalga oshirgan vazifasi – o‘zbek tili turli sath birliklarining zamonaviy tahlil usullarida berilgan mukammal tavsifi, belgilangan adabiy til meyorlari, ta’limning turli bosqichi uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmalari, darslik hamda lug‘atlar asosida to‘laqonli nazariy tushunchalar hosil qilish, xususiyliklarda umumiylikni, hodisalarda mohiyatni, oqibatlarda sababni, voqeliklarda imkoniyatni ochish darajasiga ko‘tarilish;
2) uzoq yillar davomida o‘zbek tili ittifoqdagi turkiy, qolaversa, boshqa tillar kabi rus va Yevropa tillari qoliplari asosida o‘rganib kelinganligi sababli uni o‘z ichki substansial tabiatidan kelib chiqqan holda alohida milliy yaxlitlik sifatida tadqiq qilish.
Bu vazifalar tildan amaliy foydalanish, uning ijtimoiy funksiyasi samaradorligini oshirish, milliy-madaniy kodlarini aniqlash, tilni algoritmlash, modellashtirish, axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan umumiy lisoniy imkoniyatlarini ochishdek zamonaviy ijtimoiy ehtiyoj, buyurtma natijasi edi. Ularni ado etish imkoniyatlar tilshunosligi degan nomga sazovor bo‘lgan, bugungi kunda g‘arb tilshunosligida ham mustaqil tilshunoslik yo‘nalishi sifatida e’tirof etilayotgan, o‘zbek an’anaviy tilshunosligining “merosxo‘ri” – o‘zbek substansial tilshunosligi zimmasiga yuklatildi.
O‘zbek substansial tilshunosligi o‘zbek tilining lisoniy va nutqiy strukturalarini farqlash, lisoniy struktura va lisoniy birliklarni, ularning imkoniyatlarini aniqlash borasida izchil tadqiqotlar olib borib, tilning fonetik, leksik, mofrologik, sintaktik lisoniy strukturalarini va birliklarini dialektik tadqiq metodologiyasi asosida tekshirdi. Tekshirish natijalari dissertatsiya va monografiyalar sifatida shakllantirildi. Ta’limda hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘qitishdan hozirgi o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘qitishga o‘tildi. Oliy ta’limda amalda bo‘lgan, atamasi tilni emas, balki uning bir ko‘rinishi bo‘lgan adabiy nutqni anglatadigan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursi mohiyatan tilning lisoniy strukturasi tavsifini o‘z ichiga olgan “Hozirgi o‘zbek tili” tabiatiga ega bo‘ldi (darvoqe, bu kurs tegishli o‘quv hujjatlarida hanuz davr talablariga muvofiq bo‘lmagan eski nomi bilan yuritilayotgani afsuslanarli, albatta). Hatto o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘rganish jarayonida ochilgan substansial qonuniyatlar (masalan, lisoniy darajalanish) bugungi kunda g‘arb tilshunosligining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan korpus tahlil tadqiqotlarida keng qo‘llanilayotganligini (Germaniya) iftixor ila qayd etish lozim.
Ko‘rinadiki, o‘zbek substansial tilshunosligi ham davr talablari asosidagi ijtimoiy buyurtmani yuksak darajada ado etdi. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligi o‘zining substansial yo‘nalishi asosida «nutq-lison» tamoyili asosidagi tadqiqotlar davrini muvaffaqiyatli bosib o‘tib, yangi pog‘onasiga – «lison-nutq» tamoyili asosida ish ko‘rish ehtiyojini boshdan kechirayotganligini e’tirof etmoq lozim.
6–§. Lisoniy imkoniyatlardan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish – ijtimoiy ehtiyoj. Davr o‘zbek tilshunosligidan aniqlangan lisoniy umumiyliklarning nutqiy voqelanishini tekshirishga, undan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish, qo‘llanish doirasini kengaytirish muammolari bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishishni taqozo qilmoqda. Bu yangi asr tilshunosligi zimmasiga yuklatilayotgan ijtmoiy buyurtmadir. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida alohida ta’kidlaganlaridek, “ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi o‘ta muhim sohalarda ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug‘atlar chop etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o‘zlikni, Vatan tuyg‘usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.” Bu esa lisoniy imkoniyatlarning amaliy voqelanishi, undan samarali foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek amaliy tilshunosligining sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, yangi davr axborot texnologiyalari va globallashuv asri ekan, o‘zbek tilining global til korpuslariga qo‘shiluvini ta’minlash dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |