Energetika — energiyaning har xil turlarini hosil qilish, ularni bir turdan ikkinchi turga oʻzgartirish, muayyan masofaga uzatish va yetkazib berish, ulardan barcha sohalarda foydalanishni hamda shular bilan bogʻliq nazariy va amaliy muammolarni hal qilishni oʻz ichiga olgan xalq xoʻjaligi, fan va texnika sohasi. Insoniyat taraqqiyotida kishilarning turli energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojlari ularni tabiiy manbalar — oʻtin, koʻmir, torf va boshqalar yoqilgʻilardan, shamol, suv oqimi energiyasi (mas, shamol va suv tegirmonlari) dan foydalanishga majbur qildi. Keyinchalik fan va texnika taraqqiyoti, fantexnika inqilobi tufayli 20-asrning 2-yarmidan boshlab asosan elektr energiyasiga ehtiyoj juda oshib ketdi. Ana shu omillar E.ni jadal rivojlantirishni taqozo qildi. Fan va texnika taraqqayoti energiya ishlab chiqarish va uni oʻzgartirishning yangi usullarini ishlab chiqish, yangi samarali asbobuskunalar va texnologiyalarni yaratish, energiyani taqsimlashni markazlashtirish va boshqalar orqali ifodalanadi. E. fani tabiiy energiya resurslarining potensial energiyasini xalq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli va foydali energiya turlariga aylantirish hamda shu bilan bogʻliq ilmiytexnik muammolarni hal qilish masalalari bilan shugʻullanadi.
E.ning taraqqiyoti koʻp jihatdan mamlakat energiya rusurslari bilan qanchalik taʼminlanganligiga chambarchas bogʻliq. Koʻmir, neft, tabiiy gaz, torf, oʻtin, slanets, suv, elektr va yadro energiyasi, shamol va quyosh energiyasi E. resurslari hisoblanadi. E. resurslari yoqilgʻi (koʻmir, neft, gaz, yadro, torf, slanets, oʻtin) va yoqilgʻi boʻlmagan vositalar (suv, shamol, quyosh energiyasi va boshqalar) ga boʻlinadi. Yoqilgʻi bilan bogʻliq E. resurslari tiklanmaydigan, yoqilgʻi bilan bogʻliq boʻlmaganlari esa tiklanadigan resurslar hisoblanadi.
Jahon miqyosida turli yoqilgʻi E. resurslari miqdorini taqqoslash uchun shartli yoqilgʻi birligi (1 kg yoqilgʻi yonganda 7000 kkal issiqlik ajralishi) qabul qilingan. Jahondagi barcha yoqilgʻi resurslarining (yadro energiyasidan tashqari) potensial zaxiralari 25000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng . Uning 95% i yoqilgʻining qattiq turlariga toʻgʻri keladi. Yadro energiyasining asosiy manbai boʻlgan uran va toriyning zaxiralari dunyo okeani suvlaridagi zaxiralar bilan birga 69000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng . Eng koʻp ishlatiladigan E.ning tabiiy resurslari (koʻmir, neft, gaz) jahon mamlakatlari boʻyicha notekis taqsimlangan. Shu jihatdan Oʻzbekistonning E. resurslarini hisobga olsak, mamlakat E.si xalq xoʻjaligining baza sohasi hisoblanadi. Oʻzbekiston E. tizimi xalq xoʻjaligi va aholining yoqilgʻi (koʻmir, gaz, neft), elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondiradi va eksport ham qilinadi. Oʻzbekistonda 20 issiqlik elektr stansiyalari, 27 gidroelektr stansiya (GES) ishlab turibdi. Bularning umumiy oʻrnatilgan quvvati 11,5 mln. kVtsoat (yiliga 55 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega), transformatorlarning umumiy quvvati 44850 MVA, elektr tarmoqlarining umumiy uz. 232 ming km, shu jumladan, yuqori quvvatli (500 kV li)lari 1660 km ni tashkil qiladi (2005).
E. xalqxoʻjaligining muhim tarmogʻi sifatida gidroenergetika va issiklik energetikasiga ajraladi. [[Gidroenergetika — E.ning suv resurslari energiyasidan foydalanishga doir boʻlimi. Suv resurslari energiyasidan foydalanish uchun suv oqimi maxsus qurilgan inshootlar va jihozlar majmui — gidroelektr st-yalar (GES) yordamida elektr energiyasiga aylantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi "Oʻzbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimida 26 GES ni birlashtirgan 7 ta GES kaskadlari hamda Farhod GES bor. Eng yirik GES lar: Chorvoq GES (quvvati 620,5 MVt), Xoʻjakent GES (165 MVt), Farhod GES (126 MVt), Gʻazalkent GES (120 MVt). Oʻzbekiston E. tizimidagi barcha GES larning umumiy belgilangan quvvati 1419 MVt. Mamlakat gidroenergetikasining istiqboldagi taraqqiyoti, asosan. kichik suv havzalari gidroresurslaridan foydalanish bilan bogʻliq (qarang [[Gidroenergetika).
Issiqlik E.si — E.ning issiqlikni issiqlik dvigatellari va boshqalar yordamida boshqa energiya turlari (mexanik energiya, elektr energiyasi) ga aylantirib beruvchi issiklik texnikasi boʻlimi. Issiqtik E.sida asosiy issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona issiklik elektr st-yalari (IES) hamda Davlat issiqlik elektr st-yasi (DIES) hisoblanadi. Yirik DIES lar: Sirdaryo DIES (3000 MVt), Toshkent DIES (1850 MVt), Tolimarjon DIES (loyiha boʻyicha 3200 MVt). Oʻzbekistonning issiqtik elektr st-yalari respublikada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85% ini tashkil qiladi.
Oʻzbekistonning yoqilgʻi balansida gaz va koʻmirning salmogʻi katta (qarang Gaz sanoati, Issiqlik energetikasi), "Koʻmir" aksiyadorlik jamiyati ham "Oʻzbekenergo" tarkibiga kiradi.
Fanda E. muammolari bilan shugʻullanishda izchil i. t. ishlariga asoslangan holda E. taraqqiyotining qonuniyatlari, tabiiy anʼanalari va optimal yechimlari oʻrganiladi, E.ni optimal boshqarishning asoslari shakllantiriladi, E.ning kompleks muammolari, shu jumladan, uning atrof muhitga taʼsiri, yaʼni ekologiya masalalari, E.ga doir fan va texnika taraqqiyoti masalalari va boshqalar hal qilinadi. Oʻzbekistonda E. fanlarining rivojlanishi 20-asr 30- yillari oxiri va 40- yillariga toʻgʻri keladi. E.ga doir i. t. ishlari E.ning ustuvor kompleks masalalarini va amaliy muammolarini hal qilishga qaratildi. Elektr energiyasini uzoq masofaga uzatish bilan bogʻliq masala — oʻzgaruvchan tokni oʻzgarmas tokka aylantirish nazariyasi, asinxron va sinxron mashinalarning magnit oqimlari oʻz-oʻzidan uygʻonishini taʼminlashni hisoblash usullari, elektron qurilmalaridagi shikastlanishning murakkab turlari nazariyasini rivojlantirish kabi ustuvor masalalar bilan shugʻullanildi, gidroelektr st-yalari quvvatini samarali taqsimlashni hal qilishga doir ishlar bajarildi. 40- yillar oxiri va 50- yillarda i. t. ishlari elektr st-yalari, elektr tizimi va jihozlari ishini yaxshilash, puxtaligini oshirish, samaradorligini koʻtarishga qaratildi (N. N. Shchedrin, H. F. Fozilov), elektr tizimlarini hisoblashning ixcham nazariyasi va usullari yaratildi (H. F. Fozilov, K. R. Allayev, T, X. Nosirov va boshqalar). Elektr tizimlari rejimini ifodalaydigan katta oʻlchamli chiziqlimas tenglamalarni yechish (S. S. Solihov), yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan kichik quvvatlarni olish sxemalarini yaratish, hisoblash nazariyasi va usullarini ishlab chiqish (N. R.Gʻanixoʻjayev) masalalari tadqiq qilindi.
Oʻzbekiston energetikasi rivoji uchun tabiiyiklim sharoitlaridan oqilona foydalanish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasi, shamol kuchi, yer osti suvlari harorati va kichik gidroelektrostyalardan foydalanish masalalari borasida keng tadqiqot ishlari olib borildi (G. A. Grinevich, R. A. Zohidov). Energetika jarayonlarini avtomatlashtirish va telemexanizatsiyalash hamda energetika tizimlarida oʻlchash texnikasi, oʻlchash aniqligi, puxtaligi va samaradorligini oshirish kabi ilmiy natijalarga erishishda muhim tadqiqotlar amalga oshirildi (akad. J. Abdullayev). Issiqlik E.si va issiklik texnikasi sohasida yoqilgʻidan foydalanishning yangi texnologiyasi va issiqlik energiyasidan samarali foydalanish kabi muhim tadqiqot ishlariga ahamiyat kuchaytirildi (R. A. Zohidov, S. Q. Ismatxoʻjayev). Sanoatning bir qancha sohalarida energotejamkorlik, energiyadan oqilona foydalanish, GES lar jihozlarini diagnostika qilish, mashina yordamida sugʻoriladigan nasos st-yalari uchun yangi elektr yuritmalar yaratish (T. S. Kamolov), Oʻzbekiston elektr korxonalarining normal ishlashini EHM yordamida hisoblash (E. Payziyev), elektrofizikaning fiziktexnik muammolari boʻyicha bir qancha ilmiy natijalarga erishildi. Oʻzbek olimlari tomonidan avtomatlashtirilgan elektr yuritmalarining yangi avlodi yaratildi. Yarim oʻtkazgichli elementlar asosida invertorlarning bir qancha sxemalari taklif etilib, ularni chastotasiga koʻra boshqariluvchi asinxron, bir fazali kondensatorli asinxron va sinxron motorli aylanish tezligini oʻzgartirishga qoʻllashlik muammolari ishlab chiqildi (M. 3. Homidxonov, S. 3. Usmonov, N. M. Usmonxoʻjayev, A. A. Xoshimov, K. Moʻminov).
Bu yoʻnalishda olib borilgan ishlarning biri — bu yangi prinsipda ishlaydigan maxsus elektr mashinalari — koʻp rotorli asinxron motorlarining yaratilishi boʻldi (A. Dadajonov, 3. Sh. Isamuhamedov). Elektromagnitli val prinsipi taklif etildi va ishlab chiqildi. Bu bir-biriga mexanik ravishda bogʻlanmagan bir necha mexanizmlarning aylanish tezliklarini oʻzaro muvofiqlashtirishni taʼminlovchi elektromagnitli qurilmadir (N. M. Usmonxoʻjayev). Sanoat va qurilishda keng qoʻllaniladigan titrama gʻalvirlar uchun elektr yuritmalarining yangi turlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi (N. X. Bozorov). Ikki motorli elektr yuritmalar, shuningdek, qutblari keng oʻzgarishga ega boʻlgan asinxron motorlari nazariyalari yaratildi (X. G. Karimov). Elektr zanjirlari va tizimlarining chizikli boʻlmagan nazariyasi va hisobiy usullariga doir hamda avtomatika va hisoblash texnikasi elementlarini ishlab chiqish boʻyicha maktab yaratildi (Gʻ. R. Rahimov).
Parametrik zanjirlar va tizim (3. I. Ismoilov), boshqarish elementlari va texnika vositalari (P. F. Hasanov), avtoparametrik tebranishlar zashkirlarida oʻzgaruvchan tok fazalar soni va chastotasini oʻzgartirish (A. S. Karimov) nazariyalari yaratildi. Energetika tizimlarining samaradorligini oshirish, quvvatni tejash va ekologik sof energetikaning dolzarb muammolari boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Yangi energiya manbalarini topish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari samaradorligini oshirish hamda ularni energiya tizimi da qoʻllanish koʻlamini kengaytirish istiqbolli masalalardir. Oʻzbekiston Respublikasida E. masalalari bilan, asosan, Oʻzbekiston FA Energetika va avtomatika institutipz., Oʻzbekiston milliy untida, Toshkent texnika untida, soha boʻyicha i. t. institutlarida shugʻullaniladi. Respublikada E. fani taraqqiyoti Gʻ. Rahimov, H. Fozilov, M. Homidxonov va boshqalar olimlar nomi bilan bogʻliq
Elektr energetika tarmogʻining ishonchli faoliyat yuritishini taʼminlamasdan turib iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarining sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish va hayot sifatini yaxshilashga erishib boʻlmaydi.
Zamonaviy sharoitlarda elektr energetika tarmogʻida raqobat muhitini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi faoliyatning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Elektr energetika tarmogʻini isloh qilish boʻyicha vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Jahon bankining respublika elektr energetika tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi, shu jumladan, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga muvofiq, quyidagilar orqali “Oʻzbekenergo” AJni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
a) issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
b) “Oʻzbekenergo” AJning tugatilayotgan “Oʻzelektrtarmoq” UK va “Energosotish” filiali negizida quyidagilarni amalga oshiruvchi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish:
respublikaning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;
elektr energiyani respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish;
elektr energiyani eksport va import qilish, shuningdek, qoʻshni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalarni, shuningdek, magistral va hududiy elektr tarmoqlarini yagona operativ-dispetcherlik boshqarish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, shuningdek, elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish;
v) elektr energiyani yakuniy isteʼmolchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
g) “Oʻzbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xoʻjalik jamiyatlari hamda korxonalarini 1-ilovaga muvofiq qayta tashkil etish va tugatish;
d) “Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan aktivlari va ulushlarini 2-ilovaga muvofiq ularni keyinchalik 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda sotish maqsadida balans qiymati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
yangi tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining dastlabki ustav kapitallarini shakllantirish 3-5- ilovalarda koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzbekenergo” AJ aktivlari va ulushlarini berish hisobiga amalga oshiriladi;
“Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 2-ilovada koʻrsatilgan aktivlari va ulushlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish balans qiymati boʻyicha davlat va “Oʻzbekenergo” AJ ulushini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi;
aktivlar, aksiyalar paketlari va ulushlar yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlariga ularning ustav kapitalida davlat ulushini shakllantirish (oshirish) hisobiga beriladi;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari paketlari boʻyicha aksiyador huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi
PQ–3981-son qarori bilan tashkil etilgan Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha komissiya ishchi organi sifatida boshqaruv xodimlarining cheklangan shtat birliklari 20 nafardan iborat boʻlgan, byudjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qoshida Loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Loyiha ofisiga Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining elektr energetika tarmogʻini nazorat qiluvchi oʻrinbosari boshchilik qiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
har bir tadbirni amalga oshirishning aniq muddatlari va ijrochilarini koʻrsatib oʻtgan holda, shu jumladan, “Oʻzbekenergo” AJning qayta tashkil etiladigan korxonalarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan oʻtkazishni nazarda tutgan holda “Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
Loyiha ofisi faoliyatini uning tarkibiga elektr energetika tarmogʻini isloh qilish sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda mutaxassislarni jalb etish orqali tashkil qilishni taʼminlasin;
2030 yilga qadar elektr energetika tarmogʻida, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlarini tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
2019 yil 1 mayga qadar – energiya resurslarining tannarxini pasaytirish va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar)ni, shuningdek, ularga erishishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini koʻrsatgan holda 2019-2020 yillarda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar – resurslarni boshqarish, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimini (YERP) dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA)ni joriy etish, shuningdek, elektr energiyani nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ni joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish ishlarining aniq tadbirlari, muddatlar va moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda 2019-2021 yillarda elektr energetika tarmogʻini raqamlashtirish boʻyicha kompleks dasturni;
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 sentyabriga qadar – 2020-2030 yillarda mamlakatning yoqilgʻi-energetika taʼminoti konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya);
Konsepsiya qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagi – iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyaga boʻlgan istiqboldagi talab-ehtiyojlari prognozlarini inobatga olgan holda 2030 yilga qadar elektr energetika tarmogʻida ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlariga aniqliklar va qoʻshimchalar kiritish;
Qurilish vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, konsalting kompaniyalari, ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarining texnik koʻmagida 2019 yil 1 dekabrga qadar – ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda elektr energetika obyektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishni texnik boshqarish sohasida qurilish normalari va qoidalarini, standartlarini, normativ hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Moliya vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida 2019 yil 1 mayga qadar elektr energiya tariflarini belgilash metodologiyasini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda elektr energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda ekspluatatsion, operatsion va investitsion sarf-xarajatlar toʻliq qoplanishini, shuningdek, elektr energetika tarmogʻi korxonalari rentabelligining chegaralangan normasi belgilanishi nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda belgilangan tartibda:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallari shakllantirilishini va ularning taʼsis hujjatlari tasdiqlanishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlik lavozimlariga zarur tajriba va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb etilishini taʼminlasin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan aktivlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish boʻyicha jamgʻarma tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlar bundan mustasno boʻlgan holda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ustav kapitaliga davlatning hissasi sifatida qoʻshiladi va ushbu mablagʻlar issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlari tomonidan jalb etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) kreditlarini “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ulushini ularning ustav kapitallarida koʻpaytirish hisobiga soʻndirishga maqsadli yoʻnaltiriladi;
mazkur qarorga muvofiq xoʻjalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulki, mulkiy huquqlari, jumladan, ustav kapitalidagi aksiyalari va ulushlari qiymati, shu jumladan, ularni qayta tashkil etish va tugatish chogʻida soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va yangi tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining “Oʻzbekenergo” AJ tuzilmasidagi tashkilotlarga qarashli yuridik shaxslar aksiyalarining 50 foizi va undan koʻprogʻiga egalik qilganida mazkur tashkilotlarning qayta tashkil etilishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
yangidan tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallarini shakllantirish aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga qoʻshilayotgan mulkning balans qiymati boʻyicha amalga oshiriladi, keyinchalik mazkur mulkning balans va bozor qiymatlari oʻrtasidagi tafovut ularning ustav kapitallariga kiritiladi;
“Oʻzbekenergo” AJning amaldagi shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlari, shu jumladan, “Oʻzbekenergo” AJ “Energosotish” filialining elektr energiyani xarid qilish va sotish bilan bogʻliq debitor hamda kreditor qarzdorligi, ushbu qarorning 15-bandida nazarda tutilganlaridan tashqari, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga oʻtadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining “Qishloqenergoloyiha” AJ negizida innovatsion texnologiyalar va hozirgi zamon ilm-fani yutuqlarini qoʻllagan holda 0,4 kVdan 500 kVgacha kuchlanishli barcha tipdagi elektr tarmoqlarini loyihalashtiradigan zamonaviy koʻp tarmoqli “Oʻzenergoinjiniring” AJ loyiha tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzenergoinjiniring” AJni zamonaviy texnika va hisoblash vositalari, apparat dasturiy mahsulotlari bilan qoʻshimcha jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining moliyaviy mablagʻlari, shu jumladan, grantlari va qarz mablagʻlari jalb etilishini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Istisno tariqasida, 2021 yil 1 yanvarga qadar:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga – “Oʻzbekenergo” AJ tarkibidan chiqariladigan, shuningdek, uning tuzilmasiga kiritiladigan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlar bilan xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish) yuzasidan;
issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlariga – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilgan texnik topshiriqlarga muvofiq taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni xarid qilishga ularning maksimal qiymati koʻrsatilgan holda tayyorlovchi korxonalar bilan har yili amal qilish muddati bir kalendar yilidan oshmaydigan muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar
va tashqi savdo vazirligi va Jamgʻarmaning “Oʻzbekenergo” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ilgari nazarda tutilgan 318,4 million AQSH dollari miqdoridagi Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni loyihalar qiymatini optimallashtirish hamda ularni 6-ilovaga muvofiq xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan qarz mablagʻlariga almashtirish hisobiga qisqartirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari:
emissiya qilinadigan qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatiga olish va qimmatli qogʻozlar chiqarilishi toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar;
qayta tashkil etiladigan tashkilotlarning topshiriladigan avtotransport vositalarini qaytadan roʻyxatga olishda avtotransport yigʻimlari toʻlashdan ozod qilinsin.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan boshlab:
quvvati 10 MVtdan koʻproq energiya isteʼmol qiladigan sanoat korxonalarini qurish va yer maydonlari ajratish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunga qadar respublika hududlarida joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda faqat Energetika vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
xususiy investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan mustaqil ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyani xarid qilish tanlov asosida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan loyihalar bundan mustasno) hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati koʻrsatilgan holda amalga oshiriladi.
15. Belgilab qoʻyilsinki:
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “Oʻzbekenergo” AJga berilgan kreditlar va qarzlarni “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga, shuningdek, “Oʻzbekkoʻmir” AJga qayta rasmiylashtirish 7 va 8-ilovalarga muvofiq amalga oshiriladi;
“Oʻzbekenergo” AJ va uning “Energosotish” filialining “Oʻzbekenergo” AJ hamda 9 va 10-ilovalarga muvofiq uning tarkibiga kiruvchi jamiyatlar tomonidan jalb etilgan kreditlar boʻyicha kafilliklari belgilangan tartibda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatlariga qayta rasmiylashtirilishi lozim;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari “Oʻzbekenergo”AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlarida, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida, “Oʻzelektrtarmoq” UKda loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda 11-ilovaga muvofiq, qayta tashkil etilgan sanada uning moliyaviy hisobotida aks ettirilgan aktivlari hamda majburiyatlarining huquqiy vorislari hisoblanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlarga muvofiq:
tijorat banklari va Jamgʻarma bilan birgalikda “Oʻzbekenergo” AJ tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit majburiyatlarining yangidan tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga qaytadan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
“Oʻzbekenergo” AJning majburiyatlari boʻyicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga oʻzgartirishlar kiritsin.
17. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar respublikada foydalanilayotgan elektr energetika obyektlari uchun uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – energetika vaziri A.S.Sultonov zimmasiga yuklans
– Elektr energetikasi iqtisodiyotning “motori” boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, umuman hayotni bu sohasiz tasavvur qilib boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizda jami 14 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlib, uning 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Biroq, issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarining 84 foizi qariyb yarim asr avval ishga tushirilgan boʻlib, ular ham 83 foizga ishlamoqda, xolos.
Rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilgʻi sarflansa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar koʻp yoqilgʻi sarflanadi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab 2030 yilga borib 20 ming megavattga yetadi.
Mamlakatimizda elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda 2030-yilga borib uni yanada koʻproq sarflash – tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish deganidir.
– Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilgʻi sarfini qisqartirish boʻyicha mutlaqo yangi yechimlardan biri boʻladi, biroq buning uchun hali 8-10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa vaqtda tizimda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish lozim, – dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda 2030-yilga borib qoʻshimcha talab etiladigan 12,5 ming megavatt quvvatlarni yaratish chorasini koʻrish, jumladan, bugʻ-gaz qurilmalari, atom elektr stansiyasi, gidroelektrstansiyalar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalaridagi energobloklarni yangilash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni elektr energiyasi tizimiga ham joriy qilish orqali zarur boʻladigan quvvatlarni qoplash boʻyicha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga 3,9 ming megavattli bugʻ-gaz va gaz-turbina qurilmalari hamda Angren shahrida va Surxondaryo viloyatida koʻmirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish choralarini koʻrish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yangi obyektlar qurishni jadallashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilab olindi.
Shu munosabat bilan kelgusi yildan elektr energiyasi sotishdan tushadigan mablagʻlarning 15 foizini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va kreditlarni qaytarish uchun yoʻnaltirish lozimligi taʼkidlandi.
Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash vazifasi topshirildi.
– Tizimda amalga oshiriladigan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilishni taqozo qilmoqda. Lekin, na normativ-xuquqiy baza va na texnik infratuzilma bunga tayyor emas. Masalan, xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini energotizimga qabul qilish masalasi hanuzgacha hal etilmagan. Oddiy misol, Turkiyada 60 foiz, Janubiy Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, – dedi Prezidentimiz.
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro ekspertlar xulosalari asosida sohaga xususiy sektorni jalb qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmining huquqiy, institutsional, texnologik asoslari ishlab chiqilishini taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda 30 yildan koʻproq vaqtdan buyon foydalanib kelinayotgan tarmoqlar ulushi 62 foizni tashkil etishi, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punkti yangilanishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
2017-2021 yillarga moʻljallangan dasturga asosan joriy yilda 34 ming kilometrlik elektr uzatish tarmogʻi va 7 ming transformator punktida, 2019-yilda 7 ming kilometr elektr uzatish tarmogʻi va 2 ming transformator modernizatsiya qilinishi lozim.
Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga dasturda belgilangan tadbirlarni barqaror moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash yuzasidan topshiriq berildi.
“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga investitsiya majburiyatlarini bajarishi uchun uni moliyaviy mustahkamlash boʻyicha choralar koʻrish vazifasi yuklatildi. Shu jumladan, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga uning 2019-2021 yillarda Tiklanish va tarraqiyot jamgʻarmasiga asosiy qarzini qaytarish muddatini 3 yilga uzaytirish boʻyicha yengilliklar berish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Yetkazilgan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorliklarni undirish samaradorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar natijadorligini yanada oshirishi kerakligi qayd etildi.
Energiya resurslarining avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini joriy etish paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi.
Masalan, mazkur tizimni Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida joriy etish boʻyicha chet el kompaniyasi bilan imzolangan shartnoma qiymati qayta koʻrib chiqilishi sababli uni amalga oshirish tasdiqlangan reja-jadvaldan 15 oyga kechikmoqda.
“Oʻzbekenergo” AJ, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 1,4 million isteʼmolchini avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlarini jadallashtirishi zarurligi taʼkidlandi.
Boshqa hududlarda 2019-2021 yillarda Osiyo taraqqiyot banki krediti hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish, avtomatik boshqaruv tizimining yagona markazini tashkil etish, kelgusi 3 yilda 5,6 million dona zamonaviy elektr hisoblagich oʻrnatish vazifasi yuklatildi.
Prezidentimiz qoʻshni davlatlar energiya tizimlariga tranzit xizmati koʻrsatish, buning uchun ular bilan muzokaralarni yoʻlga qoʻyish, yurtimizning tranzit va eksport salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi.
Energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar barpo etish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda elektr energetika sohasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etilib, sohani jadal rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |