Hamkorlik ta’limi – o’quv jarayonida talabalarning jamoada, kichik guruh va juftlikda bilimlarni birgalikda o’zlashtirishlari, o’zaro rivojlanishlari, “pedagog-talaba(lar)” munosabatining hamkorlikda tashkil etilishini ifodalovchi ta’lim bo’lib, uning asosiy g’oyasi o’quv topshiriqlarini jamoada, kichik guruhlarda yoki juftlikda birgalikda, o’zaro hamkorlikda bajarish sanaladi.
Informatika o’qituvchilarini tayyorlashda mutaxassislik fanlaridan laboratoriya ishlarini bajarishda, amaliy topshiriqlarni bajarishda kichik guruhlar(juftliklarda, 4talik, 6talik)da hamkorlikda ishlash texnologiyalaridan foydalaniladi.
Loyihaviy ta’lim texnologiyalari. Loyiha – aniq reja, maqsad asosida uning natijalanishini kafolatlagan holda pedagogik faoliyat mazmunini ishlab chiqishga qaratilgan harakat mahsuli.
Loyiha dastur, model, texnologik xarita va b. ko’rinishda namoyon bo’ladi. Loyihaning asosini ilmiy yoki ijodiy xarakterga ega g’oya tashkil etadi.
Loyihalash–boshlang’ich ma’lumotlarga asoslanib, kutiladigan natijani taxmin qilish, bashoratlash, rejalashtirish orqali faoliyat yoki jarayon mazmunini ishlab chiqishga qaratilgan amaliy harakat.
Loyihalash “g’oya – maqsad – kutiladigan natija – taxmin qilish – bashoratlash – rejalashtirish” tizimiga asoslanadi. Loyihalash turli vositalar, ya’ni moddiy buyum, qurollar, masalan: kompyuter texnologiyasi, vatmon yoki oddiy ish qog’ozi, chizg’ich, qalam, marker, nusxa ko’chirish apparati (printer) va boshqalar yordamida amalga oshiriladi.
Muammoli ta’lim texnologiyasi. Talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, muayyan farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash, ma’lum xulosalarga kelish kabi ko’nikma va malakalarni shakllantirishga xizmat qiladigan ta’lim muammoli ta’lim deb ataladi.
Muammoli ta’lim turlari (M.N.Skatkin):
1. Bilimlarni muammoli bayon qilish (muammoli ma’ruza).
2. Muammoli topshiriqlarni hal qilish (muammoli amaliy mashg’ulot).
3. Kichik ilmiy tadqiqotlarni olib borish (muammoli tajriba).
Muammoli vaziyat – talabalarning ma’lum topshiriqlarni bajarish (masalani yechish, savolga javob topish) jarayonida yuzaga kelgan ziddiyatni anglashi bilan bog’liq ruhiy holati bo’lib, u hal etilayotgan masala bilan bog’liq yangi bilimlarni izlashni taqozo etadi.
Muammoli vaziyatlarni hal qilish bosqichlari:
1. Muammoli vaziyatni yaratish.
2. Vaziyatni tahlil qilish asosida muammoni qoyish.
3. Farazlarni ilgari surish.
4. Yechimni tekshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |