Eng qadimiy jonzotlardan biri — Amudaryo katta kurakburuni butunlay qirilib ketish arafasida
Amudaryo katta soxta kurakburuni hozirgacha saqlanib qolgan jonzotlar ichida eng qadimiylardan biri hisoblanadi. Ushbu baliq turi xalqaro «Qizil kitob»ga «butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi tur» maqomi bilan kiritilgan. Biroq, gidrobiolog Baxtiyor Sheraliyevning ta’kidlashicha, dunyoda faqatgina Amudaryo suvlarida uchraydigan ushbu baliq mahalliy aholi tomonidan ovlanmoqda va Ekologiya qo‘mitasi ushbu baliq turini saqlab qolish uchun yetarlicha e’tibor qaratmayapti.
Amudaryo katta soxta kurakburuni.
Amudaryo katta soxta kurakburuni.
Foto: Akbarjon Ro‘zimov
Amudaryo katta soxta kurakburuni hozirgacha saqlanib qolgan jonzotlar ichida eng qadimiylardan biri hisoblanadi. Biroq hozirda uni saqlab qolish uchun deyarli choralar ko‘rilmayapti. Aksincha, ushbu baliq turi mahalliy xalq tomonidan muntazam ovlanib kelinadi va soxta kurak burunlar urug‘iga mansub boshqa baliqlar kabi qirilib ketish arafasida.
Gidrobiolog Baxtiyor Sheraliyev ushbu turni saqlab qolish uchun xalqdan ushbu baliqni ovlamaslikni so‘radi va Ekologiya qo‘mitasini bu borada zarur choralar ko‘rishga chaqirdi.
Foto: biolib.cz
Amudaryo katta kurakburuni
Amudaryo katta soxta kurakburuni yoki qilquyruq (inglizcha nomi — Amu Darya sturgeon yoki false shovelnose sturgeon) bakralar oilasiga (osyotrlar oilasi) mansub baliq turi bo‘lib, Amudaryoning endemik relikt turi hisoblanadi. Ilmiy nomi — Pseudoscaphirhynchus kaufmanni. O‘zbekiston va Turkmanistonda Amudaryoning o‘rta va quyi oqimida uchraydi. Afg‘oniston va Tojikistonda ham uchrashi taxmin qilinadi. Uzunligi ingichka dumi bilan birgalikda 85 sm gacha, og‘irligi 2 kg gacha yetadi. Ular chuchuk suv balig‘i hisoblanadi.
Ushbu baliq turi xalqaro «Qizil kitob»ga «butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi tur» [CR — Critically Endangered] maqomi bilan kiritilgan.
Gidrobiolog Baxtiyor Sheraliyev o‘zining Facebook sahifasida aholini va Ekologiya qo‘mitasini ushbu masalaga e’tibor qaratishga chaqirdi.
«Bu Amudaryodagi endemik baliq turi hisoblangan Amudaryo katta soxta kurakburuni. Ushbu baliq turi butun dunyo bo‘yicha faqatgina Amudaryoda uchraydi. U bundan taxminan 200−150 mln yil avval paydo bo‘lgan bo‘lib, dunyodagi eng noyob baliq turi hisoblanadi. Ushbu turni o‘rganish uchun yurtimizga tez-tez rus va amerikalik olimlar kelib turadi», — deydi Baxtiyor Sheraliyev.
Endemik turlar deb tarqalishi nisbatan kichik geografik hudud bilan cheklangan hayvonlar va o‘simliklar oilalari, urug‘lari, turlariga aytiladi.
Olimning aytishicha, ushbu baliq turini Xorazmda mahalliy xalq baqra balig‘i bilan adashtiradi. «Aslida baqra boshqa baliq, u mana shu kurakburunning eng yaqin qarindoshi bo‘lgan, avval Orolda yashagan va dengiz qurishi bilan 1996 yilda Yer yuzidan butunlay qirilib ketgani rasman e’lon qilindi», — deydi u.
Baxtiyor Sheraliyevning ta’kidlashicha, bu baliq turlari «barcha baliqlarning bobokaloni», ya’ni eng qadimiy relikt turlar hisoblanishadi. «Mezozoy erasida paydo bo‘lgan. O‘sha erada paydo bo‘lgan baliqlarning tana tuzilishi aynan shunga o‘xshash bo‘lgan. Hozirgi biz o‘rgangan tana shaklidagi baliqlar keyinchalik Kaynozoy erasiga kelib paydo bo‘lgan», — deydi u.
Relikt turlar deb o‘tmishdagi geologik davrlarning qoldig‘i sifatida ma’lum bir mintaqaning flora va faunasining bir qismi bo‘lgan tirik organizm hisoblanadi. Ya’ni reliktlar yo‘qolib borayotgan turlardan bo‘lib, bizning davrimizdagi o‘tmish namoyondalaridir.
Foto: fishbase.in
«Mahalliy aholi Amudaryo katta soxta kurakburun balig‘ini ayovsiz qirib keladi. Ularning ishonishicha, ushbu baliqni pishirib yegan farzand ko‘rmagan ayollar farzand ko‘rar emish. Aslida mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gapdir. Ushbu baliq go‘shti tarkibida homilador bo‘lishga yordam beradigan hech qanday noyob yoki mo‘’jizakor modda mavjud emas», — deya ta’kidlaydi gidrobiolog.
Bu baliq turi xalqaro va O‘zbekiston «Qizil kitob» iga butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi tur sifatida kiritilgan va ovlash taqiqlangan deb yozilgan bo‘lsa-da, Baxtiyor Sheraliyevning ma’lum qilishicha, Ekologiya qo‘mitasi 2021 yilda ovlashga ruxsat etgan turlar ichida ushbu baliqning 10 tasini ham ko‘rsatgan. Ushbu baliq turi juda noyob bo‘lishiga qaramay, mahalliy brakonerlar tomonidan qirib kelinadi.
«Bizning Xorazmda olib borayotgan kuzatuvimizga ko‘ra, birgina 2021 yilning dastlabki ikki oyida ushbu baliqning 50 dan ortig‘i tutilgan. Bizda ushbu tutilgan baliqlarning rasmlari va boshqa dalillari mavjud. Ekologiya qo‘mitasining Xorazmdagi mahalliy bo‘limiga qilgan murojaatlarimiz e’tiborsiz qoldirilmoqda. Menimcha Ekologiya qo‘mitasi butun boshli dunyodagi eng noyob turning butunlay qirilib ketishini kutayotgan bo‘lsa kerak», — deb yozadi u.
Foto: Akbarjon Ro‘zimov.
«Rasmdagi baliq shu yil yanvar oyida Xorazmda Amudaryoda brakonerlar tomonidan tutilgan baliq hisoblanadi. Rasmdagi holatda baliq allaqachon o‘lib bo‘lgan. Biz baliq namunasini brakonerlardan sotib olganmiz. Namuna ilmiy maqsadda foydalanish uchun saqlab qo‘yilgan», — deydi gidrobiolog.
Baxtiyor Sheraliyev ushbu baliq turining to‘liq mitoxondrial genomini ilmiy tadqiqot davomida ilk marotaba o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan. Uning bu boradagi ilmiy ishlari natijasi Journal of Applied Ichthyology jurnalida nashr etilgan.
U shuningdek, nega shu paytgacha ushbu baliq turining ko‘paytirilishiga erishilmaganini izohladi. «Bu baliq doimiy migratsiya qiluvchi, katta maydonda yashashga moslashgan baliq. Qolaversa bular uchun yashaydigan daryoning suvi loyqa va tagi qumli bo‘lishi kerak. Suvi tiniq, tagi qumli bo‘lmagan daryolarda yashay olmaydi. Bizda hozir bu baliq yashashi mumkin bo‘lgan yagona daryo faqat Amudaryo xolos. Qolgan daryolarimizga to‘g‘on qurib tashlangan. Baliqlarnig migratsiya qilish yo‘li yopilgan», — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, ushbu baliq turini ko‘paytirish ishlari so‘nggi 15−20 yildan beri amalga oshirilmoqda, ammo o‘tkazilayotgan birorta tadqiqot natija bermagan. «Ushbu baliqlar sun’iy sharoitda hech qanaqasiga ko‘paymayapti», — deydi Baxtiyor Sheraliyev.
«Biz bu baliqlarning tabiiy sharoitda qanday ko‘payishi haqida deyarli hech narsa bilmaymiz, balki shu bois ham ularni sun’iy sharoitda ko‘paytirishning uddasidan chiqa olmayotgandirmiz, bilmadim. Dastlab tajribalar Moskvadagi zoopark tajriba laboratoriyasida o‘tkazilgan, u yerda hech qanday natija bermagan», — dedi gidrobiolog. Uning aytishicha, keyinchalik Xorazmda Ma’mun akademiyasida rossiyalik va o‘zbekistonlik olimlar birgalikda bu ishga yana urinib ko‘rishgan, biroq yana hech qanday natija bo‘lmagan. Shuningdek, Tojikistonda qilingan tajribalar ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
«Mana shu bois ham bu baliqning tabiiy muhofazasini davlat o‘z zimmasiga olib uni qo‘riqlashi, muhofaza qilishi kerak. Ming afsuski mutasaddi tashkilotlar hind politsiyasi kabi hammasi tugagach, bu tur butunlay qirilib ketgach yetib kelmasa edi deb qo‘rqaman», — dedi Baxtiyor Sheraliyev.
«Gazeta.uz» Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan bog‘landi va qo‘mitadan ushbu vaziyat bo‘yicha izoh ololmadi.
Amudaryo katta soxta kurakburuni bilan birga soxta kurakburunlar urug‘iga Sirdaryo kurakburuni (yoki filbo‘yin) ham kiradi. Biroq ushbu tur 1960 yillardan beri qayd etilmagan va hozir qirilib ketgan bo‘lishi mumkin deb hisoblanadi.
«Hurmatli vatandoshlar, mamlakatimiz hududida yashaydigan juda ham ko‘plab noyob hayvon va o‘simlik turlari bor. Ularni asrab-avaylash har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligini unutmang. Bu turlar nafaqat biz, balki kelajakdagi avlodlarimizgacha ham yetib borishi lozim. O‘ylaymanki, shu haqida ozgina bo‘lsa ham o‘ylab ko‘rasiz», — deya xulosaladi Baxtiyor Sheraliyev.
Do'stlaringiz bilan baham: |