Etnolingvistika va semiotika. Semiotika nisbatan yangi fan bo‘lsa-da, belgilarning jamiyat hayoti, inson kamolotida tutgan o‘rniga doir fikr va qarashlar milliy qadriyatlar tizimidagi marosimlar, bularga asos bo‘lgan insoniylik va jamoatchilik tamoyillari, axloqiy fazilatlarning semiotik jihatlarini tahlil qilish etnolingvistikaning yangi yo‘nalishi – etnosemiotikani vujudga keltirdi. «Etno» terminining mazmun-mohiyati bilan yuqorida tanishdik. Semiotika ramziy mazmunga ega belgilar haqidagi fan sifatida XX asrda shakllandi. Uning nazariy qoidalari, tadqiqot usullari va vositalari dastlab amerikalik faylasuf Charlz Pirs va shveysariyalik tilshunos Ferdinand de Sossyur asarlarida bir vaqtning o‘zida, biroq mustaqil ravishda rivojlantirildi.
Etnosemiotika – fanlararo ilmiy bilimlar tizimi bo‘lib, semiotikaning tarkibiy qismidir. Ushbu fanning xususiyatlari semiotik fan hamda muayyan etnik birlikning sotsiomadaniy va boshqa omillari bilan shartlangan. Etnografiya, etnologiya, etnosotsiologiya, etnolingvistika, etnopedagogika, etnopsixologiya, falsafa, madaniyatshunoslik kabi qator fanlar etnosemiotikaning shakllanishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Turli millatlarning urf-odat, marosim va bayramlari muayyan ramzlar, timsollarda aks etishi va konkret maqsadga ega ekanligi ko‘pchilikka ma’lum, ammo ularni semiotik tahlil qilish o‘tgan asrda ilmiy-tashkiliy yo‘lga qo‘yildi va etnosemiotik tadqiqotlar bu davrda bir necha yo‘nalish bo‘yicha jadal rivojlandi.
Universallashuv, yaxlitlashuv jarayonlari kechayotgan hozirgi sharoitda mehr-oqibat, insonni ulug‘lash, tinch va osoyishta hayot, bag‘rikenglik va totuvlik kabi milliy qadriyatlarimizni saqlash, ularni kelajak avlodlarga etkazish zarur. Bu esa, o‘zbek etnosemiotikasi bilan bog‘liq turli timsollar va belgilarni tadqiq etishni taqozo etadi.
O‘zbek etnosemiotikasining o‘ziga xos xususiyatlarini bilish uchun, avvalo, etnosemiotika fanining mazmuni, asosiy yo‘nalishlari, maqsadi va vazifalari xususida fikr yuritish, maqsadga muvofiq. Ayni paytda, semiotikaning ijtimoiy-falsafiy mohiyatini chuqurroq bilish ham etnosemiotikaning mazmuni va funksional tavsifini aniqlashni taqozo etadi. Zero, bu muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Etnosemiotika uchun mentalitet asosiy tadqiqot mavzusi hisoblanadi. Bu yo‘nalish vakillari fikricha, mentalitet etnik guruh ijtimoiy hamda intellektual hayotining o‘zgarishiga monand uzoq vaqt rivojlanish bosqichiga ega murakkab hodisadir. O‘z navbatida, lisoniy belgilar predmetlarda aks etadigan madaniy an’analar orqali olamni bilish, tushunishning hosilasidir.
Turli xalqlar imo-ishora, qo‘l va yuz harakatlari bilan ham axborot etkaza oladi; bunday o‘ziga xoslik, inson hayoti shakllarining semiotik mazmunga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Demak, turli urf-odatlar, xatti-harakatlar ham semiotik belgilar bo‘lib, ular ob’ektga axborot etkazuvchi tizimlardir. Binobarin, milliy urf-odatlar, biror millat yo elatga xos marosimlar ham muayyan mazmunga ega bo‘lgan, ma’lum ma’noni beradigan “axborot vositalari”dir. Milliy tarbiya, milliy muhit sharoitida shakllangan odam uchun ular tabiiy, ba’zan majburiy xarakterga ega bo‘ladi. Masalan, “nahorga oshga” deb taklif qilinsa, o‘zbekdan boshqa millat tushunmasligi, ehtimol. Yoki “Beshik solar”, “Kelin salom”, “Charlar” desa o‘zbek ayollari ushbu marosimni o‘tkazish uchun bir qancha harakatlarni boshlab yuboradilar. Bu kabi holatlar milliy an’analar bilan bog‘liq.
