1-MA’RUZA: “ELEKTR XAVFSIZLIGI” FANIGA KIRISH
Reja:
1. Kirish qismi.
2. Umumiy talablar.
3. Xodimlarga talablar.
4. Sinov savollari.
Tayanch so‘z iboralar:
Baxtsiz hodisa,elektr toki, umumiy talablar,
xodimlarga talablar,maxsus ishlar, qoidalar,javobgarlik.
1. Kirish qismi
Sanoatda elektr energiyasidan keng ko‘lamda foydalanish yo‘lga
qo‘yilganligi sababli, elektr toki ta’siridan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz
hodisalar va ulardan saqlanish, muhim masalalar qatoriga kirib bormoqda. Elektr
toki ta’sirining eng xavfli tomoni shundaki, bu xavfni oldinroq sezish imkoniyati
yo‘q. Shuning uchun ham elektr toki xavfiga qarshi tashkiliy va texnik chora-
tadbirlar belgilash, to‘siq vositalari bilan ta’minlash, shaxsiy va umumiy muhofaza
tizimlarini o‘rnatish nihoyatda muhim. Umuman, elektr toki ta’siri faqat birgina
biologik ta’sir bilan chegaralanib qolmasdan, balki elektr yoyi ta’siri, magnit
maydoni ta’siri va statik elektr ta’sirlariga bo‘linadi. Bularni bilish har bir kishi
uchun kerakli va zaruriy ma’lumotlar jumlasiga kiradi. Elektr energiyani sanoatda
va xalq xo‘jaligida keng qo‘llanishini o‘sishi va kengayishi elektr xavfsizligini
ta’minlash masalalarini qo‘yadi.
«Elektr xavfsizligi» fanini o‘qitishdan maqsad talabalarga elektr xavfsizlik
texnikasi, elektr toki va uning tirik organizmlarga ta’siri, tok ta’siridan qutqarish,
himoyalash, elektr qurilmalarida texnik xavfsizlik ishlari, jarohatni oldini olish,
elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatishdagi texnika xavfsizlik tadbirlari kabi
masalalarni yechishni o‘rgatish. Talabalarga 1000 V gacha va undan yuqori
bo‘lgan kuchlanish ostidagi elektr uskunalarni ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik
texnikasi qoidalari bo‘yicha bilimini berish, ular o‘z bilimiga suyangan holda
amaldagi ishlarni xavfsizlik bilan olib borishi va ish joylarini to‘g‘ri tayyorlashlari
mumkin, baxtsiz hodisalar sodir bo‘lganida jabrlanuvchiga amaliy birinchi yordam
berish, shuningdek yurakni tashqaridan massaj qilish va sun’iy nafas oldirish kabi
ishlarni to‘g‘ri bajarishlari mumkin. Bundan tashqari amalda himoya vositalarini
to‘g‘ri qo‘llashlari mumkin.
Elektr energiyani sanoatda va xalq xo‘jaligida keng qo‘llanilishi asosan
shaxslarning elektr qurilmalarni ko‘p ekspluatasiya qilish bilan bog‘liq. Shuning
uchun xavfsizlik savollari elektr qurilmalarda muhim o‘rin tutadi. Elektr xavfsizlik
masalalarini yechilishida xodimlar va boshqa shaxslarni kundalik ish sharoitini
yaxshilanishi, ularning elektr qurilmalarni ekspluatasiyasida o‘zlarini elektr toki
ta’siridan himoya tadbirlarini qo‘llashlari katta ahamiyatga ega. Hozirgi sharoitda
elektr xavfsizligi yutuqlarini hisobga olib yangi himoya vositalari yaratilmoqda.
Baxtsiz hodisalar sanoatda tekshirib ko‘rilsa, umumiy baxtsiz hodisalar 0,5-1% ga
to‘g‘ri keladi. Elektr energetikada esa bu 3-3,5% ni tashkil etadi. Ishlab
chiqarishda o‘lim holati bilan tugaydigan tok ta’sirida tushib qolishlar, 20-40% ni
tashkil qiladi. (Energetikada 60% gacha) 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalarda
esa 75-80% ni tashkil etadi va bu ma’lumotlar "Texnika xavfsizligi qoidalari",
"Elektr qurilmalarning tuzilishi qoidalari" va boshqa standart ko‘rsatmalarda
keltirilgan.
Ishlab chiqarishda elektr toki bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni oldini olish
maqsadida, «Elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatishda ekspluatasiya qilish qoidalari
va xavfsizlik texnikasi qoidalari» ni o‘rgatishdir. «Elektr energetika» yo‘nalishi
talabalaridan esa «Elektr xavfsizlik asos-lari» fanini puxta o‘rganish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |