Mil. avv. 330-yilda Makedoniyalik Aleksandr Qadimgi Fors davlatining Ahamoniylar sulolasidan bo‘lgan oxirgi shoh Doro III ning qo‘shinlarini tor-mor keltirdi. U Hindistonga yurish qilishdan oldin qo‘shinlarining orqa tomonini xavfsizlantirish maqsadida Amudaryoning narigi tomonida yashovchi elatlarni bo‘ysundirishga qaror qildi.
Birinchi bo‘lib uning yo‘lini to‘sgan shahar Baqtriya poytaxti Baqtra (Zariasp) bo‘ldi. Bu vaqtda ahamoniylar sulolasining vakili Bess Baqtriyaning satrapi bo‘lgan. U Baqtra shahrini dushmanga qoldirib, Amudaryoning narigi tarafiga qochib ketadi. Makedoniyalik Aleksandr o‘z ustozi, qadimgi yunon faylasufi Aristotelning Amudaryodan ikki podsho – Kir II va Doro I kechib o‘tgani, ikkalasi ham mag‘lubiyatga uchragani, shu bois u yurishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi lozimligi to‘g‘risidagi maslahatini yodda tutar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |