— Markaz va mintaqaviy bo‘linmalar tashkiliy tuzilmasi va ularda faoliyat yurituvchi xodimlar tarkibi borasida to‘xtalsangiz.
— O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimida har biri o‘z vazifalariga ega bo‘lgan, bir necha bo‘limdan tashkil topgan quyidagi yettita departament mavjud:
Strategik rejalashtirish va prognozlash departamentining vazifalari — «Elektron hukumat» tizimini joriy etish va yanada rivojlantirish rejalarini tuzish, zamonaviy va xalqaro tendensiyalarning tayanch rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, tizimni samarali joriy etishga ta’sir etuvchi dalillarni jamlash va tahlil etish, maxsus tadqiqotlarni tayyorlashdan iborat.
Operatsion va funksional jarayonlarini optimallashtirish departamenti mavjud jarayonlar bo‘yicha tahlil o‘tkazish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari faoliyati jarayonlari operatsion va funksional jarayonlarini tizimli optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, «Elektron hukumat» tizimini joriy etish doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shuningdek, interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish va foydalanishda samarali ko‘rsatkichlarni aniqlash usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
AKT’ni joriy etish holatini tahlil etish va holatini baholash departamentining asosiy vazifalariga: davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, mintaqalarda AKT joriy etilishi holatining monitoringi, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlariga AKT joriy etilishi holatini tahlil etish va baholash kiradi.
Elektron hukumat axborot tizimini rivojlantirish departamenti majburiyatlariga elektron hukumat arxitekturalarini va axborot tizimlari majmuasini rivojlantirish, shuningdek, axborot tizimlarida ekspertiza o‘tkazish vazifalari kiradi.
Navbatdagi bo‘linma — Elektron hukumat axborot-resurslarini rivojlantirish departamenti — elektron hukumat ma’lumotlar bazasini markazlashtirish, idoraviy axborot-resurslari, shuningdek, interaktiv xizmatlar yagona portalini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Mintaqalarda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish departamenti — kompyuterlashtirish markazlarini muvofiqlashtirish va mintaqalarda foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini rivojlantirish ishlari bilan shug‘ullanadi.
Bulardan tashqari, markaz tarkibida Ixtisoslashgan tuzilmaviy bo‘linmalar faoliyatlarini muvofiqlashtirish departamenti ham faoliyat yuritadi, uning majburiyatlariga davlat organlari va xo‘jalik boshqaruv organlari, shuningdek, mahalliy hukumat organlari maxsus bo‘linmalarining faoliyatlarini muvofiqlashtirish kiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan departamentlardan tashqari, Markaz tuzilmasiga moliyaviy, xalqaro, shuningdek, boshqa bo‘lim ma’muriy xodimlari xizmatlari ham kiradi.
Markaz xodimlari tarkibi — juda xilma-xil bo‘lib, ham ko‘p yillik tajribaga ega, ham yosh mutaxassislardan tashkil topgan. Markazni malakali xodimlar bilan to‘liq ta’minlash uchun hozirgi vaqtda 500dan ortiq nomzod-izlanuvchilar rezyume (ma’lumotnomalari) ko‘rib chiqilmoqda. Hozirgi davrda markazda 74 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ulardan, 5 nafari «Iste’dod» Respublika Prezidenti jamg‘armasi granti sohiblari, bir xodimimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi Akademiyasining doktorlik ilmiy darajasi izlanuvchisi, 2 nafar xodim Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti doktorlik ilmiy darajasi izlanuvchilaridir, 35 nafar xodim magistr, 36 nafari bakalavr darajasiga ega mutaxassis, 10 nafar xodim AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Germaniya, Avstraliya, Shveytsariya, Rossiya kabi xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan mutaxassislar, shuningdek, 10 nafari chet ellarda malaka oshirganlik sertifikatiga ega xodimlardir.
Shuni ham ta’kidlash zarurki, markaz malakali xodimlarni saralab olishga yo‘naltirilgan o‘z ishlarini davom ettirib, Toshkent shahridagi 12ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xususan, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti, Toshkentdagi Menejmentni rivojlantirish Singapur instituti va boshqa OTMlarning bitiruvchi hamda magistrlari bilan uchrashuv-suhbatlar o‘tkazmoqda. Mazkur oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilaridan ko‘plab rezyume (obyektivkalar) qabul qilingan. Ularning safidan munosiblarini saralab olish hamda kelgusida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi «Elektron hukumat» o‘quv markazida malaka oshirishlarini rejalashtirganmiz. Shundan keyin muvaffaqiyat bilan attestatsiyadan o‘tgan talabgorlarni ishga qabul qilish uchun suhbatga taklif etiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |