Erkin Vohidov
(29.12.1936–30.05.2016)
Zamonaviy oʻzbek milliy adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Erkin Vohidov 1936 yil 28 dekabrda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida oʻqituvchi oilasida tugʻildi. Otasi Choʻyanboy Vohidov Ikkinchi jahon urushidan keyin Toshkentga qaytib, tez orada shu yerda vafot etdi. Onasi Roziyaxon Vohidova (Sohiboyeva) ham dunyodan oʻtib, boʻlgʻusi shoir togʻasi Karimboy Sohiboyev tarbiyasida qoldi.
Erkin Vohidov Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olib, “Yosh gvardiya”, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotlarda, “Yoshlik” jurnalida xizmat qildi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro aloqalar va munosabatlar qoʻmitasi rahbari, Oʻzbekiston Senati aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi.
Uning birinchi sheʼri 14 yoshida, 7-sinfda oʻqib yurgan kezlarida chop etildi.
“Tong nafasi” (1961), “Mening yulduzim” (1964) kabi dastlabki toʻplamlarini nashr ettirdi.
E. Vohidov ijodida gʻazal, qasida, muxammas kabi janrlarga qoʻl urib, mumtoz adabiyot tajribalarini yanada boyitish, yanada mukammallashtirishga intildi. Ayniqsa, “Yoshlik” (1969) devoniga kirgan sheʼrlar bu jihatdan eʼtiborlidir.
Shoir xuddi shu davrdan boshlab dunyo kezdi, dunyoni koʻrdi, dunyoni tanidi. Ana shu taassurotlari asosida “Tirik sayyoralar” (1978), “Sharqiy qirgʻoq” (1981) kabi sheʼriy toʻplamlarini yaratildi. Inson taqdiri, uning baxti va kelajagi shoir ijodining bosh mavzuiga aylandi.
Uning “Kelajakka maktub” (1983), “Yaxshidir achchiq haqiqat” (1992) toʻplamlariga kirgan sheʼrlarida haqgoʻy va bedor insonni kamol toptirish gʻoyasi yetakchilik qiladi.
Shoirning “Orzu chashmasi” (1964), “Nido” (1964), “Palatkada yozilgan doston” (1966), “Quyosh maskani” (1972), “Ruhlar isyoni” (1980), “Koʻhinur” (1982) kabi liro-epik asarlari, “Oltin devor” va “Istanbul fojeasi” kabi sheʼriy dramalari katta ijodiy mehnat mahsuli sifatida xalqimizning koʻngil mulkiga aylangan.
Inson Qasida
Sobiti sayyorada
Inson o`zing, inson o`zing.
Mulki olam ichra bir
Xoqon o`zing, sulton o`zing. {x2}
Sobit o`z ma’vosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida
Karvon o`zing, sarbon o`zing.
Koinot sahrosida
Karvon o`zing, sarbon o`zing.
Shams chun naqdingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jaqon zabtingdadur,
Bog`bon o`zing, posbon o`zing.
Bu yorug` dunyo nadur,
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon o`zing, mezbon o`zing.
Sobiti sayyorada
Inson o`zing, inson o`zing.
Marsga ham uchguvchi sen,
Zuhroni uyg`otguvchi sen,
Uyquda qotguvchi sen,
Uyg`on o`zing, uyg`on o`zing.
Bunda oq birla qaro,
Zulmat ziyo, shohu gado,
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o`zing, bul yon o`zing.
Xormisan yo gulmisan,
Tojdormisan yo qulmisan,
Hutmisan, bulbulmisan,
Nolon o`zing, xushhon o`zing.
Bu hayot o`rmon ekan,
Jon borki qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon o`zing, jayron o`zing.
Mash’ali fikrat seni,
Ham changali vahshat seni,
G`ayratu g`aflat seni,
Javlon o`zing, ulyon o`zing.
Minding ilm darvoziga,
Chiqding nujum osmoniga,
Bu jahon ayvoniga
Arkon o`zing, vayron o`zing.
Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Atomni ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib,
Hayron o`zing, hayron o`zing.
Sen hilol yulduz sari
Tavrot, Zaburdan yuksalib,
Boymisan yoki g`arib,
Kamron o`zing, yakson o`zing.
Kim farangu kim habash,
Irq, qon talash, iymon talash,
Shulmu insondek yashash,
Armon o`zing, afg`on o`zing.
Do'stlaringiz bilan baham: |