Zamonaviy estetika insoniy go’zallikni uning o’z “Meni”ni namoyon etishida, o’z ishiga ongli munosabatda bo’lishiga talabchanligida, o’z hayotini go’zallashtirishga mas’ul ekanligida (Zigmund Froyd), o’z havotiri zamirida buyuk maqsadlarga da’vat etish mavjudligida (Jan Pol Sartr), ijtimoiy va iqtisodiy kuchlar qarshisida ojiz bo’lmaslik, o’z qo’li bilan barpo etgan narsalarga sajda qilib qolmaslik (Erix From) oraqali izohlanmoqda. Endilikda texnogensivilizasiyaning markazi hisoblangan, faqat ko’zga ko’rinib turgan, aql va idrokka asoslangan borliqnigina tan olgan G’arb mutafakkirlari ham inson hulqiy go’zalligini takomillashtirishda ko’hna Sharqning allaqachon tajribasidan o’tgan axloqiy muhit muammosiga e’tiborni qaratmoqda. Shu bois ular insoning ma’naviy xunuklashuvidan qutilish yo’lini axloqiy muhit–etosferani yaratishdan iborat, deb bilmoqdalar.
Bugungi kunga kelib hayotni faqat moddiy yoki ma’naviy tomoninigina o’zgartirishga intilish, e’tiborni faqat bir sohaga qaratish bilan ko’zlangan maqsadga erishib bo’lmasligi oydinlashmoqda. Zotan, insonning faqat ma’naviy go’zalligiga e’tibor berish, uning jismoniy go’zalligiga putur yetkazadi. Ayni paytda, ma’naviy go’zallik hisobiga jismoniy go’zallikni ulug’lash insoniyatni muqarrar tarzda muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Biz hozirda insonning ma’naviy va jismoniy go’zalligini uyg’unlashtirish masalalari dolzarb bo’lgan davrda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak. Ana shuni teran xis qilganimizdagina ko’zlagan maqsadlarimizga yetishishimiz mumkin bo’ladi.
Bir so’z bilan aytganda, go’zallik – ma’naviy va moddiy xususiyatga ega bo’lgan, ijtimoiy hayotda favqulodda ahamiyat kasb etuvchi hamda narsa–hodisalarning uyg’unligi, hamohangligi, mutanosibligi, maqsadga muvofiqligiga asoslangan qadriyatdir.
Go’zallikka qarama-qarshi bo’lgan xunuklikni go’zallikning aksi deb yuritamiz. Biroq, bunday yondashuvda qisman noaniqlik bor. Chunki uyqash va bir–biriga yaqin, yoki bir–birining aksi bo’lgan tushunchalardagi unsurlar u yoki bu ko’rinishda har ikala tushunchada ham ishtirok etishi mumkin.
Gohida shakl va mazmun go’zalligi bir-birini dialektik tarzda inkor etadi. Shunday bo’lsa–da, buning ijobiy tomonlari ham mavjud. Chunki, mazmun o’z vaqtida shaklning kamchiligini ko’rsatib, uning go’zallashuviga turtki berib turadi yoki aksincha: ko’rinishi chiroyli bo’lgan insonlarning hammasi ham ma’naviyati boy bo’lmaganidek, yuksak fazilat sohiblarining barchasi ham husn va chiroyda barkamol emaslar. Xunuklik bir paytning o’zida ham go’zallikning, ham nafosatdan lazzatlanishning ziddidir. Chunki, xunuklik lazzatlanish tuyg’usi mavjud bo’lgan jarayondan uzoqroq joyda vujudga keladi; u insonga hayrat baxsh etishdan, uning vujudini forig’lashdan mahrum.
Do'stlaringiz bilan baham: |