O‘zbek erkaklari o‘zaro salomlashganda bir-birlarining o‘ng qo‘llarini siqib, bu paytda chap qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib turadilar. Bu qutlash, yuksak hurmat ramzi sanaladi. Shunday shaklda ko‘rishish o‘zbeklarga xos etnosemiotik belgidir.
Rasm-rusumlar, urf-odatlar vaqt o‘tgan sari o‘zgarishlarga uchrab boradi. Ayrimlari unutiladi, yangilari paydo bo‘ladi. Bu jarayonda hayotiy muhim ehtiyoj va manfaatlarning rivojlanib borishi muhim o‘rin tutadi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, turli tashqi belgilar orqali ichki tuyg‘u, fikrlarni ifoda etish zarurati hech qachon yo‘qolmaydi.
Ma’lumki, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, urf-odatlari o‘z-o‘zidan, bo‘sh joyda shakllanmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishiga aniq tarixiy, tabiiy va ijtimoiy omillar asos bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, o‘zbek etnosemiotikasining quyidagi paradigmalar tasnifini keltirish mumkin: Birinchi paradigma – jamoaviylik, jamoa bo‘lib yashash tuyg‘usi. Bu xususiyat Sharqda, O‘rta Osiyo sharoitida, ayniqsa, o‘zbek xalqi hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan, jamoaviylik odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, o‘zaro qo‘llab-quvvatlab hayot kechirishga zamin yaratadi.
Tarixdan ma’lumki, O‘rta Osiyo hududida aholi azaldan vodiylarda, katta suv manbalari - daryo va anhorlar bo‘yida yashab keladi. Atrofi cho‘l va sahrolar bilan o‘ralgan, tabiati, iqlimi g‘oyat murakkab bo‘lgan mintaqa sharoitining o‘zi ana shu elat va millatlarning ming yillar davomida bir-biriga moslashib, yaqin yelkadosh bo‘lib, bir-birining og‘irini yengil qilib yashashini taqozo etib keladi”. Ikkinchi paradigma – mehr bilan uzviy bog‘liq qo‘sh tushunchalar: mehr-oqibat, mehr-muhabbat, mehr-shafqat kabilar bo‘lib, ular asrlar mobaynida xalqimizning dunyoqarashi, ma’naviy hayotining negizi sifatida vujudga kelgan, ong-u shuurimizdan chuqur joy olgan etnosemiotik timsollardir. Masalan, ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasining juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari bor. Bu avvalo, insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-yesir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma’naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi.
Uchinchi paradigma – tabiatga, atrof-muhitga jiddiy e’tibor va hurmat. Tarixdan ma’lumki, O‘rta Osiyo hududida aholi azaldan vodiylarda, katta suv manbalari - daryo va anhorlar bo‘yida yashab keladi. Atrofi cho‘l va sahrolar bilan o‘ralgan, tabiati, iqlimi murakkab bo‘lgan mintaqada yashash tevarak-muhitni e’zozlashga, bir tomchi suvning ham qadriga etishga, suvni hayot manbayi, tiriklikning dastlabki sharti sifatida tejab sarflashga o‘rgatgan. Daraxt yoki butaning biror shohini zaruratsiz kesmaslik, hatto chumoliga ham ozor bermaslik kabi odatlar o‘zbek etnosemiotikasining xarakterli xususiyatlaridir. Zero, bunday rasm-rusum va odatlar, qarash va tuyg‘ular hayot falsafasi, bir so‘z bilan aytganda, milliy mentalitetning asosini tashkil etadi hamda xalqimizning o‘ziga xos xususiyatlari sanaladi.
Ma’lumki, xalqimiz madaniyati o‘zining sabr-bardoshliligi, har qanday murakkab sharoitlarda ham ezgu niyatni tark etmasligi bilan ham xarakterlanadi. Albatta, ushbu fazilatlar ham muayyan ijtimoiy-tarixiy sabablar hosilasi, ko‘p asrlik madaniy evolyutsiya natijasidir.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, sabr va yaxshi niyatni tasnifimizdagi to‘rtinchi paragdima sifatida qayd etishimiz mumkin.
Beshinchi paradigma – mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik, ochiq chehralik tamoyillaridir. Buyuk Ipak yo‘lida, sivilizatsiyalar kesishgan, madaniyatlar o‘zaro bir-birini boyitgan mintaqada yashagan o‘zbek xalqiga yuksak darajadagi mehmondo‘stlik xosdir. Shoir: “Mehmon joy so‘rasa, ayamay hatto unga jonini ham bergan o‘zbekman”,-deb yozganida xalqimizga xos mehmonnavozlikni nazarda tutgan edi. Albatta, mehmondo‘stlik muayyan ma’noda boshqa xalqlarga ham xos. Biroq, yurtimizda bu tuyg‘u o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
Oltinchi paradigma – traditsionalizm, ya’ni an’anaviylik bo‘lib, azaliy qadriyatlar, urf-odat va bayramlarga sodiqlikda namoyon bo‘ladi. An’anaviylik o‘z tarixi, ona tili, madaniyatiga sodiqlikda namoyon bo‘ladi. Bunday ruhda shakllangan va mustahkamlangan e’tiqod egalari sadoqat, vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ularini barqaror qilishda ibrat, namuna ko‘rsata oladilar. Shu ma’noda, an’analarga hurmat millatimizga xos muhim etnosemiotik xususiyatdir. Shuningdek, o‘z an’analarini e’zozlash tuyg‘usi har bir insonda umuminsoniy qadriyatlar boshqa xalqlar va millatlarning madaniy yutuqlariga ham hurmat va bag‘rikeng munosabatda bo‘lishga mustahkam ma’naviy zamin yaratadi.
Shuningdek, an’analarimizning bardavomligini ta’minlashda “ko‘p asrlar mobaynida xalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hayot ma’nosini anglash, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni, qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlashda muqaddas dinimiz qudratli omil bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidlash joiz. Nega deganda, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oxiratni o‘ylab yashash, yaxshilik, mehr-shafqat singari xalqimizga mansub bo‘lgan fazilatlar aynan ana shu zaminda ildiz otadi va rivojlanadi”.
Insonning hayoti, u tug‘ilganidan boshlab, vafot etgunga qadar turli an’analar va marosimlar doirasida o‘tadi. Marosimchilik millatning o‘ziga xosligi va tarixiy tajribasini saqlash va kelajakka etkazish vositasi sifatida milliy hayotning ulkan semiotik hodisasidir. Ayni paytda, milliy ma’naviy qadriyatga aylangan urf-odat va rasm-rusumlar zamon talablari asosida qayta baholanib boradi. Ushbu etnosemiotik jarayon ham an’anaviylik prinsipining ustuvorligidan kelib chiqadi.
Etnosemiotika millat va elatlar madaniyatining “pinhona” darajasini o‘rganadigan fan sohasi sifatida endigina rivojlana boshladi. AQSHda madaniy va sotsial antropologiya tadqiqotlari doirasida etnosemiotikani o‘rganish jiddiy asosga qo‘yilgan. Estoniya, Polshada ham bir qator tadqiqotlar o‘tkazilgan. Ammo bu fan sohasini mustahkam nazariy asosga qo‘yish kun tartibida turibdi. O‘zbekistonda, xalqimizning betakror ma’naviyati va olijanob axloq-odobi zaminida o‘zbek etnosemiotikasini rivojlantirish uchun beqiyos imkoniyatlar mavjud.
Mustaqillik yillarida xalqimiz azaliy an’analarini tiklash, milliy madaniyatimiz elementlarini zamon talablari asosida takomillashtirish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, bu jarayon global miqyos kasb etgan ma’naviy tahdidlar sharoitida kechayotganini ham unutmaslik zarur. Zero, ma’naviyatga nisbatan real tahdid mavjud bo‘lib turgan bu paytda shaxsan Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi ostida, ma’naviyat sohasining fidoiylari zamon ruhiga mos keladigan, istiqbolga yo‘naltirilgan, ezgulik va erkinlikni tarannum etadigan an’ana va marosimlarni rivojlantirish, davr talabiga mos milliy mazmunga ega yangi belgilarni urf-odat, an’anaga aylantirishga qaratilgan ibratli ishlar amalga oshirildi.
Xulosa qilib aytganda, hozirda o‘zbek etnosemiotikasi yangilanish, takomillashish jarayonini boshidan kechirmoqda. Xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda milliy urf-odatlarimiz va ularning mohiyatini tashkil etgan mehr-oqibat, inson qadri, tinch va osoyishta hayot, millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik kabi qadriyatlar mustaqil O‘zbekiston xalqi madaniyatida yangidan-yangi ezgu timsol va belgilarning shakllanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |