Misol: gender xususiyatga asoslangan ta’qib va huquqiy himoya
Ba’zan biz ijtimoiy tarmoqlarda gender siyosatidagi ayrim islohotlarga salbiy va yanglish xulosaga ega munosabatlarni kuzatishimiz mumkin. Biroq, gender tenglik haqida salbiy fikr bildirilganda so‘z erkinligi huquqiga apellyatsiya qilish, aslida, ushbu huquq chegaralarini tushunmaslik, internet-bullingni yaratib va rivojlantirib, jinsiy yoki boshqa xususiyatlar asosida zo‘ravonlik, zulm va kamsitishni to‘siqlarsiz targ‘ib qiluvchi hate speech tarqatuvchilarining mas’uliyatsizligi kuchayishiga olib keladi.
Bundan tashqari, bunday hujumlar irqiy, milliy, diniy yoki gender nizolarga olib kelishi mumkin, bu esa O‘zbekiston milliy xavfsizligiga bevosita tahdiddir.
Xalqaro standartlarni va inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan holda, mamlakatimiz Internetda ham, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham zo‘ravonlik va nafrat targ‘ibotining oldini olish uchun choralar ko‘rishi shart. FSHXP ning 20-moddasida aytilishicha:
«1. Urushning har qanday targ‘iboti qonun bilan taqiqlanishi kerak.
2. Kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday chiqish qonun bilan taqiqlanishi kerak".
Ushbu masala bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi FSHXPning 20-moddasidagi qonuniy cheklovlar so‘z erkinligiga zid emasligiga aniqlik kiritadi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi:
«… 2-band, tegishli davlatga nisbatan ichki yoki tashqi xususiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashviqot yoki chiqishga qarshi qaratilgan«ligini aytadi.
FSHXPning 20-moddasi 1-bandiga binoan O‘zbekiston Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilangan, xususan Jinoyat kodeksining 150-moddasi urushni targ‘ib qilish, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish taqiqlanadi.
Biroq, FSHXPning 20-moddasi 2-bandi bizning qonunchiligimizda hali ham biror bir tarzda, ya’ni genderga asoslangan ta’qiblar nuqtai nazaridan o‘z aksini topmagan. Afsuski, bizning qonunchiligimiz kibermaydonda virtual ta’qib qurbonlarini va ularni himoya qiluvchilarni himoya qilmaydi, natijada fuqarolar ham, tashkilotlar ham, mansabdor shaxslar ham qaltis vaziyatda qoladi. Bundan tashqari, bu kabi hujumlar O‘zbekistondagi ayollarning mavqeini zaiflashtiradi va mamlakat gender siyosatiga to‘sqinlik qiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat «shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish» deb ta’riflanadi. Biroq, ko‘p minglab obunachilari bo‘lgan blogerning shamali xabarlari («Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 8-qismi 3-moddasida bloger o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sayt sahifasida ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xarakterdagi ommaviy ma’lumotni joylashtiradigan, shu bilan birga uni muhokama qilishi mumkin bo‘lgan axborot foydalanuvchisi sifatida belgilanadi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqorat qilmasdan, kamsitish va zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lsa, qonunchilik onlayn ta’qib qurbonini va uning tarafdorlarini himoya qilmaydi.
«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasi 9-qismida «tazyiq va zo‘ravonlik qurboni — o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs» deb ta’riflangan. Ammo na ushbu qonun, na kodekslar shaxslarni Internet foydalanuvchisi — post muallifi va sharhlovchilari tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilmaydi.
Zo‘ravonlik va kamsitishni targ‘ib qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish FSHXPning 19-moddasiga zid emas, chunki ushbu moddaning uchinchi qismida:
«Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish maxsus burch va majburiyatlarni yuklaydi. Shuning uchun huquqlardan foydalanish:
a) boshqalarning huquqlari va obro‘sini hurmat qilish;
b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, sog‘lig‘ini yoki axloqini himoya qilish uchun qonun bilan belgilanishi kerak bo‘lgan zaruriy muayyan cheklovlar bilan bog‘lanishi lozim" deyilgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ushbu bandga aniqlik kiritib, quyidagilarni ta’kidladi: «So‘z erkinligi huquqidan foydalanish maxsus vazifalar va majburiyatlarni yuklaydi, shuning uchun ham mazkur huquqdan foydalanish doirasida ham alohida shaxslarga, ham jamiyatga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ayrim cheklovlarga yo‘l qo‘yiladi. Biroq, ishtirokchi-davlat o‘z fikrini ifoda etish huquqini amalga oshirishda ma’lum cheklovlarni qo‘yganda, ushbu cheklovlar mazkur huquqning tamoyiliga zid bo‘lmasligi kerak».
Do'stlaringiz bilan baham: |