O‘rta Yunonistoning janubi sharqiy qismida tog‘lik Attika viloyati joylashgan yarimorol mavjud edi.
Mil. avv. 2-ming yillikda Attikaning g‘arbiy qismida yunonlar «Akropol», ya’ni «Yuqori shahar» deb atalgan qal’a quradilar. Bora-bora Akropol tevaragiga odamlar ko‘chib kelib o‘rnasha boshladilar. Shu tariqa Afina shahri vujudga keldi. Attika aholisi uchta katta guruhga bo‘lingan, jumladan: fuqarolar, chet elliklar – meteklar va qullar. Otasi va onasi ozod afinalik bo‘lgan erkaklargina Afina fuqarosi bo‘la olgan. Afina davlati fuqarosi bo‘lish faxrli edi. Faqat fuqarolargina barcha huquqlardan foydalana olardilar. Ular og‘ir mehnat va salomatlikka zarar yetkazuvchi ishlardan ozod qilingan edilar.
Afina davlatiga kumush konlarining mahsuloti va tuz qazib olish katta daromad keltirgan. Bundan tashqari, Afina dengiz ittifoqi mustahkamlanishi bilan dengiz savdosi ham rivoj topadi. Afinaning asosiy portiga aylangan Pirey bandargohidan mamlakatga xilma-xil tovarlar bilan qullar ham keltirilgan.
Afinada davlat maktablari bo‘lmagan. Ota-onalar o‘z bolalarini pedagogga (yunonchada «pedagog» so‘zi «bolani yo‘lda kuzatib boruvchi» ma’nosini anglatadi) haq to‘lab o‘qitishgan. Qonun bo‘yicha faqat o‘g‘il bolalar uchun ta’lim olish majburiy bo‘lgan. Yetti yoshdan boshlab bolalarga yozuv va hisob o‘rgatilgan. Stil bilan mum surkalgan taxtachalarga harflarni metall tayoqcha bilan yozishgan. Aksariyat fuqarolar uchun ta’lim shundangina iborat bo‘lgan. Puldor ota-onalarning farzandlari esa palestra – xususiy gimnastika maktablarida tahsilni davom ettirishgan. Palestrada adabiyot o‘qitilar, she’r yozish va musiqa ham o‘rgatilar edi.
O‘g‘il bolalar 14 yoshdan gimnastika bilan shug‘ullanardilar. Ayni paytda ularga kurash, nayza otish va disk uloqtirish, uzunlikka va balandlikka sakrash hamda yugurish ham o‘rgatilardi. O‘spirinlar, shuningdek, qo‘l jangi, harbiy ishlar va otga minib yurishni o‘rganishgan.
Palestralarda mashhur haykaltaroshlar ishlagan haykallar turgan. Masalan, palestralardan birida Mironning «Diskobol» («Disk uloqtiruvchi») degan haykali o‘rnatilgan. Haykal vositasida yigit kishi qanday bo‘lishi – kuchli, jismonan barkamol va o‘z vatani himoyasiga shay turishi kerakligi uqtirilgan. Afinada oliy ma’lumot beradigan o‘quv yurtlari ham bo‘lgan. Ammo ularda faqat o‘ta boy ota-onalarning farzandlarigina o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Bunday ta’lim muassasalarida astronomiya, geometriya, geografiya, tarix o‘qitilardi. Ta’lim olish muddati 3-4 yil davom etgan. Ana shundan keyin davlat ishlarida ma’lum bir lavozimni egallash imkoniyati vujudga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |